Линклар

logo-print

“Jasliqda” yotgan Rustam Usmonovga bosim kuchaymoqda


Rustam Usmonovning choyshabga qon bilan yozilib Jasliqdagi qamoqxonadan chiqargan xati.

Rustam Usmonovning choyshabga qon bilan yozilib Jasliqdagi qamoqxonadan chiqargan xati.

O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank - "Rustambank" sobiq xo‘jayini, 1998 yildan buyon qamoqda qolayotgan va qamoq jazosining so‘nggi 5 yilini “Jasliq” qamoqxonasida o‘tkazayotgan Rustam Usmonov ahvoli yomonlashgani aytilmoqda. Mahbusning yaqinlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlari Rustam Usmonovni 30 million dollarlik “tovon” to‘lashga majburlashmoqchi.

Iqtisodiy jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan avvaliga 1998 yilning oktyabr oyida 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, 2012 yilda jazo muddati yana besh yilga uzaytirilgan taniqli tadbirkor Rustam Usmonovning ahvoli yomonlashdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan mahbusning rafiqasi 65 yoshli Ra‘noxon Usmonova dekabr oxirlarida Rustam Usmonovni ko‘rib kelganini aytib berdi.

- Men 24 dekabr kuni oldilariga kirib, 25 kuni chiqdim: uchrashuvga bir sutka berishgandi. 65 kirgan odamning ahvolini qanday bo‘lishi mumkin?! Tashqi ko‘rinishdan juda ozib ketganlar – 16 yil o‘tirishning o‘zi bo‘lmaydi. Juda ozib ketgan! Keyin, juda asabiy holatda. Hamma narsaga asabiylashadigan bo‘lib qolgan, asablari joyida emas. Sovuqda o‘tiribman, deb noski talab qilgan edilar, pochtadan jo‘natgan noskimni qaytarishvoribdi. O‘zim olib borgan noskilarimni ham uzunroq, deb qaytarishdi. Ana shunga ham asabiylashib ketdilar,- deydi Ra‘noxon Usmonova.

Ra‘noxon opaning aytishicha, “Jasliqda” qamoq jazosini o‘tayotgan Rustam Usmonov bir yilda 3 marotaba jo‘natma olish va 3 marotaba yaqinlari bilan uchrashish huquqiga ega. Uning ruhiy holatiga, yaqinlariga ko‘ra, 2012 yilning fevral oyida muddati yana 5 yilga uzaytirilgani ham ta‘sir qilgan.

15 yildan beri qamoqda qolayotgan Rustam Usmonovning yaqinlari uni siyosiy mahbus deb hisoblaydi.

15 yildan beri qamoqda qolayotgan Rustam Usmonovning yaqinlari uni siyosiy mahbus deb hisoblaydi.

“Jasliq” ma‘muriyati tomonidan belgilangan yangi jazo muddatiga ko‘ra, “Rustambank” nomi bilan tanilgan Qirg‘iziston va Rossiya fuqarosi Rustam Usmonovning jazo muddati 2017 yil boshlarida tugashi kerak.

Mahbus yaqinlarining iddao qilishicha, qamoqxona ma‘murlari uni ozod qilish uchun “bevosita prezident nomidan” 30 million dollar miqdorida tovon so‘rashmoqda. Ozodlik bundan 4 yil oldin sobiq tadbirkor Rustam Usmonov ozodlikka chiqarilishi uchun “Barkamol avlod” jamg‘armasiga 60 million dollar pulni o‘tkazib berishni va‘da qilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Ra‘noxon opa eri Rustam Usmonovga, ayniqsa, shundan keyin qamoqxonada jiddiy bosim kuchaygani va hozirga qadar davom etayotganini gapiradi.

- O‘zlarining aytishicha, qanaqadir odamlar buni bezovta qilyapti, kimdir yomon bezovta qilyapti. “Men holi-beri chiqadiganga o‘xshamayman”, deyapti. Amnistiya kelganida ham bir nimadan bahona qilib bu kishiga narusheniye yozib qo‘yyapti ekan. Va shu bilan amnistiyaga to‘g‘ri kelmayapti, deydi. Bu kishi “Kimdir men bilan gaplashsin”, deyapti. Kelganimdan beri hamma advokaturalarga bordim iltimos qilib. Ular “71-ga, Jasliqqa kirgizmaydi”, deyishyapti. Hatto Nukusdagi advokatlar “Bormaymiz - kirgizishmaydi”, deyishyapti,- deydi mahbusning rafiqasi Ra‘noxon Usmonova.

Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy oldi-sotdisiga doir moddalarda ayblanib qamalgan bo‘lsa-da, oila a‘zolari uning siyosiy mahbus ekanini ta‘kidlab kelishadi.

Uning yaqinlari 1995 yilda Rossiya fuqaroligini olgan Rustam Usmonov taqdiriga Rossiya hukumati ham befarq qolayotganidan afsusda.

Rustam Usmonovning Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan 35 yashar o‘g‘li Dilshod otasining taqdiri masalasida Tvitter orqali hatto Gulnora Karimovaga murojaat qilib ko‘rganini aytadi.

“@GulnaraKarimova Agarda Siz haqiqatan ozodlik uchun kurashayotgan bo‘lsangiz 16 yildan buyon qamoqda nohaq o‘tirgan Usmonov Rustam Turdiyevichga e‘tibor berishingizni so‘rayman. Xalq hurmatini qozonmoqchimisiz? Unda siz kim tarafida ekaningizni tanlab oling. Otangiz nomidan qamalganlar ro‘yxatini o‘qib ko‘ring”, deb yozgan edi Dilshod.

Uning murojaatiga o‘zi so‘ngi oylarda bosim ostida qolgan Gulnora Karimova bunday javob qaytargan edi:

“Otamda Otamning nomidan gapirish uchun o‘z ismi bor! Men uning ismi sharifiga hech qachon da‘vogarliq qilmaganman! Ajdodlarim familiyasini ko‘tarib yurganimdan g‘ururlanaman.”

1948 yili Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida tug‘ilgan asli iqtisodchi Rustam Usmonov¸ Gorbachyovning qayta qurish davrida xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshlagan.

1987 yili O‘zbekistonda asalarichilik shirkatini ochdi. Kanada yomg‘ir chuvalchanglarini ko‘paytirib sotib, millionlar egasiga aylandi.

1992 yilda ochilgan O‘zbekistondagi ilk xususiy bank "Rustambank" egasi ham aynan Rustam Usmonov bo‘ldi.

1990-yillarda Rustam Usmonov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov e‘tiboriga tushgan tadbirkorlardan biri bo‘lgan.

Ammo Karimov nazariga tushganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonda samarali faoliyat ko‘rsatgan “Rustambank” yopildi va Rustam Usmonovning o‘zi qora kursiga o‘tqazildi.

1998 yil 19 oktyabr kuni Andijon viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jazo muddati tugashiga sanoqli oylar qolganida Usmonovga qamoqxona ichki tartibini buzganlik kabi qator ayblar qo‘yilib¸ qamoq muddati yana 5 yilga uzaytirildi.
XS
SM
MD
LG