Линклар

Peterburgda mast holatda bo‘lgan erini pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik ayolga nisbatan jinoiy ish ochildi. Tergovchilar ayol o‘zini-o‘zi himoyalaganini aytishmoqda.

2014 yilning 14 yanvarga o‘tar kechasi Sankt-Peterburgning Moskovskiy prospekti bo‘yicha joylashgan uylardan birida sodir etilgan qotillikda gumon qilinib 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi hibs etildi.

Dastlabki tergov natijalarini Ozodlikka Sankt-Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov ochiqlab berdi.

- Bu ayol O‘zbekiston fuqarosi Marhabo Ahmadjonova. Uning shaxsiga oid ma‘lumotlar, ism-familiyasi ham hozircha uning so‘zlaridan ma‘lum bo‘lgan dastlabki ma‘lumotlardir. Hozircha hibs etildi va unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105-moddasi “Qotillik” asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi kutilmoqda. Hozircha ularda farzand bor-yo‘qligini bilmadim, ammo farzandlari bo‘lgan taqdirda ham ular qarovsiz qolmaydi, - deya ishontirdi Sergey Kapitovnov.

Tergov qo‘mitasi vakili bu ayolning ismi-familiyasi boshqacha bo‘lishi mumkinligini ham ehtimoldan holi qilmadi.

Sergey Kapitonovning so‘zlariga ko‘ra, 14 yanvarga o‘tar kechasi shaharning Moskovskiy prospektidagi ijarada turgan uyiga mast holda kelgan jabrlanuvchi xotini Ahmadjonova Marhabo bilan janjal ko‘targan va do‘pposlamoqchi bo‘lgan.

Ahmadjonova o‘zini himoya qilish maqsadida erining ko‘kragiga pichoq solgan va er hodisa joyida jon taslim qilgan.

Keyinchalik Marhabo shubhani o‘zidan uzoqlashtirish maqsadida tergovni chalg‘itishga urinib ko‘rgani - tergovchilarga eri ko‘rsatilgan jarohat bilan uyga kelgani to‘g‘risida ko‘rsatma bergani aytildi.

“Ammo, politsiya xodimlariga bu jinoyatni u sodir etganini isbotlashda biror qiyinchilik tug‘ilmadi va yig‘ilgan isbot-dalillar asosida Ahmadjonova qotillikni o‘z bo‘yniga oldi”, deya aniqlashtirdi Sergey Kapitonov.

- Keyinchalik ular shunchaki birga yashab kelishgani aniqlandi. Ular bu kvartirada bir xonani ijaraga olib yashashgan. Boshqa xonada yana bir necha o‘zbek yashagan. U yerda oldin ham janjal-to‘polonlar bo‘lib turgan ekan. Ularning Peterburgda nima ish bilan shug‘ullanganini bilmayman: bilasizku, ular hech qanday qaydsiz yashaydi bu yerda, - dedi Sankt-Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov Ozodlik bilan suhbatda.

Hozir Marhabo Ahmadjonova mahalliy sud qarori asosida hibsda saqlanmoqda. Unga nisbatan qotillik aybi bilan jinoyat ishi ochilgan, tergov ishlari bormoqda.
XS
SM
MD
LG