Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:46

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmat orzu bo‘lib qolmoqda


2014 yil 14 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 22 yil to‘ldi. Ayni paytda, armiyada xizmat qilishni xohlovchilar muddatli harbiy xizmatga borish pora evaziga bo‘layotganidan shikoyat qilmoqda. Ularga ko‘ra, tibbiy ko‘rikdan o‘tish armiyaga borish uchun asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda muddatli bir yillik harbiy xizmat va bir oylik muqobil harbiy xizmat joriy qilingan.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan fuqarolar oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida imtiyozli ballga ega bo‘ladi. Bu ularning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, kasb-hunar egallashi, hayotda o‘z o‘rnini topishida katta imkoniyat yaratadi.

Bir oylik harbiy xizmatni o‘taydigan yigitlar davlat hisobiga eng kam ish haqining 25 barobari miqdorida haq to‘lash lozim bo‘ladi.

Muddatli harbiy xizmat orzu bo‘lib qolmoqda


O‘zbekiston armiyasida muddatli harbiy xizmatni o‘tashni xohlovchilar ko‘p bo‘lgani uchun harbiy chaqiriq paytida ta‘magirlik va poraxo‘rlik avj olishi har yili kuzatiladi.

Kimdir o‘g‘lini armiyadan olib qolish uchun, kimdir armiyaga yuborish uchun mutasaddi shaxslarga pora berib “ishni bitirish”ga harakat qiladi. Bu haqda Ozodlikka ham talaygina shikoyatlar kelib turadi.

“O‘g‘limni yubormoqchi edim. Soppa-sog‘ bolamni brakka chiqardi medkomisiya. Keyin bir tanishim $300 bersang iloji bor, dedi. Pora olishayapti deb eshitgan edim, ishonmagandim. O‘zimni boshimga tushkandan keyin ishondim. Bizni Sovet davrida zo‘rlab olib ketishar edi, hozir o‘z xohishing bilan borsang ham, armiyaga kerakmassan”, deydi Ozodlikka elektron pochtat orqali maktub yo‘llab o‘z ismini aytmaslikni so‘ragan toshkentlik muxlis.

2013 yil bahorgi chaqiriq asosida harbiy xizmatga bormoqchi bo‘lgan qo‘qonlik Zabihulla Ozodlik bilan suhbatda tibbiy komissiyadan o‘ta olmagani uchun armiyada xizmat qila olmaganidan keyin Moskvaga borib ishlayotganini aytdi.

- Armiyaga hammani bo‘yiga qarab olinadiku. Mening bo‘yim to‘g‘ri kelmagani uchun medkomissiyadan o‘ta olmadim. Bo‘yim 175 santimetr. Desantda xizmat qilish uchun bo‘y qanchadandir oshiq bo‘lishi kerak deydi. O‘tolmadim. Balki dokumentlarda kamchilik bo‘ldimi bilmadim, - deydi qo‘qonlik yigit.

21 yashar Zabihulla kelgusi yillarda ham armiyaga borish uchun urinib ko‘rishini aytdi.

Muddatli harbiy xizmatga borish uchun asosiy to‘siq “medkomissiya”


Ko‘p yillardan beri Toshkentdagi harbiy qismlardan birida ishlayotgan Sanobar Ozodlik bilan suhbatda armiyada xizmat qilishni xohlovchilar uchun asosiy qiyinchilik tibbiy ko‘rikdan o‘tish ekanini va pora ham asosan shu to‘siqni yengib o‘tishda berilishini aytdi.

- Medkomissiyadan o‘tsa, bo‘yi, vesi to‘g‘ri kesa armiyada xizmat qiladi. Asosan, o‘sha medkomissiyadan yiqilib ko‘pchilik bora olmaydi. Narx 100 dollardan yuqoriga qarab ketaveradi. Masalan, chaqiriluvchi nimadandir o‘tolmayapti? Bo‘yi to‘g‘ri kelmasa unga qanchadir, yana nimasidir to‘g‘ri kelmasa, unisi qiyinroq gaplashishim kerak, deb narxni yana oshirishadi, - deydi Sanobar.

Toshkentning Sirg‘ali tumanida yashovchi Nozim aka Ozodlik bilan suhbatda armiyaga borish uchun tibbiy komissiyadan o‘ta olmagani o‘g‘li pora berishni xohlamay ishlash uchun Rossiyaga ketganini aytdi.

- Mening o‘g‘lim medkomissiyaga borsa bo‘yi to‘g‘ri kelsa, vesi to‘g‘ri kelmagan, vesi to‘g‘ri kelsa, bo‘yi to‘g‘ri kelmagan. Umuman o‘xshamaganidan keyin, 3-4 so‘m qistirsang yo‘li bor, deyishganidan keyin, ada men pul to‘lab armiyaga borgandan ko‘ra, bormay qo‘yaqolay deb Rossiyaga ketdi. Hozir o‘g‘lim armiya yoshida 19da. Armiyaga borgandan ko‘ra tirikchilik qilaman dedi, deydi toshkentlik ota.

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida yashovchi 20 yashar Saloh 2013 yilda armiyaga borish uchun 500 – 600 dollar topa olmagani uchun hozir pul to‘plash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ishlayotganini aytdi.

Bulung‘urlik yigit armiyada xizmat qilishga qat‘iy qaror qilganini aytdi.

- Men bir oylik emas, bir yillik armiyada xizmat qilishni xohlayman. Chunki o‘zbek ayollari fohisha bo‘lib ketyapti. O‘zbekistonga narkotiklar ko‘p kirib kelyapti. Men shularga qarshi kurashish niyatida armiyaga borishim va xizmat qilishim kerak. Men shuni maqsad qilib qo‘yganman, - dedi Saloh.

Toshkentlik Nozim aka Armiyada xizmat qilishni xohlagan yigitlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tolmay qolishi ularning ruhiy holatiga salbiy ta‘sir qilayotganini, tibbiy komissiya ustidan nazorat qiluvchi organlar tashkil etilsa, O‘zbekiston armiyasida eng sog‘lom yigitlar xizmat qiladi, degan fikrni ilgari surdi.
XS
SM
MD
LG