Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:05

Rossiyada Qur‘on nusxasi yoqqan futbol fanatlari qidirilmoqda


Moskva politsiyasi bir necha yosh yigit Qur‘onni yoqqani aks etgan video bo‘yicha tergov boshladi. Youtube tarmog‘iga 5 yanvar kuni joylangan videoda rus tilida so‘zlashayotgan bir necha yigitning Qur‘on sahifalarini yoqqani va so‘nggida jamoat transportidagi yosh musulmon muhojir yigitni kaltaklab, dinidan qaytishga majburlagani aks etgan.

Payshanba kuni shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Anatoliy Yakunin bu videoni yozib olgan va uni Internetga joylashtirgan kimsalar shaxsini aniqlash uchun tezkor guruh tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Bir daqiqadan oshiqroq davom etgan videoda rus tilida so‘zlashayotgan, qo‘llari tatuirovkalar bilan to‘lib-toshgan yigitlar nim qorong‘u pana joyda rus tilidagi Qur‘on kitobi sahifalarini yoqayotgani aks etadi.

So‘kinch so‘zlar bilan to‘lib-toshgan muloqotdan yigitlarning jamoat joyida ekani va atrofdagidalar diqqatidan qochishga uringani seziladi.

Qur‘on nomini muttasil ravishda "Kayran" deb takrorlaganidan musulmonlar uchun muqaddam bo‘lgan kitob haqida tasavvuri nechog‘li ekani ko‘rinib turgan yigitlardan biri sahifalar yoqilganini aniqroq ko‘rsatishga urinadi.

So‘ngra esa tasmada jamoat transportida ekani ko‘rinib turgan yosh muhojir yigit paydo bo‘ladi. Qattiq kaltaklangani yuzidagi jarohat izlaridan ko‘rinib turgan muhojir yigitdan dinidan qaytish va buni ochiq ovozda aytish talab qilinadi. Videoda boshiga yegan kaltak zarbidan biroz hushi uchgan yigit ovoz chiqarib, dinidan qaytganini aytgani aks ettiriladi.

So‘ngra esa bu harakatni qilayotganlar kimlar ekaniga belgi beruvchi kadrlar ko‘rinadi. Yuzlariga niqob torgan slavyan ko‘rinishdagi yosh yigitlar guruhi terrorchi va muhojirlarga qarshi shiorlarni qo‘shiqqa solib kuylaydi.

Bunday kadrlardan birida qo‘lida SSKA - Moskva professional futbol klubi bayrog‘ini tutib olgan fanat ham ko‘rinadi. Videoga ham "SSKA fanatlari Qur‘onni yoqishdi" deb nom berilgan.

Ayni damda bu kimsalar iziga tushgan Moskva politsiyasi Qur‘onni tahqirlagan va mehnat muhojirini kaltaklab dindan qaytishga undagan shaxslar qo‘lga olingan taqdirda ularga qanday jazo berilishi haqida hali ma‘lumot bergani yo‘q.

Ayni paytda Internet tarmog‘ida Qur‘onning yoqilayotgani aks etgan ko‘plab videoroliklarni topish mumkin. Ayrim ijtimoiy tarmoqlar, xususan "VKontakte" tarmog‘ida Qur‘onni yoquvchilar maxsus guruhi ham tashkil qilingan.

Islom dunyosida Qur‘on kitobi muqaddas sanaladi va kitobga qaysidir bir ko‘rinishda zarar yetkazish, uni yoqish va tahqirlash qattiq qoralanadi.

Qur‘on tarjimalari bundan mustasno hisoblansa-da¸ aksar hollarda tarjimalarga kitobning original matni ham kiritilishi bois, Islom dunyosi bu muqaddas kitobning tarjimalariga ham asliga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘lishni so‘rashadi.

Shu kunga qadar bu muqaddas kitobni yoqish hollari AQSh, Afg‘oniston va boshqa davlatlarda kuzatilgan hamda bunday harakatlar, odatda, musulmonlarning keskin noroziliklariga sabab bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG