Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:56

Klichko: YeI Yanukovich rejimiga qarshi jazo qo‘llashi kerak


Ukraina muxolifati yetakchilaridan biri, mashhur bokschi, "Udar" harakatining lideri Vitaliy Klichko Yevropa Ittifoqi rahbariyatini prezident Viktor Yanukovich hukumatiga nisbatan sanktsiya qo‘llashga chaqirdi.

Klichkoning bu bayonoti Kiyevda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni kaltaklagani bilan bog‘liq so‘nggi hodisa ortidan yangradi.

- Bir necha kun avval Germaniyada Yevropa parlamenti deputatlari va siyosatchilar bilan uchrashib qaytdim. O‘tgan tunda ro‘y bergan hodisalardan oldin bo‘lgan edi bu uchrashuv. O‘shanda yevropalik siyosatchilar Ukraina hukumati endi namoyishchilarga qarshi boshqa kuch qo‘llamas, deb umid bildirishgan edi. Yanukovich rejimi hech narsadan tap tortmasligini ular endi ko‘rib turishibdi. Shuning uchun sanktsiya qo‘llash masalasi hozir dolzarbdir va yevropalik siyosatchilarni bu masalani ko‘rib chiqishga chaqiraman, - dedi Klichko.

Juma kuni Kiyevning Svyatoshinsk tuman politsiya bo‘limi oldida “Berkut” maxsus bo‘linmasi xodimlari namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llagan edi.

Kaltaklanish oqibatida o‘ndan ziyod faol, jumladan, Ukraina sobiq ichki ishlar vaziri, hozirda Uchinchi Ukraina Respublikasi muxolifat harakatiga yetakchilik qiluvchi Yuriy Lutsenko qattiq jarohat olgandi.

Ukrainalik faollar Borispolda 2011 yili Lenin haykalini portlatmoqchi bo‘lganlikda ayblangan uch fuqaroning ustidan chiqariladigan hukmni kutib yig‘ilishganida, ular politsiya bilan to‘qnash keldi.

Sud ayblanuvchilarga olti yillik qamoq jazosi tayinlaganidan so‘ng, tartibsizliklar boshlanib ketdi.

Namoyishchilar "Berkut" xodimlariga tosh uloqtirgan. Bunga javoban "Berkut"chilar namoyishchilarni kaltaklay ketgan.

- Hukumatning qatag‘onlarni to‘xtatish niyati yo‘qligini ko‘rib turibmiz. Huquqlari uchun kurashayotgan odamlarni ular qamab, olti yilga hukm qilishgacha borayapti, - degan namoyish qatnashchilaridan biri Dmitriy Bulatov.

Yuriy Lutsenkoning rafiqasi Irinaning Ozodlikka aytishicha, "Berkut" xodimlari uning erini boshiga dubinka bilan urishgan.

- Doktorlar boshidan yopiq jarohat olganini aytishmoqda. Yuzining tepa qismi yirtilib, o‘sha yerdan qon oqqan. Bosh suyagi shikastlanmagan. Hozir o‘ziga kelayapti. Turmush o‘rtog‘im odamlarni berkutchilardan o‘ch olmaslikka chaqirmoqda. Chunki Berkut faqat buyruqqa bo‘ysunadi, - deydi Irina Lutsenko.

Hozirda Kiyev prokuraturasi Ukraina sobiq ichki ishlar vaziri Yuriy Lutsenko va boshqalarning kaltaklanishi yuzasidan jinoiy ish ochgan.

Hozirga qadar Kiyevda muxolifat faollarining kaltaklanishi yuzasidan ukrain rasmiylari bayonot bermadi.
XS
SM
MD
LG