Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:48

Peterburgda qamchi ko‘targan kazak taksichilari paydo bo‘ladi


Yaqin kunlarda Sankt-Peterburgda ilk “Pravoslav kazaklar taksisi” ishga tushadi. Piter kazaklari atamanlari shu tariqa shaharda ko‘payib ketgan osiyolik noqonuniy taksichilar bilan kurashmoqchi. Mutaxassislar va Peterburgda kirakashlik qilib yurgan muhojirlar bunday usullar bilan noqonuniy taksichilikni yo‘qotishning iloji yo‘q, demoqda.

Sankt-Peterburg kazaklari noqonuniy taksichilik bilan kun kechirayotgan muhojirlarga qarshi kurashning yangi usulini kashf etganini aytmoqda.

G‘oya tashabbuschisi - “Irbis” Pravoslav kazaklar ittifoqi shaharda soliq to‘lamasdan noqonuniy kirakashlik bilan shug‘ullanayotgan markaziy osiyolik, ayniqsa o‘zbekistonlik, muhojirlardan ish o‘rinlarini tortib olish uchun o‘zlarining “kazak taksisi”ni tashkil etdi.

Avvaliga Peterburg kazaklari shaharning yashash uchun mo‘ljallangan mavzelarida, keyinchalik butun shaharga yoyishni rejalashtirmoqda.

Sankt-Peterburg shahar atamani, jamiyat rahbari Andrey Polyakov Ozodlik bilan suhbatda “Irbis”ning 700 a‘zosidan 200 nafari harbiy nafaqaxo‘r ekani, ular yosh bo‘lishi va hozircha harbiylikdan boshqa hunari yo‘qligini gapirdi.

Ish bilan ta‘minlash va migrantlarni taksi bozoridan siqib chiqarishdan tashqari, kazaklar atamani Andrey Polyakov sifatli, xavfsiz va arzon xizmatni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganini aytdi:

- Metro atrofidagi nolegallar kir mashinalari, rus bo‘lmagan tilda so‘zlashishlariyu rus madaniyatiga xos bo‘lmagan nomaqbul yurish-turishlari bilan fuqarolarimizni jig‘iga tegyapti. Qolaversa, tadbirimizdan yana bir foyda – odamlar ish bilan ta‘minlanadi, shahar byudjeti esa qo‘shimcha daromad oladi. Hozircha mashinalarimiz atigi 25 dona – bu kam. Lekin biz har bir metro oldida maxsus joyga ega bo‘lamiz, keyinchalik dispetcherlik markazini ochamiz, dedi Peterburg atamani Andrey Polyakov.

Shu bilan birga, kazaklar atamani bu taksi faqat nasroniylar uchun emasligi, agarda biror musulmon ular taksisini kira qilsa, uni istagan joyiga yeltib qo‘yishadi va rahmat ham aytishadi, dedi.

- Axir biz g‘ayridinlarga qarshi emasmiz, biz shunchaki ruslar tarafidamiz. Nima uchun dindor musulmonni eltib qo‘ymas ekanmiz?! Biz xalqlar do‘stligi uchun! Kazaklar asrlar davomida Kavkaz xalqlari bilan do‘stlik-birodarlik ruhida tinch-totuv yashab kelgan, dedi Sankt-Peterburg shahar atamani, endilikda pravoslav kazak taksichilari rahbari Andrey Polyakov.

Rus cherkovi vakili ruhoniy Vladimir Koval-Zaytsev bunday taksi xizmatiga qarshi emasligini bildirgan bo‘lsada, bu tashabbusga shubha bilan qarashini aytdi.

“Pravoslav taksi” iborasida nima uchun “pravoslav” so‘zi ishlatilayotganini avvaliga anglab olish zarur, deb hisoblamoqda ruhoniy.

- Bu taksini xudojo‘y nasroniy boshqarayotgan bo‘lsa – Xudoga shukur! U yaxshi, bosiq, o‘z g‘oya-fikrlarini boshqalarga zo‘rlab o‘tkazish niyatida bo‘lmagan va ishini yaxshi bajaradigan odam bo‘lsa – nur ustiga nur! Lekin, shaxsan men bunday qilmagan bo‘lardim: xayrli ish qilish uchun shov-shuv ko‘tarishning hojati yo‘q. Qolaversa, bu tashabbus yuridik ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ya‘ni haydovchilikka diniy va milliy mansubligi asosida tanlov boradi, bu esa qonunga zid, deya o‘z munosabatini bildirdi Pravoslav cherkovi ruhoniysi.

Peterburgda kazaklarining pravoslav taksisi tuzilishiga qat‘iy noroziligini Sankt-Peterburg Qonun chiqaruvchi majlis a‘zosi Boris Vishnevskiy ham bildirdi. U kirakashlikda odamlarning qaysi dinga mansubligi eng oxirgi masala bo‘lib qolishi kerak, degan fikrda.

- Agarda bu taksilar boshqalarga nisbatan sifatliroq ishlasa, demak ulardan foydalanishadi, sifatsiz bo‘lsa – demak yo‘q! Bozor o‘zi belgilab olsin! Shaharda bu sohada taklif juda katta, raqobat kuchli – birgina nomi bilan bozorni egallash niyatida bo‘lsa qattiq adashyapti, dedi deputat Vishnevskiy.

Peterburgda taksichilik qilib yurgan Dilshodbek esa kazaklarning bu tashabbusi taksi bozoridagi vaziyatni mutlaqo o‘zgartira olmasligi aytadi.

U Ozodlikka mavjud sharoitlarda Rossiyaning yirik shaharlarida noqonuniy taksichilarni yo‘qotishning iloji yo‘qligini bunday tushuntiradi:

- Bu yerda shunaqa ajiotaj qilinyaptiki, migrantlar bizlarni joyimizni olib qo‘yishyapti, deb. Bizning bollar haqiqatan ko‘pi registratsiya qilinmagan, litsenziyasi yo‘q. Shularni yo‘qotishga harakat qilmoqchi. Axir bu chang-g‘uborsiz, oson, har kuni naqd pul tushib turadigan ish. Bu tashabbus bilan ular migrantlarni siqib chiqara olmaydi, chunki mestniy erkaklar juda erkatoy. Boshliqlar ham ko‘proq bizning bollarga stavka qiladi, chunki ishni yo‘qotishdan qo‘rqadi, tarbiyasi bor, oilasi bor, dedi taksichi Dilshodbek.

U bilan qurilgan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:26 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG