Линклар

O‘tgan yil 15 noyabrda hibsga olingan Jizzax viloyati Zomin tuman sobiq hokimi O‘skan Azimovning 8-sinfda o‘qiydigan qizi Ziyoda 5 yanvar kuni o‘z joniga qasd qildi. Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotga ko‘ra, otasi qamalgani bois maktabda bo‘lgan ta‘na va dashnomlar Ziyodaning o‘zini osishiga sabab bo‘lgan.

Ozodlik manbasining xabar qilishicha¸ Zomin tuman sobiq hokimi, hozir hibsda saqlanayotgan O‘skan Azimovning 15 yashar qizi Ziyoda seshanba kuni o‘z joniga qasd qilgan. Azimov oilasi Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida yashagan.

Bu haqda Ozodlikka zominlik inson huquqi faoli Aliqul Sarimsoqov xabar berdi:

- Sobiq hokim O‘skan Azimovning Zarbdor tumanida yashagan va 8 sinfda o‘qigan qizi o‘zini osib qo‘yibdi. Nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani noma‘lum, dedi Aliqul Sarimsoqov.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan gapirgan Zarbdor tuman prokuraturasida ishlaydigan manba ham Ziyoda O‘skanovaning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi:

- Ziyoda O‘skanova 1999 yilda Zarbdor tumanida tug‘ilgan. Zarbdor shaharchasining 9-o‘rta umumta‘lim maktabining 8 sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U o‘z uyidagi yordamchi xo‘jalikning yog‘och to‘sinlaridan biriga o‘zini osib qo‘ygan. Hozir uning maktabdagi sinfdoshlari bilan biror gap-so‘z o‘tganligi tekshirilayapti, dedi manba.

Jizzax viloyati sud-tibbiy ekspertizasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ziyoda Azimova o‘limiga bo‘yin a‘zolarining sirtmoq bilan qisilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Jizzaxlik inson huquqi faoli Ziyodillo Razzoqovning aytishicha, 15 yashar qizning o‘zini osgani haqidagi xabar tuman aholisini larzaga soldi:

- Ziyoda O‘skan Azimovning eng kichik qizi bo‘lgan. Dadasi ham uni juda qattiq erkalarkan, yaxshi ko‘rarkan. Qizcha dadasining bugungi ahvolidan, qamoqda ekanligidan ancha qattiq siqilgan, deyishayapti. Kimdir ortiqcha gap qilgan bo‘lsa, chidayolmaganidan o‘zini osib qo‘ygan deyishyapti odamlar, dedi Ziyodillo Razzoqov.

Jizzax viloyati Zomin tumaniga 2009 yildan beri hokimlik qilib kelgan 50 yashar O‘skan Azimov 15 noyabr kuni Jizzax viloyati prokuraturasi sanktsiyasi bilan hibsga olingan edi.

Ozodlikka o‘z manbalaridan ma‘lum bo‘lishicha, hokim fermerlarni paxta va don mahsulotlarini qo‘shib yozishga, tumandagi tashkilot, kichik tadbirkor va fermerlarni esa “Qizil yarim oy” jamiyatiga pul o‘tkazishga majburlaganlikda ayblangan.

Tergovchilar iddaosicha, bu xalqaro tashkilotning Zomin tumani bo‘limiga joylashtirilgan Azimovning yaqinlari joriy qilgan tovlamachilik sxemasi bo‘yicha jamiyatga o‘tkazilgan pul pirovardida hokimga qarashli cho‘ntakka borib tushgan.

Shu bilan birga O‘skan Azimovning Zomin tumanini sayyohlik markaziga aylantirish uchun respublika byudjetidan ajratilgan pullarni o‘zlashtirishda ayblanayotgani ham aytilmoqda.

Mahalliy fermerlar taxminicha, noqonuniy ekilgan sholidan keladigan daromad taqsimoti ustida yuzaga chiqqan janjal tuman hokimining qamalishi asl sababi bo‘lishi mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda viloyat va tuman hokimlarining moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olinishi ko‘p kuzatilyapti.

2013 yilning Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi Husniddin Jo‘rayev korruptsiyaga oid jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan edi.

Shuningdek, o‘tgan ikki yil davomida Termiz tuman hokimi 50 yoshli Shoymamat Sherqobilov, Buxoro shahar hokimi bo‘lib ishlagan Hayit Komilov, Shahrisabz tumaniga sakkiz yildan buyon hokimlik qilib kelgan O‘ktam Xidirov ham moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG