Линклар

Yangi - 2014 yil Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlariga yangi tashvishlar olib keldi.

Chet el fuqarolarining Rossiya hududida turishiga oid yangi tartib o‘n minglab, balki yuz minglab mehnat muhojirini, jumladan o‘zbekistonliklarni Rossiyadan bu mamlakatga bir necha yil davomida qaytib kirolmaydigan qilib chiqarib yuborishga asos bo‘ladi.

Ayni paytda Rossiya hukumati mehnat muhojirlarining Rossiyada bo‘lishini yanada cheklovchi yangi choralarni rejalashtirmoqda.


180 ning ichidagi 90


2014 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi tartibga binoan Rossiya bilan viza tartibi joriy etilmagan davlatlar fuqarolari, xususan O‘zbekiston fuqarolari Rossiya hududida 180 kun davomida 90 kungina bo‘lishi mumkin.

Masalan, O‘zbekiston fuqarosi 1 yanvar kuni Rossiyaga kirib keldi, deylik. U 1 yanvardan tortib 90 kun Rossiyada bo‘lishi mumkin va kechi bilan 90- kuni mamlakatdan chiqib ketishi kerak. Keyin u Rossiyaga 3 oydan so‘nggina qaytib borishi mumkin.

"Boqibeg‘amlar"


Moskvada ishlab yurgan o‘zbekistonlik 24 yashar Feruzning bu tartibdan xabari yo‘q.

- Bu tartib to‘g‘risida shaxsan men eshitganim yo‘q. Sheriklarimning ham xabari yo‘q, dedi Feruz.

"Paytavaga qurt tushdi"


Ayni paytda boshqa ko‘plab o‘zbekistonliklar Yangi yil kirishi bilanoq Rossiyadan chiqarib yuborilmaslikning chorasini izlay boshlagan ko‘rinadi.

“Noviy region” nashrining 8 yanvar kungi xabariga qaraganda, shu kunlarda Rossiya-Ukraina chegarasidagi o‘tkazish-nazorat punktlarida markaziy osiyolik- lar, shu jumladan o‘zbekistonliklar ko‘payib ketgan.

“Chegaradan o‘tayotganlarning 90 foizi osiyoliklardir, deb xabar qildi nashr, ular chegaradan o‘tgach, neytral zonaga yetiboq ortga – Rossiyaga qaytmoqda - 90 kunlik muddatni “yangilab” olmoqchilar”.

Bu tartib mutlaqo hammaga taalluqlimi? Agar mehnat muhojirining patenti yoki mehnat shartnomasi bo‘lsachi?

O‘zbekistonliklarning Rossiyadagi “Vatandosh” jamiyati rahbari Usmonali Baratovning aytishicha, patenti yoki mehnat shartnomasi borlar 90 kunlik muddatni uzaytirish huquqiga ega.

- Agar patent haqini vaqtida to‘lab tursa, bir yilgacha yurishi mumkin, dedi faol.

Rossiya Federal migratsiya xizmati Kaliningrad boshqarmasi mas‘ul xodimi Ozodlik savollariga javob berar ekan, "agar shaxs patent olgan yoki ishga ruxsatnoma olgan bo‘lsa, uning Rossiyada turish muddati uzaytiriladi", dedi.

Qonunning "aytgani"


Bu me‘yor “Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonunning 5- moddasi, 5-bandida aks etgan. 2002 yilning 25 iyulida qabul qilingan mazkur qonunning yangi tahriri 2014 yilning 10 yanvarida kuchga kiradi.

Kutilayotgan yangi cheklovlar


Ayni paytda axborot agentliklari Rossiya hukumati migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralar ustida ishlayotgani to‘g‘risida xabar qildi.

Rossiya hukumati matbuot xizmatining 9 yanvar kungi xabariga qaraganda, Bosh vazir Medvedev Federal migratsiya xizmatiga 30 iyungacha Rossiya Federatsiyasi hududida turish qoidalarini buzgan chet elliklarni mamlakatga 3 yildan 10 yilgacha kiritmaslik to‘g‘risida taklif kiritish topshirig‘ini bergan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG