Линклар

logo-print
Namanganda 10 ga yaqin o‘qituvchiga qalbaki hujjat uchun jinoiy ish ochildi. O‘zbekistonda bir yilda ikki marta uy sotgan endi soliq to‘laydi. Ovchilar kamyob qushlarga qiron keltirmoqda. Joriy hafta matbuot kabi voqealar haqida yozdi.

“O‘zbekistonda bir yilda ikki marta uy sotgan endi soliq to‘laydi”


2014 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda bir yilda shaxsiy uy-joyini bir martadan ortiq sotish tadbirkorlikka tenglashtiriladi va bundan olingan daromad soliqqa tortiladi (“Oila davrasida”, 9 yanvar).

Bu haqda 2013 yil 25 dekabrda qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Yangi tartibga ko‘ra, tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlarni yashirganlarga tushumlarning 20 foizi miqdorida jarima solinishga sabab bo‘ladi.

“Deputat reproduktiv salomatlik bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etishga chaqirdi”


O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Komil Ochilov joylarda bolalar va o‘smirlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha kamchiliklarga e‘tibor qaratdi (“O‘zbekiston ovozi”, 8 yanvar).

Deputatga ko‘ra, joylarda bolalar va o‘smirlarning ginekologik kasallanishi bo‘yicha umumiy yo‘riqnoma va hujjatlar, shuningdek, kasallanish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar mavjud emas. Bunday kamchiliklarni bartaraf etish uchun sog‘liqni saqlash tashkilotlari mas‘uliyatni kuchaytirishi, bolalar va o‘smirlarning ginekologik va boshqa kasallanish ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini yaratishi lozim. Shuningdek, davolash muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash zarur.

“Qashqadaryolik folbin ikkinchi xotini hayotiga zomin bo‘ldi”


Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chappaariq qishlog‘ilik folbin xufyona uylangan ikkinchi xotini joniga qasd qildi (“Huquq”, 9 yanvar).

Qotil folbinning ismi oshkor etilmagan. Chiroqchi tuman prokurori Odil Poyonovning yozishicha, yetti nafar farzandning otasi bo‘lgan folbin oldiga “eskicha” o‘qitish uchun kelgan boshi ochiq juvon bilan imi-jimida oila qurgan.

Aytilishicha, mullalik da‘vosidagi folbin hech bir guvohsiz o‘z-o‘ziga nikoh o‘qigan. Muayyan vaqt xufya nikohga qanoat qilib kelgan ikkinchi xotin folbin eridan uy olib berishini, munosabatlarini odamlarga ma‘lum qilishni talab etgan.

Bundan g‘azablangan folbin er ikkinchi xotinini G‘uzor tumani Pachkamar qishlog‘idagi xilvat joyga olib borib, bo‘g‘ib o‘ldirgan va jasadni soyga tashlab yuborgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi qotil folbinni 15 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

“Toshkent aeroportida yo‘lovchilarga haqoratli munosabatda bo‘lishmoqda”


Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarni soatlab kuttirish va sarson qilish holati davom etmoqda (“Noviy vek”, 9 yanvar).

Yo‘lovchi Halima Ashurovaning yozishicha, Tailanddan Toshkentga uchib kelgach, aeroportda yuklarni olish va bojxona nazoratidan o‘tish uchun go‘dagi bilan 3 soatdan oshiq sarson bo‘lgan.

Yo‘lovchiga ko‘ra, mazkur noqulayliklarni xavfsizlik degan sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Bir paytning o‘zida bir necha samolyot kelgan paytda yuzaga kelayotgan turnaqator tirbandlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha nazorat-tekshiruv moslamalari o‘rnatish, shuningdek, xodimlarning muomala madaniyatini oshirish lozim.

“Toshkent xalqaro aeroportidagi kabi noinsoniy munosabat va xo‘rlikni dunyoning biror bir davlatida ko‘rmagandim. Ro‘y berayotgan voqealardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan xorijlik sayyohlar haqida esa gapirmasam ham bo‘ladi!” deb yozadi H.Ashurova.

“Namanganda 10 ga yaqin o‘qituvchiga qalbaki hujjat uchun jinoiy ish ochildi”


Namangan viloyati Chortoq tumanidagi maktablarda ishlayotgan 7 nafar o‘qituvchiga hujjatlarni Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra qalbakilashtirish aybi bilan ish qo‘zg‘atildi (“Diyonat”, 9 yanvar).

Ma‘lum bo‘lishicha, xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlari bergan diplomlar nostrifikatsiyalanganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi nomidan qalbaki guvohnomalar tayyorlangan. O‘qituvchilar qalbaki guvohnomalarni Toshkent va O‘sh shahridan sotib olganlarini ma‘lum qilganlar.

Gazetada qalbaki guvohnoma tufayli ish ochilgan yetti nafar o‘qituvchining ism-sharifi to‘liq keltirilgan.

“Ovchilar kamyob qushlarga qiron keltirmoqda”


O‘zbekistondagi bir qator noyob qushlar muhofazaga muhtoj. Bunga esa qonunga xilof ravishda ov qilish, daraxtlarni kesish sabab bo‘lmoqda (“Hurriyat”, 8 yanvar).

Masalan, zarg‘aldoq bulbul, yopiq uya soluvchi chittak, qizilishton, jannat qushi, vahmaqush kabi qushlarning miqdori sezilarli kamaygan. Bundan tashqari, kaklik, bedana, ko‘kqarg‘alarga ham ovchilar qiron keltirmoqda.

“Respublikamizda ko‘pgina mayda hayvonlar qatorida parrandalar ham kimyoviy moddalarning me‘yordan ortiqcha ishlatilishi natijasida kamayib ketayotgani sir emas. Ayniqsa, qo‘riq va bo‘z yerlarning betartib o‘zlashtirilishi oqibatida bir qancha hayvonlarning yashash sharoiti o‘zgardi” deb yozadi gazeta.

“Fuqarolar qish kunlari avj oladigan tumovdan ogohlantirildi”


Qishning sovuq kunlarida tumov xastaligi keng tarqaladi. Shu munosabat bilan dorishunos olim Manna Nabiyev fuqarolarni tumovni yengil kasallik deb e‘tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirdi (“Toshkent oqshomi”, 8 yanvar).

Xalq orasida yuqori nafas yo‘llarining shamollashi, angina, laringit, faringit, bronxit, zotiljam, gripp kabi xastaliklar umumiy tarzda tumov deb ataladi.
Shu bois ham tumovni yengil kasallik deb bo‘lmaydi.

“Tumov, gripp va umuman, shamollash bilan bog‘liq xastaliklarga ilashmaslik uchun kishi o‘zini chiniqtirib yurishi, namgarchilik va ayozli kunlarda oyoq hamda boshni issiq tutishiga to‘g‘ri keladi. Badantarbiya bilan shug‘ullanib, hammom qabul qilish ko‘p jihatdan tumovga nisbatan raddiyalovchi omil bo‘lib xizmat qiladi” deydi mutaxassis.

“Toshkentlik opa surxondaryolik singlisiga kvartira sovg‘a qilolmaydi”


Toshkentlik opa doimiy propiskasi Surxondaryo viloyatida bo‘lgan singlisiga o‘z kvartirasini sovg‘a qilolmaydi (“Adolat ko‘zgusi”, 9 yanvar).

Fuqaroning shu mazmundagi savoliga javob bergan huquqshunos I.Alimovga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan uy, kvartira bo‘yicha oldi-cotdi, ayirboshlash, renta, umrbod ta‘minlash sharti bilan o‘zgaga berish va hadya shartnomalari oluvchi tomon Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lgan holatlardagina amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi 2012 yil 16 fevralda tasdiqlagan 41-sonli nizom ana shuni nazarda tutadi.
XS
SM
MD
LG