Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:11

Isroil fuqarosi Gulnora Karimova ustidan Shveysariya prokuroriga arz qildi


Taniqli rassom Lev Reznikovning Isroilda yashayotgan o‘g‘li Igor Reznikov otasi chizgan “Anor” kartinasi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan chiqqanidan xabar topgach, Shveysariya prokuraturasiga arz qildi. 2013 yilning 26 dekabr sanasi bilan Isroildan jo‘natilgan ariza Shveytsariya prokuraturasi tarafidan inobatga olingani 7 yanvar kuni ma‘lum bo‘ldi.

O‘z arizasida Igor Reznikov O‘zbekiston Davlat muzeyi fondida saqalanishi zarur bo‘lgan va mamlakat hududini faqat O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilangina tark etishi mumkin bo‘lgan “Anor” rangtasvir asarining qanday qilib Jenevadagi villaga borib qolganini aniqlashni talab qildi.

- Muzeyga oid asarning qay tarzda Gulnora Karimovaning villasiga borib qolganini aniqlashni so‘rayman. Men bu asarning muzeyga qaytarilishini talab qilaman, - deydi Reznikov.

Igor Reznikov Shveysariya prokuraturasiga yozgan arizasida O‘zbekiston davlat muzeyi eksponati bo‘lgan “Anor” rasmining o‘g‘rincha Jenevaga keltirilganini gumon qilayotganini aytgan.

Shu bilan birga arizago‘y "Anor" rasmining tashlandiq villada qarovsiz yotib, puturdan ketayotganidan tashvish ham bildirgan.

Markaziy Osiyoda Inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayevaning ma‘lum qilishicha, Shveytsariya prokuraturasi rassomning o‘g‘li yo‘llagan arizani qabul qilib olgan.

Hozir Isroilda yashayotgan Igor Reznikov aynan Markaziy Osiyoda Inson huquqlari tashkiloti huquqiy ko‘magida o‘z otasiga oid rangtasvir asarning muzeyga qaytarilishiga erishmoqchi.

Frantsiyada joylashgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayevaning iddaosicha ham Lev Reznikovning “Anor” kartinasi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyiga O‘zbekiston va xalqaro qonunlarga zid tarzda keltirilgan.

Shveysariya prokuraturasiga ariza bergan Igor Reznikov Ozodlik bilan suhbatda muzeyning ko‘chmas eksponati hisoblangan “Anor” kartinasini saqlay olmagan O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyini ham sudga berish niyatida ekanini aytdi.

- Otam 1990 yilda “Anor” kartinasini O‘zbekiston Davlat muzeyi sotib olganini faxrlanib gapirib yurar edi. Bu rasmning Jenevadagi uyda tashlandiq ahvolda yotganini bilgach, juda hafa bo‘ldim. Otamga oid mualliflik huquqlarining merosxo‘ri sifatida bu masalaning qonuniy tarafini taftish qildirish va imkoni bo‘lsa, rasmni bu ahvolga solganlarni javobgarlikka tortishga ershish niyatidaman. Davlat muzeyi bu rasm uchun mac‘uldir. Agar ularga rasm kerak bo‘lmasa, menga qaytarib berishsin, bo‘lmasa sudga beraman, - dedi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Igor Reznikov.

O‘zbekiston Prezidenti to‘ng‘ich qiziga tegishli ko‘riladigan Shveysariyadagi villani qonunga zid tarzda ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san‘ati durdonasi borligini ma‘lum qilgan edi.

Faol bu asarlar qatorida marhum rassom Lev Reznikov mo‘yqalamiga oid “Anor” asari fotosuratini ham Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasiga qo‘ygan.

Safar Bekjon "Anor" asari bilan
Safar Bekjon "Anor" asari bilan
Otasi Lev Reznikovning “Anor” kartinasini Facebookda ko‘rgan va bu hamda boshqa rasmlar haqidagi maqolani Ozodlik sahifasida o‘qigan Igor Reznikov Safar Bekjon bilan bog‘lanib, tafsilotlarni o‘rganganini aytadi.

Safar Bekjon bu asarga qay tarzda duch kelganini Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan turib Ozodlikka aytib bergan:

- Uydagi katta zalda bo‘yi bir metr, eni bir metrlik yorqin bir asar osig‘lik turganiga ko‘zim tushdi. Asarda tars yorilgan anor aks etgan. Favqulodda yorqin va ta‘sirli ranglarda chizilgan. Bu rasmning kuchli ta‘sir energetikasi borligini shundoq his qildim. Rasmning orqasida "Natyurmort "Granat” xm 1X90 1990...", degan yozuvlar bor, - degan edi Safar Bekjon.

Asar orqasidagi yozuvlar
Asar orqasidagi yozuvlar
San‘atshunos Boris Chuxovichning aytishicha¸ Davlat muzeyi mulki bo‘lgan har qanday asarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi, qoidaga binoan, muzey muhofizlari ishtirokida, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining maxsus buyrug‘i va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilishi lozim.

Ayni paytda O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidagi Ozodlik manbasi muzey bosh muhofizi Mirfayz Usmonovdan olingan ma‘lumotlarga tayanib, 1990 yilda yaratilgan va Igor Reznikov muallifi bo‘lgan “Anor” asari muzey mulki sifatida qayd etilganini tasdiqladi.

Muzeyning "KP" (Kniga postupleniy) daftarida qayd etilgan “Anor” kartinasi muzey zahirasini tark etgan-etmaganini Ozodlik manbasi aniqlay olmadi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘z tvitlarida bu mojaroga munosabat bildirib¸ Lev Reznikovning “Anor” kartinasi shu mavzuda "Muallif qaytarig‘i (avtorskiy povtoreniye) bo‘lishi ham mumkinku?!" mazmunida luqma tashlagan edi.

Jenevadagi kartina muallifining o‘g‘li Igor Reznikov Ozodlik bilan suhbatda Gulnora Karimovaning bu ehtimolini rad qildi.

Igor Reznikovning bildirishicha, otasi bu mavzuda faqat ikkita asar chizgan va ulardan biri Isroilda, yana biri esa O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi fondiga sotilgan.

Rassomning o‘g‘li o‘zi bilan Isroilga olib ketgan “Anor” rasmi fotosuratini ham Ozodlikka jo‘natdi.

Hozirda Isroilda istiqomat qilayotgan Igor Reznikov Jenevadagi uyda tashlandiq holatda qolayotgan va muzeyga tegishli ekani aytilayotgan “Anor” va boshqa asarlar zudlik bilan qonuniy egalariga qaytarilishi kerak, deb hisoblaydi.

Frantsiyada joylashgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva muzeyga oid bu rasmlarni qaytarish jarayoni shaffofligini kuzatish uchun kuchli jamoatchilik nazorati zarurligini aytdi.

Ilya Reznikov portreti
Ilya Reznikov portreti
Asari Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan chiqqan rassom Lev Reznikov 1929 yili Minskda tug‘ilgan.

1938 yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan.

1948 yildan boshlab rassom Reznikov O‘zbekistondagi ko‘rgazmalarning faol ishtirokchisi sifatida rangtasvir bilan shug‘ullangan.

2004 yilda Toshkentda dafn qilingan bu rassomning asarlari Moskvadagi Tret yakov galereyasi va Sharq xalqlari san‘ati muzeyi kollektsiyasidan o‘rin olgan.
XS
SM
MD
LG