Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:37

15 yanvarda O‘sh shahri meri saylovi bo‘ladi


O‘sh shahar kengashi
O‘sh shahar kengashi
8 yanvar kuni Qirg‘izistonning janubiy poytaxti meri lavozimiga nomzodlar davlat tilidan imtihon topshirdi. Imtihon komissiyasi nomzodlarni qirg‘iz tilini biladi, degan xulosa chiqardi.

Shu kuni merlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish muddati ham yakuniga yetdi.

O‘sh shahri hokimi lavozimini egallash uchun ikki nomzod: Aytmamat Qadirbayev hamda Melis Mirzaqmatovlar "ot solmoqda".

Lavozimidan quvilgan eks-Prezident Qurmanbek Bakiyev davrida O‘sh meri etib tayinlangan Melis Mirzaqmatov 2010 yil, iyun voqealaridan so‘ng tanildi.

O‘shliklarning bir qismi uni “millat himoyachisi”, deb atasa, boshqa qismi “ashaddiy millatchi” sifatida taniydi va shuning uchun ham uning saylanish-saylanmasligiga O‘shda befarq odam yo‘q hisobi.

O‘sh shahri merini 45 deputatdan iborat shahar kengashi saylaydi.

Bir nechagina hafta oldin ham Melis Mirzaqmatovning saylovda g‘olib chiqishiga O‘shda birov shubha qilmayotgan edi.

Chunki shahar kengashidagi kuchlar nisbati aynan shu nomzod foydasiga edi: kengashdagi yetakchi koalitsiyani Mirzaqmatovniki ekanligi aytiladigan “Uluttar birimdigi” (“Millatlar birligi”) partiyasi tuzgan va 45 ovozdan 23 tasi shu koalitsiyaniki edi.

Biroq 25 dekabr kuni Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasi (KSDP), “Respublika”, “Ata Meken”, “Adilettүү Kirgizstan” va "Zamandash-Sovremennik” partiyalari o‘zaro birlashib, ko‘pchilik koalitsiyasini tuzganini e‘lon qildi va vaziyat o‘zgardi: 45 ovozning 23 tasi yangi yetakchi koalitsiyaniki bo‘lib qoldi.

Yangi koalitsiya shahar merligiga Aytmamat Qadirbayevning nomzodini ko‘rsatdi.
Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, nomzodlar bir-biridan keskin farqlanmaydi.

“Ayko‘l el” partiyasi lideri Edil Baysalov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga kuni kecha bunday degan edi:

- Aytmamat Qadirbayev bilan Melis Mirzaqmatov bir xil yo‘lni bosib o‘tgan. Balki Mirzaqmatovning yo‘li uzunroqdir. Ikkalasi ham Qorasuv bozoridan chiqqan. Biri xo‘jayin, ikkinchisi bozorqo‘m bo‘lgan ekan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, 48 yoshdagi Aytmamat Qadirbayev so‘nggi yillarda 2010 yil, iyunь voqealaridan keyin tuzilgan O‘sh va Jalolobod shaharlarini qayta tiklash direktsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, faoliyati o‘tgan yili tugatilgan direktsiyani Qirg‘iziston bosh vaziri Jantoro Satibaldiyev boshqargan.

15 yanvar kuni Bishkek shahri meri lavozimiga ham saylov bo‘lib o‘tadi.

Poytaxtda ham hokimni Xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari saylaydi.

Ushbu xabar yozilayotgan soatlarda Bishkek shahri meri lavozimiga birgina nomzod - Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Qubanichbek Qulmatov qayd etilgan, nomzodlarni ro‘yxatga olish muddati 8 yanvarь, soat 18.00 da tugashi kerak edi.
XS
SM
MD
LG