Линклар

logo-print
Pravoslav Rojdestvosi arafasida Moskvaning Qizil maydonida joylashgan Qozon cherkovi tomiga chiqib azon aytgan gvineyalik 39 yashar Mamadu Hassimau Barriga vrachlar shizofreniya diagnozi qo‘yishdi. Ruhiy xastaga chiqarilgan shaxsning bu qilig‘i rus millatchilari tomonidan "musulmonlar fitnasi" deb baholanmoqda.

6 yanvar kuni soat 15 lar atrofida Moskvaning qoq markazida joylashgan Qozon cherkovi ustiga chiqib olgan shaxsning azon aytib¸ namozga chaqirishi Rossiya jamoatchiligi va blogosferasini junbushga keltirdi.

Internetda paydo bo‘lgan videorolikda cherkov tomiga chiqib olgan qora tanli shaxs azon chaqirib, Qizil maydonda sayr qilib yurganlar e‘tiborini o‘ziga tortadi.

Videotasvirda bu g‘ayrioddiy voqea guvohlarining “Nega uni tomdan tushirishmayapti?”, “Xuligan, tush tepadan!” degan baqiriqlari eshitiladi. Ulardan birining “Nima qilayapsan?” degan savoliga tomdagi shaxs “takbir” aytayotganini bildiradi. Uning rus tilida qiynalib aytgan qolgan gaplari cherkov minorasidan yangragan qo‘ng‘iroq jaranglarida yo‘q bo‘ladi.

Ko‘p o‘tmay to‘plangan olomon qarsaklari ostida politsiya xodimlari tartibbuzarni cherkov tomidan pastga tushirib, shaxsini aniqlash uchun bo‘limga olib ketishadi. Hodisa joyiga chaqirtirilgan politsiyachi va kinologlar 17-asrda qurilgan Qozon ibodatxonasini ehtimoliy shartdan ko‘zdan kechirib, u yerda biror shubhali predmet aniqlanmaganini e‘lon qildi.

Jurnalistlar politsiyachilar tomonidan olib ketilgan shaxsning 1974 yilda Gvineyada tug‘ilgan Mamadu Hassimau Barri ekani, 2010 yilda Rossiyada qochqinlik maqomini olgan bu yigitning moskvalik Yekaterina Barri ismli ayolga uylanganini aniqlashdi.

Mamadu Hassimauning rafiqasi Yekaterina Barri erining bu aktsiyasini oxirgi paytlarda ishi yurishmayotgani sababli og‘ir ruhiy tushkunlikka tushib qolgani bilan izohladi:

- U Rossiyaga 2009 yilda kelgan. Hozirgi kunga qadar bizga hujjat berishmayapti. Aslida u juda yaxshi odam. U musulmon bo‘lishiga qaramasdan barcha pravoslav bayramlarda men bilan hatto cherkovga borib turardi. Mening dinimga juda hurmat bilan qarardi, dedi Yekaterina Barri LifeNews internet nashriga.

Moskva shahar 4-psixiatriya shifoxonasi mutaxassislari Mamadu Hassimauga shizofreniyaning og‘ir formasi tashxisini qo‘yishdi.

Ayni paytda, Rossiya ommaviy axborot vositalarida “Qizil maydondagi cherkov ustida “Ollohu Akbar!”, deb qichqirgan” shaxsning videosi qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi. Bu voqeaning pravoslav nasroniylar keng nishonlaydigan Rojdestvo bayrami arafasida sodir bo‘lgani millatchi nashrlarning uni “musulmonlarning diniy provokatsiyasi” deya baholashiga asos bo‘ldi.

“Komsomolьskaya pravda” nashri muxbiri Aleksandr Boyko “mamlakatimiz asosiy maydonida Yangi Yil lezginkalari yangrashi ortidan kelib chiqqan shov-shuv tinmasdan, olamning eng tinchliksevar dini vakillari qizg‘in konfessiyalararo "do‘stlik alangasi"ga yangittan o‘tin qaladi”, deb yozdi. Bu muxbir “nima uchun ayrimlar cherkov minbaridagi raqslari uchun 2 yilga qamalsa, boshqalar ibodatxonani harom qilgani uchun ozodlikka chiqarib yuborilayapti?” savolini ko‘tarib, bunday vaziyatlarda “xristianlarga xos kechirimlilikni” yig‘ishtirib qo‘yishni taklif etdi.

“Qizil maydondagi azon” Rossiya musulmon jamoatchiligi tomonidan ham qoralandi. Rossiya Muftiylar Kengashi vakili Rushan Abbyasov bu haqda rasmiy munosabat bildirar ekan, noma‘lum kimsa aktsiyasi “xavfli provokatsiya” sifatida baholanishi kerakligini aytdi.

Bundan bir necha kun oldin 2014 yil kirib kelishini nishonlashga yig‘ilgan markaziy osiyolik va kavkazliklarning Kremlь devorlari tagida raqsga tushayotgani tasvirlangan video ham bir necha kun ichida millionlab marotaba tomosha qilindi va qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan rolikka aylandi.



Rus blogosferasi noroziligini nafaqat Qizil maydondagi “lezginka”, balki raqsga tushayotganlar atrofida bir necha bor “Ollohu Akbar!” degan ovozlar yangragani ham keltirib chiqardi. Shu bilan birga, sharhlarda bu raqsning “lezginka” emas, “Xorazm lazgisi” ekanini tushuntirishga urinishlarni ham kuzatish mumkin.

Ayni paytda, “kavkazlik va osiyoliklarning” Qizil maydonda “lezginka”ga raqsga tushishi rus millatchilarini harakatga keltirganiga javoban, bir guruh jamoatchilik faollari Qizil maydonda Kavkaz milliy raqsini ijro etdi.

Ushbu aktsiyada qatnashgan rus qizlari “lezginka”ni qo‘llab-quvvatlashi va "bu shunchaki raqs ekani", "unga milliy tus berilmasligi kerak"ligini yoqlab chiqdi.

- Mamlakatimizning ayrim fuqarolari ular bilan yonma-yon boshqa tilda so‘zlashuvchi millat vakillari yashayotganini unutib qo‘yganidan nafratlanaman! Shunchaki ularning raqslari biroz tezroq. Men, shuningdek, odamlar “o‘zimizniki va boshqalarniki”ga ajratilishiga qarshiman, dedi “Ruslar lezginkaga tarafdor!” aktsiyasi ishtirokchisi Marina Leksina.

XS
SM
MD
LG