Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:36

O‘zbek mashinasiga o‘rindiq ishlab chiqaradigan korxonaga o‘t tushdi


“GM-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi uchun avtomobil o‘rindiqlari ishlab chiqaradigan Andijon shahridagi “O‘z-Tong Xong Ko” qo‘shma korxonasi omborida 4 yanvardan 5 yanvarga o‘tar kechasi yong‘in ro‘y bergan. Qo‘shma korxonada ishlaydigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, yarim soat ichida bitta ombor va shiypon tagida turgan mahsulotlar kuyib kul bo‘lgan.

Andijon shahridagi “O‘z-Tong Xong Ko” (UZ-TONG HEUNG CO.) qo‘shma korxonasiga o‘t tushgani haqida Ozodlik tinglovchilaridan biri maktub orqali xabar qildi:

“5 yanvar kuni Andijondagi “O‘z-Tong Xong” korxonasi omborlariga o‘t ketdi. Yong‘in kecha soat 22:30 da boshlangan. O‘t o‘chirgani kelgan mashinalar soni 20-30 taga yetgan. Uchta katta ombor, ichidagi matolari bilan yonib kul bo‘ldi. Bu korxona “GM-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi avtomobillari uchun o‘rindiqlar ishlab chiqaradi”, deyiladi maktubda.

Andijon viloyat yong‘inga qarshi kurash boshqarmasi xodimi haqiqatan ham 4 yanvar kuni kechasi soat 22:35 da “O‘z-Tong Xong” korxonasi omborlarida yong‘in sodir bo‘lganini tasdiqladi, biroq tafsilotlarni telefon orqali gapirmasligini aytdi.

Ozodlikning “O‘z-Tong Xong Ko” qo‘shma korxonasida ishlaydigan manbasining aytishicha, yong‘in qoldiq mahsulotlar saqlanadigan shiyponda chiqqan:

- Bu korxonada “Neksiya”, Spark” va “Matiz”ga o‘rindiqlar yasaladi. Shulardan qolgan otxodlar shiypon tagida saqlangan. Yong‘in shu joydan chiqqan deyishyapti. Keyin bu gurillab yonib omborga tutashgan. O‘t o‘chiruvchilar tezda yetib keldi. Sanadim, 28 ta moshina keldi. Temir yo‘lning yong‘in o‘chirish poyezdi ham keldi, - dedi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, yong‘in ikki soat davom etgan:

- O‘zi juda yomon yondida. Bitta ombor tamoman kuyib kul bo‘ldi. Menimcha, juda katta zarar ko‘rildi. Hozir zararni hisob-kitob qilishyapti. Yong‘inning kelib chiqish sabablarini va ko‘rilgan zarar qancha ekanini viloyat ichki ishlar boshqarmasi tergov qilyapti, - dedi manba.

“O‘z-Tong Xong Ko” qo‘shma korxonasidan hozircha biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

“O‘z-Tong Xong Ko” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi 1995 yilda tuzilgan.

Janubiy Koreyaning KM&I Co.Ltd va O‘zbekistonning “O‘zavtosanoat” kompaniyalari qo‘shma korxonaning hammuassislari hisoblanadi.

Korxona bir yilda 250 mingtagacha avtomobil o‘rindiqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan.

Korxonada, shuningdek, stul, elektr ko‘rpa, futbol, basketbol, voleybol va tennis to‘plari ham ishlab chiqariladi.

O‘zbekistonda so‘nggi paytda korxona, bozor va savdo majumalarida yong‘in ko‘p sodir bo‘lmoqda.

O‘tgan yilning 30 avgust kuni Toshkentdagi Qatortol savdo majmuidagi yong‘in oqibatida u yerdagi savdo rastalarining 20 foizi yonib ketgani aytilgan edi.

Bundan bir kun oldin, 29 avgust kuni esa Namangandagi “Turkiston” majmuasiga o‘t ketgan edi.

O‘tgan yilning 4 iyuldan 5 iyulga o‘tar kechasi Marg‘ilon shahrining Ipakchilar mavzesidagi sobiq Ipak kombinati o‘rnida joylashgan "Shirin Nur Biznes" savdo majmuasining oziq-ovqat qismida katta yong‘in sodir bo‘lgan edi.

2013 yilning 23 iyun kuni Farg‘ona shahrining “Aleksandriya” restorani, “Doner” kafesi, mebel va optika do‘konlari joylashgan ikki qavatli bino tomi (jami 160 metr kvadrat joy) butunlay kuyib kul bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG