Линклар

O‘zbekistonning aksar tumanlaridagi shifoxonalar va tez tibbiy yordam markazlari elektr tokidagi uzilishlar bois, bemorlarni viloyat markazlaridagi muassasalarga yo‘llayotgani haqida Ozodlikka shikoyatlar kelmoqda. Ma‘lum bo‘lishicha, aksar qishloq va tumanlarda kechki soat 4 dan tongi soat 7-8 ga qadar elektr toki berilmagani bois, shifoxona va tug‘ruqxonalar og‘ir sharoitda ishlamoqda.

So‘nggi bir necha kun ichida Ozodlikka Namangan, Samarqand, Jizzax viloyatlaridan kelgan shikoyatlarda elekr toki ta‘minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib borayotgani tilga olindi.

Ana shunday shikoyatlardan birida bunday deyiladi (matn o‘zgartirishsiz qoldirildi):

"... men namangandan bolaman ismim ... (sir bolib qolsin) uyimiz shaxarda lekn rayondan farqi qolmadi chunki gaz svet umuman yo'q biz ku mayli chidaymiz lekin kasalxonadagilarchi men sentiralniy raddom tugruqxona oldida yashayman kuniga svet ochadi u yerdagi xotinla nima qiladi bilmadim nechtada nechta xotinla aparasta vaqtida svet yoqligida bilmadim nima axvolga tushyapti qayerga muroja qilsa boladi. biron chorasi bormi odamni qadri 1 tiyin emas yarim tiyinlik xam qolmadi ...", deb yozdi Namangandan maktub yo‘llagan mushtariy.

Qashqadaryo viloyatidan kelgan maktubda esa Qarshi shahridagi shifoxonada elektr toki uzilgan paytlarda ishlatilishi ko‘zda tutilgan generator buzilib qolgani bois, dardi og‘ir bemorlar rentgen va boshqa muolajalar uchun viloyat markaziy shifoxonasiga yo‘llangani aytildi.

Ozodlik bu mazmundagi shikoyatlarda nomi tilga olingan shifoxonalarga bog‘lanib, ma‘muriyatdan izoh olishga urindi.

Namangan shahridagi tug‘ruxonaning o‘zini tanishtirmagan xodimi bu yil avvalgilariga nisbatan chiroq o‘chishi hollari ko‘payganini e‘tirof etdi.

"Hozir hamma joyda o‘chyaptiku svet. Bizda dvijoklar tayyor turadi. Svet o‘chishiga ulaymiz. Unaqa svet bo‘lmay qoldi, degan gap yo‘q bizda. Operatsiyalarning hammasini kunduzi qilamiz. Lekin endi srochniy bo‘lib qolsa, markaziyga jo‘natamiz. U yerda ekstrenniy bo‘lim bor, u yerda har doim svet bor", dedi shahar tug‘ruqxonasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shahardagi bir necha poliklinika xodimlaridan ham qariyb ayni mazmundagi javob olindi.

Samarqand shahridagi mushtariylardan biri kinoya qilib yozgan "Homilador ayollar tug‘ruqxonaga kerosin olib borsinmi?!" mazmunidagi savolga shahar tug‘ruqxonalari xodimlari keskin norozi ohangda e‘tiroz bildirdi.

"Bunaqa gapni qayerdan olasizlar?! To‘g‘ri, svet hozir hamma joyda yo‘q. Lekin, roddomlarga davlat dvijoklar bergan. Kechasiyu kunduzi svet bor bizda. Tug‘adigan ayollarga benzin olib kel, degan gap bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham! Kimlar bunaqa ig‘voni tarqatib yuradi?!" deya norozi bo‘ldi Samarqand shahridagi tug‘ruqxonaning muxbir bilan mikrofonsiz suhbatlashgan xodimi.

Ammo shahardagi shifoxonalardan birining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi, ba‘zan elektr generatorlari buzilib qolishi, bunday hollarda qishloq shifoxonalari qabulga borgan og‘ir bemorlarni markaziy shifoxonalarga yo‘llashini aytdi.

"O‘zi hozir hamma kasalxonada bor dvijok. Endi qishloqlardagi shifoxonalarda buzilib qolsa, bizga olib keladi yoki rayon markaziga olib boradi. Lekin og‘ir kasallar o‘zi to‘g‘ri rayonga boradiku, avariya bo‘lsa ham, pojar bo‘lsa ham o‘zi rayonniyga boradida to‘g‘ri", dedi Samarqand shahridagi shifoxona xodimi.

Qarshi shahridagi shifoxonada esa elektr generatori buzilib qolgani bois, o‘tgan hafta rentgenga yo‘llanma olgan bemorlar kun davomida navbat poylagani haqida tinglovchi bergan ma‘lumotni tasdiqlagan ma‘muriyat vakili hozir muammo hal qilinganini aytdi.

"Remont qilishdi dvijokni, hozir hammasi yaxshi ishlayapti. Apparat ertalab soat 8 dan 4 gacha ishlaydi. Do‘xtir o‘zi kelib yoqadi dvijokni. Lekin hozir bizning kasalxona liniyasida svet bor, apparat ham ishlayapti. Shu shanba kuni buzilib qoldida dvijok, shunga apparat ishlamay qoldi", dedi shahar shifoxonasi xodimi.

Qashqadaryo viloyatidagi qishloqlardan birida qishloq vrachlik punktida ishlagan shifokor elektr tokidagi uzilish qishloq shifoxonalari va tibbiy punktlaridagi ahvolni juda og‘irlashtirganini aytadi.

- Svet yo‘q, dvijok deganini medpunktlarga bermaydi. Medpunktlar faqat kunduzi qabul qiladi odamlarni. Ertalab 9dan kechi 3gacha, kelishadi yo‘llanma yozib beramiz yoki bizga uchrashmasdanam rayon bolnitsasiga ketishaveradi. Unaqa tok bilan ishlaydigan apparatlar ham yo‘q hozir,- dedi qashqadaryodagi qishloqlardan biri ishlayotgan vrach.


Ozodlikka bog‘laning!

Ozodlik bu yil yanada kuchaygan energetik taqchillikka oid murojaatlar, shikoyatlar va xabarlarni ZIMISTON-UZ blogiga jamlab bormoqda.

Bizga bog‘laning, xabarlaringizni yo‘llang! Birgalikda muammo ko‘lamini aniqlash va yechimini topishga urinib ko‘ramiz!

Ozodlikka bog‘lanish imkonlari:

tel: +420 221 123 437
faks: +420 2 2112 6604
email: uzbekweb@rferl.org, ozodlikmail@gmail.com
twitter: @BarnoAnvar
Skype: issakovab
WhatsApp: +420 608 549 460
XS
SM
MD
LG