Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:22

Qirg‘izistonda “surrogat ona”lar ko‘paymoqda


Rivojlangan davlatlarda farzand ko‘rmagan oilalar “surrogat ona” xizmatidan foydalanib keladi. Bu xizmat Qirg‘izistonda ham qonunan taqiqlanmagan. Shuning uchun ham keyingi paytlarda Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarining e‘lonlar bo‘limida “surrogat ona xizmatini taklif qilaman” yoki “farzandsizlarga bola tug‘ib beraman” qabilidagi e‘lonlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Gazetalarda “surrogat ona” qidirayotganlarning e‘lonlariga ham ko‘zingiz tushishi mumkin.

Bishkekdagi Asimbekova klinikasida har yili mana shunday e‘lonlarni bergan o‘nga yaqin ayol sun‘iy yo‘l bilan homilador qilinar ekan.

-Qirg‘izistonliklar “surrogat ona”larni asosan Olmaotadagi klinikalarda sun‘iy urug‘lantirib keladilar. Boshqa davlatlardagi klinikalar xizmatidan ham juda ko‘p foydalanadilar. Bu ishni biz ham amalga oshiramiz. Buning juda ko‘p protseduralari bor, qonunchilikka amal qilgan holda bu ishni qilamiz. Har yili o‘nga yaqin ayolni sun‘iy yo‘l bilan homilador qilamiz. Bu jarayon arzon bo‘lmagani uchun ham, “surrogat ona” xizmatidan qo‘lida borlargina foydalana oladi. “Surrogat ona”ni buyurtmachining o‘zi topishi shart. Uni sun‘iy yo‘l bilan homilador qilish xizmatiga esa 2,5 ming dollardan 4 ming dollargacha xizmat haqi to‘lanadi, -dedi klinika rahbari Gulnara Asimbekova.

Buyurtmachilar “surrogat ona”ga farzand tug‘ib bergani uchun 10 ming dollargacha haq to‘lar ekan. Bundan tashqari “surrogat ona”ning yeyish –ichishi, da‘volanishi, kerakli tibbiy muolajalarning olishiga ketadigan harajatlarni ham buyurtmachi to‘lar ekan. Bishkekda “surrogat ona” xizmatidan foydalanish niyatida bo‘lganlardan biri bu haqda mana bularni aytdi:

-20-35 yoshlardagi ayolni qidirayapmiz. Bungacha farzand ko‘rgan ayollarga ko‘proq ishonch bildiramiz. Avval uni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazamiz va barcha harajatlarini o‘zimiz to‘laymiz. Agar bu ayol bizning talablarimiz darajasida bo‘lsa unga 4-5 ming dollar to‘lashga tayyormiz,-dedi “surrogat ona” izlayotganlardan biri Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga.

Mutaxasislar fikricha, “surrogat ona” xizmatining Qirg‘izistonda rivojlanayotganiga erkaklar va ayollar orasida bepushtlik kasalligining ko‘payib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Qirg‘iziston Salomatlikni saqlash vazirligi ma‘lumotlariga qaraganda, o‘tgan yili tibbiy tekshiruvdan o‘tgan har ming ayolning 25 tasida bepushtlik kasali aniqlangan.

“Surrogat ona” xizmatining rivojlanib borishi ortidan Qirg‘iziston qonunchiligiga ham o‘zgartishlar kiritish ehtiyoji paydo bo‘lmoqda. Chunki “surrogat ona”lar tuqqan bolalarini buyurtmachilarga berishdan bosh tortgani hotlatlari ham bo‘lgan ekan. Mana shunday holatlarni inobatga olgan holda Qirg‘iziston Salomatlikni saqlash vazirligi parlamentga “Reproduktiv huquq” qonuniga bir qator o‘zgartishlar kiritishni taklif qilayotir.

-Har qanday ziddiyatlarning oldini olish maqsadida har ikki taraf o‘rtasida shartnoma tuzilishi shart degan moddani kiritishni taklif qildik. Bundan tashqari, qonunda 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar “surrogat ona” xizmatini ko‘rsata olishi aytilgan. Biz yosh ko‘rsatkichini 40 yoshgacha deb belgilamoqchimiz. Bundan tashqari “surrogat ona” tuqqan bola nogiron tug‘ilib qolsa yoki sog‘lig‘i yomon bo‘lsa unda bolaning taqdiri qanday bo‘ladi degan savolga ham mana shu qonunda aniq javob yozmoqchimiz. –dedi Qirg‘iziston salomatlikni saqlash vazirligi bosh mutaxasisi Aygul Boobekova.

Qirg‘izistonda hozirgi kungacha “surrogat ona” xizmatini qancha odam ko‘rsatgani va bu xizmatdan qancha odam foydalangani ma‘lum emas. Bu borada yagona ma‘lumot bazasi tuzilgan emas. Bundan tashqari “surrogat ona” xizmati bo‘yicha barcha ma‘lumotlar sir saqlanishi qonunchilikda qayd etilgan.
XS
SM
MD
LG