Линклар

Moskva kinofestivalining “Ertakdagi yumor” va “Eng yaxshi erkak roli ijrochisi” nominatsiyasi bo‘yicha bosh sovrin O‘zbekistonda 2013 yili suratga olingan “Sehrli qalpoqcha” filmiga berildi. Bu mukofot¸ o‘zbek kinosining qaynona-kelin mashmashasidan ko‘tarilib¸ bolalar uchun jiddiy filmlar yaratishga jazm etayotgani ifodasi sifatida ko‘rilmoqda.

Qishki ta‘til kunlari Moskvada 15-marta o‘tkazilayotgan “Skazka” xalqaro kinofestivalining ikki sovrini 27 yashar o‘zbek kinochisi Sarvar Karimov suratga olgan “Sehrli qalpoqcha” filmiga nasib qildi.

2013 yili suratga olingan bu kinokartina Moskva kinofestivalining “Ertakdagi yumor” va “Eng yaxshi erkak roli ijrochisi” nominatsiyasi bo‘yicha bosh sovrinni egalladi.

Fil mda bosh rolni o‘ynagan 14 yashar toshkentlik maktab o‘quvchisi Bunyod Rahmatullayev bolalar filmlarida eng yaxshi o‘g‘il bola rolini ijro qilgan aktyor deya e‘tirof qilindi.

Festival yoyinlagan matbuot xabarnomasida aytilishicha¸ o‘zbek kinochisi Sarvar Karimovga bu mukofot timsoli bo‘lgan billur kalit va diplom topshirilgan.

Shu kunlarda 82 yoshga kirgan taniqli o‘zbek bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” degan mashhur asari asosida yaratilgan “Sehrli qalpoqcha” filmini suratga olgan kinochi Sarvar Karimov telefon aloqasidan uzoq tog‘li hududda ijodiy safarda bo‘lgani bois¸ Ozodlik muxbiri uning yordamchisi Habib Hasanov bilan suhbatlashdi.

Rejisser yordamchisi Habib Hasanovning Ozodlikka aytishicha¸ “Sehrli qalpoqcha” filmi avvaliga Rossiyaning Anapa shahridagi “Kinoshok” festivalida qatnashib¸ munaqqidlar e‘tiboriga tushgan:

- Anapadagi festivaldagi muvaffaqiyat bois “Sehrli qalpoqcha” filmi “Skazka” xalqaro kinofestivaliga yo‘llanma oldi. Bu festivalda biz yaratgan film bir emas, ikkita “Billur kalit” oldi. Endi bu billur kalitlar bundan ham obro‘liroq festivallar eshigini ochsa ajab emas¸ deydi suhbatdosh.

Habib Hasanovning aytishicha¸ davlat bolalar uchun maxsus ajratgan grant asosida suratga olingan bu film O‘zbekiston bolalari orasida ham mashhur:

- Film taqdimotlarida ko‘rayapmiz mana kinoteatrlar bolalar bilan liq to‘la. Bilasiz¸ bolalar uchun ishlangan o‘zbek filmlari nisbatan kam. Shuni hisobga olib¸ filmning davomini ham suratga olishga qaror qildik. Hozir shu kunlarda “Sehrli qalpoqcha 2 “ kinosini suratga olayapmiz. Bu kino ham o‘sha hamma sevgan “Sariq devni minib” kitobi asosida suratga olinmoqda¸ deydi “Sehrli qalpoqcha 2 “filmini suratga olish jarayonida qatnashayotgan rejisser yordamchisi Habib Hasanov Ozodlik bilan suhbatda.

Film kiygan zahoting ko‘rinmas bo‘lib qoladigan sehrli qalpoqcha topib olgan Hoshimjon ismli bolakayning ko‘rgan-kechirgan qiziqarli voqayealaridan hikoya qiladi.

O‘zbekistonlik taniqli kinochi¸ qator xalqaro sovrinlar egasi Ayub Shahobiddinov bu fil m bolalar uchun yaratilgan bo‘lsa ham¸ katta mahorat va yuqori did bilan yaratilganini e‘tirof qiladi:

- Film professional jihatdan mahoratli olingan. Voqelar shiddatli. Bolalar zerikmaydi ko‘rganda. Filmning bosh qahramoni – bezori Hoshimjon doim turli-tuman kulgili holatlarga tushib yuradi. Hoshimjon maktabda o‘qishni istamaydi, mehnat qilmasdan¸ rohatda yashashni istaydi, ammo hayotning o‘zi unga yaxshi saboq beradi. Oxir-oqibatda film qahramoni inson hayotda bilim va mehnatsiz uzoqqa bora olmasligini tushunib yetadi¸ deydi suhbatdosh.

Ayub Shahobiddinovga ko‘ra¸ shu kunlarda “O‘zbekkino” Milliy agentligi bolalar uchun suratga olinadigan filmlarga alohida e‘tibor berib¸ mablag‘ ajratmoqda.

Suhbatdosh ana shunday filmlardan biri sifatida bolalar uchun maxsus suratga olingan “Soy qo‘shig‘i” asarini tilga olib¸ uning tarbiyaviy jihatdan muhim ekanini aytadi.

“Soy qo‘shig‘i” filmida kompyuter o‘yinlarning bolalar ruhiyatiga ta‘siri mavzusi ko‘tarilgan. Film stsenariysini taniqli dramaturg Sharof Boshbekov yozgani muvaffaqiyat garovi sifatida baholanmoqda.

Kompyuter o‘yinlarining bolalar dunyoqarashiga ta‘siri haqidagi kinoasarning nomi “Olabo‘ji” bo‘lishi kerak edi, keyinroq o‘zgartirishdi, deydi stsenariy muallifi Sharof Boshbekov Ozodlik bilan suhbatda:

- Kompyuter o‘yinlarining bolalar ruhiyatiga zarari butun dunyoda dolzarb bo‘lib turibdi. Kompyuter o‘yinidan ta‘sirlangan bolalarning qotillik qilishgacha borib yetganini bilamiz, deydi Sharof Boshbekov Ozodlik bilan suhbatda.

"Zumrad va Qimmat"dan boshlangan tajriba


Toshkentdagi Kino muzeyida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydigan ishlaydigan munaqqid Sojida Ahrorovaning Ozodlikka aytishicha¸ o‘zbek kinosiga tamal toshi qo‘yilgan paytdayoq bolalarbop kino yaratishga jiddiy intilishlar bo‘lgan:

- 1945 yilda suratga olingan “Tohir va Zuhra “ filmi yoki nisbatan keyinroq olingan “Semurg‘" filmlarini butun Sovet Ittifoqi bolalari sevib tomosha qilgan edi. “Zumrad va Qimmat”¸ “yoqimli yomg‘ir yog‘adi” kabi multfilmlar ham saviya jihatdan hech kimdan qolishmaydi¸ deydi suhbatdosh.

Sojida Ahrorova shu kunlarda o‘zbek kinochilari yana bolalar uchun kino suratga olayotganini olqishlaydi.

Keyingi 20 yilda O‘zbekistonda xususiy studiyalar tarafidan asosan qaynona-kelin mavzuidagi mingga yaqin kino suratga olingani holda¸ bolalar uchun faqat bir necha kinokartina ishlangani kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG