Линклар

2014 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlarining har bir mijoz nomeri uchun davlatga to‘laydigan to‘lovi 500 so‘mdan 600 so‘mga ko‘tarildi. Ayni paytda¸ aloqa sifati yomonlashayotgan sharoitda har bir mijoz operatorga kuniga 4 sent miqdorida abonent to‘lovi to‘lashda davom etmoqda.

Ushbu maqolada bir mijoz uchun arzimaydigan pulday ko‘ringan ushbu mablag‘ qay tarzda millionlab mijozlardan yigilib, kimlarningdir cho‘ntagiga tushadigan yuzlab million dollarga aylanishini ko‘rishingiz mumkin.

Davlat shirkatdan¸ shirkat mijozdan...


O‘zbekiston prezidenti 2013 yilning 25 dekabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining 2014 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risidagi” qarori asosida mobil aloqa operatorlarining davlatga har bir telefon nomeri uchun to‘laydigan boji 20 foizga oshdi va 600 so‘m qilib belgilandi.

2012 yilda yangi kiritilgan bu boj bundan ikki yil avval har bir nomer uchun 400 so‘m¸ 2013 yilda esa 500 so‘mni tashkil qilgan edi.

22 yashar Baxtiyor asosiy aktsiyalari Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli UCell operatori mijozi. U yanvar oyidan boshlab o‘z telefon raqami uchun¸ undan foydalanish-foydalanmasligidan qat‘iy nazar¸ to‘laydigan to‘lovi oshganidan xabardor:

- Davlat yuridik shaxsga yuklab qo‘ygan. Yuridik shaxslar esa abonentdan oladi uni. Oldin umuman hamma kompaniyalar abonent to‘lovini yo‘qotib yaxshi qilgan edi. Uni davlat o‘zi yangi soliq sifatida yuklab qo‘ygandan keyin kompaniyalar uni mijoz yelkasiga yukladi. Ishlatsangiz¸ ishlatmasangiz to‘laysiz. Har bir abonentga oyiga 600 so‘mdan deb belgilangan. 2012 yilgacha bu narsa bo‘lmagan¸ deydi UCell mijozi.

"Abonent to‘lovi hozircha o‘zgarmadi"


O‘z telefon raqami uchun davlat 20 foizga oshirgan soliqni to‘lash barobarida¸ O‘zbekistondagi asosiy mobil aloqa operatori sifatida bozorda faoliyat yurg‘izayotgan UCell va Beeline shirkati mijozlari kuniga 4 sent miqdorida abonent to‘lovi ham to‘laydi.

Har bir mobil raqam uchun davlat tomonidan belgilangan to‘lovning oshirilishi¸ abonent to‘lovining ham oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga munosabat bildirgan bu ikkala yirik mobil shirkati rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda¸ hozircha abonent to‘lovida o‘zgarish yo‘qligini ta‘kidlashdi:

- Bu xabarda mobil aloqa operatorlari davlatga boj to‘lashi oshirilsin¸ deyapti. Bu yerda “Abonentlar kompaniyaga abonentlik to‘lovini boshqatdan to‘lasin, ya‘ni ko‘tarilgan narxda to‘lasin” deyayotgan joyi yo‘q. Ko‘taradimi¸ ko‘tarmaydimi uni kompaniya hal qiladi. UCell kompaniyasi mijozlarga abonent to‘lovini yangi yildan oshirgani yo‘q. Qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday turibdi¸ dedi aksar aktsiyalari Shvetsiya va Finlyandiyaning TeliaSonera shirkatiga qarashli bo‘lgan UCell shirkatining o‘zini tanishtirishni istamagan menejeri.

Xuddi shunday Beeline rasmiysi ham kunlik miqdori 4 sentmiqdorida bo‘lgan abonent to‘lovlarida hozircha o‘zgarish yo‘qligini ta‘kidladi:

- Bizlarda abonent to‘lovi 4 sentedi, haligacha 4 sent. So‘mda abonent to‘lovi 88 so‘m bo‘ladi. Kunlik 4 sentdan. Abonent to‘lovi tarif teja ishlatasizku, shuning uchun¸ dedi Beeline rasmiysi.

Chuv tushirish arifmetikasi


O‘zbekiston mobil aloqa bozoridagi ikki yirik monopolist ko‘riladigan UCell va Beeline shirkatlari har birida¸ ular rasmiy saytida yozilishicha¸ 10 millionga yaqin mijoz bor. (Jami qariyb 20 million)

O‘zbekistondagi har bir abonentdan xizmat ko‘rsatilmasa ham har oyda 1.5 dollardan haq olinadi.

Mijozlarning davlatga o‘zi foydalanayotgan telefon raqami uchungina to‘laydigan solig‘i oyiga 12 milliard o‘zbek so‘mini yoki taxminan 5 yarim million dollar tashkil etadi.

Ayni paytda¸ har bir mijoz bu ikki operatorga to‘laydigan abonent to‘lovi oyiga taxminan 24 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shunday qilib O‘zbekiston mobil aloqa sohasida oyiga qariyb 30 million dollar hech qanday xizmat ko‘rsatilmasdan abonentlardan undiriladi.

Bu raqam bir yilda 350 million dollardan oshadi.

Aksar mijoz bu pullarning nima maqsadda¸ qaysi xizmatlar uchun olinayotgani haqida ma‘lumotga ega emas.

“Agar bu to‘lovlar xizmat sifatini yaxshilash uchun sarflanayotgan bo‘lsa¸ buni bilgan bo‘lardik. MTS sindirilishidan so‘ng o‘z vaziyati ham qaltis ekanini anglab qolgan UCell va Beeline xizmat sifatini oshirishga deyarli sarmoya qilmay qo‘ydi va aloqa sifati kundan-kunga yomonlashmoqda. Shunday ekan¸ har bir mijoz kuniga to‘layotgan 4 tsentdan bir oyda o‘nlab millionga yetadigan kattagina bu mablag‘ning qayerga yoxud kimga ketayotgani sirligicha qolmoqda”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan iqtisodchi.

Tagi teshik byudjet?


Bu tahlilchiga ko‘ra¸ haqiqiy raqamlari jamoatchilikdan sir tutiladigan O‘zbekiston davlat byudjetida yuzaga kelgani taxmin etilayotgan jiddiy kamomad¸ hukumatni aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat va sotilayotgan tovarlar uchun belgilangan turli boj va soliqlarni oshirishga majbur qilmoqda:

- Oxirgi yillarda byudjet teshigi ko‘rinib qolayapti. O‘sha narsa oxiri odamlar, iste‘molchilarning boshiga tushayotgan yukdir. 1 yanvardan benzinning ham narxi oshdi. Benzinning narxi nimaga oshdi? Chunki 25 so‘mga qo‘shimcha qiymat solig‘ini oshirib qo‘ydi davlat. Hozir qo‘pol qilib gapirganda havodan pul qilish bormoqda. Hech qanday tanlash huquqiga ega bo‘lmayotgan mijozdan oyiga 600 so‘m olib qolsa¸ uncha bilinmaydi, 1000 so‘m olsa bilinmaydi, deb shunaqa bo‘yniga qo‘yishaveradi. Vaholanki, hammasining hajmini aytadigan bo‘lsangiz, katta summalar chiqib ketayapti¸deydi o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi.

Raqobatsiz bozor


Mustaqil kuzatuvchilar O‘zbekistondagi mobil aloqa mijozlari zimmasiga yuklangan turli to‘lovlar oshishini MTS shirkatining 2012 yil yozida sindirilishi bilan bog‘liq¸ deb hisoblaydilar:

- O‘zbekistondan MTS chiqib ketishidan oldin abonent to‘lovi degan narsa mobil operatorlari tomonidan olinmas edi. Chunki raqobat kuchli edi. Ammo MTS yopilib ketgandan keyin ikki yirik mobil operatori monopolist sifatida qolgani uchun ularga katta hajmdagi MTSning abonentlari o‘tib ketdi. Ularga nisbatan raqobat¸ O‘zbekistonda boshqa mobil operatori bo‘lmaganligi sababli¸ mijoz umuman alternativ variant bo‘lmagani uchun¸ “shu yoki hech narsa” degan aqidaga mos mijoz shulardan birini tanlashga majbur bo‘ldi. Shuning uchun 600 so‘mdan qo‘yadimi, 1000 so‘mdan qo‘yadimi yoki 2000 so‘mdan qo‘yadimi¸ umuman hech qanaqa tanlash huquqiga ega emas mijoz¸ deydi o‘z ismi aytilishini istamagan o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi.
XS
SM
MD
LG