Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

Qirg‘iziston muftiysi seks mojaro ortidan iste‘foga ketdi


Qirg‘iziston muftiysi Rahmatulla Egamberdiyev
Qirg‘iziston muftiysi Rahmatulla Egamberdiyev
Qirg‘iziston muftiysi Rahmatulla Egamberdiyev 7 yanvar kuni Ulamolar kengashiga lavozimdan ketish bo‘yicha arizasini topshirdi. Bu haqda Ozodlikka shaxsan ma‘lum qilgan Egamberdiyev muftiylikdan ketishiga o‘zi bilan bog‘liq so‘nggi janjallar sabab bo‘lgani, bu videomojaroni o‘ziga qarshi maxsus uyushtirilgan, deb bilishini aytdi.

Rahmatulla Egamberdiyev muftiylikdan ketishiga o‘zi bilan bog‘liq so‘nggi janjallar sabab bo‘lganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, muftiy Egamberdiyevning yosh ayol bilan intim munosabatlari aks etgan video 31 dekabr kuni Internetda paydo bo‘lganidan so‘ng bu Qirg‘iziston jamoatchiligi orasida janjalli munozaralar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Yashirin kamera vositasida olingan videoda muftiy Rahmatulla Egamberdiyevning yosh xotin bilan jinsiy aloqa qilayotgani aks etgani aytiladi.

Mazkur videodagi kishi o‘zi, uning yonidagi ayol esa nikohdagi xotini ekanini ta‘kidlagan Rahmatulla Egamberdiyev bu mojarolar uyushtirilishida Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari aybdor, deb iddao qilmoqda.

- Bu narsani bevosita Din ishlari bo‘yicha komissiyaning mudiri Abdulatif Jumabayev degan bir figura qilayapti, deb bilaman, - degan Rahmatulla Egamberdiyev bu odam uni muftiylik lavozimidan ketkazishdan manfaatdor ekani, Jumabayev muftiylikka tutingan o‘g‘li bo‘lmish Maqsat Qo‘nqabayev ismli kishini olib kelish uchun shu ishga qo‘l urganini iddao qildi.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari Abdulatif Jumabayev esa bu iddaolarni asossiz deb atab, o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblovlarni inkor qildi.

Uning aytishicha, muftiy Rahmatulla Egamberdiyev davlat mulozimlariga birinchi marta ayb qo‘yayotgani yo‘q.

- Buni “paranoyyalniy sindrom” deb qo‘yishadi o‘rischa aytganda. Asosiy masala, u kishi to‘g‘risida Internet tarmog‘iga chiqib ketgan video bilan bog‘liq bo‘layapti. Bu u kishining shaxsiy obro‘-e‘tibori bilan bog‘liq masala. Lekin u odamlarning e‘tiborini boshqa tomonga burib, ko‘zbo‘yamachilik bilan aybni boshqalarga yuklab, “shu yo‘l bilan qutilib ketaman”, deb o‘ylayapti, - dedi Abdulatif Jumabayev.

Ayni paytda muftiylikdan ketgan Rahmatulla Egamberdiyev o‘zining nima uchun iste‘foga chiqqaniga izoh berdi va Qirg‘iziston prezidentiga murojaat qildi.

- Ochig‘ini aytganda, o‘sha ishlar oxiriga yetsin, tekshirilsin, deb ketdim iste‘foga. Men bu borada kuch ishlatar idoralariga murojaat qilganman. Agar davlatimizda chindan ham fuqarolarning haq-huquqlari himoya qilinishi kafolatlangan bo‘lsa, mening haq-huquqlarimni himoya qilib berishsin. Men o‘z sihatimni biroz o‘nglay. Bu ish bo‘yicha haqiqat yuzaga chiqishiga men ishonaman, hurmatli prezident. Shu ishga e‘tibor berib qo‘yishingizni iltimos qilaman, - dedi Rahmatulla Egamberdiyev o‘z murojaatida.

Shu kunning o‘zida Qirg‘iziston muftiyatining Ulamolar kengashi muftiy o‘rinbosari Maqsat To‘qto‘mushevni muftiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlashdi.

Bungacha Bishkek qozisi bo‘lib ishlagan To‘qto‘mushevning Qirg‘izistondagi “Tablig‘i jamoati” lideri ekani aytiladi.

Maqsat To‘qto‘mushev muftiy vazifasini 8 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan musulmonlar qurultoyigacha egallab turadi. Shundan so‘ng qurultoy uni yoki uning o‘rniga boshqa bir odamni rasman muftiy etib saylaydi.
XS
SM
MD
LG