Линклар

logo-print
Rossiya liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy partiya a‘zolarining jinsiy hayotiga daxldor me‘yorlar joriy etilishini ma‘lum qildi. Jirinovskiy partiyadoshlaridan jinsiy aloqa bilan bir chorakda bir martadan ortiq shug‘ullanmaslikni talab qilmoqda. Ammo o‘zbekistonlik siyosatchilar bunday fikrga qo‘shilmaydi.
O‘zbekistonda rasman qayddan o‘tgan partiyalar vakillari Ozodlik muxbiri bilan norasmiy suhbatda Jirinovskiyning fikriga qo‘shilmasliklari va faol jinsiy aloqa tarafdori ekanligini bildirishdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Namangandagi faollaridan biri ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan chog‘ida partiya a‘zolarining jinsiy hayotiga daxldor belgilangan me‘yorlar joriy etilishini "kulgili", deb atadi.
O‘zSSR Kommunistik partiyasining vorisi bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi a‘zosining aytishicha, o‘zbek jamiyatida siyosiy aktivlikdan ko‘ra seksual faollik qadriyat o‘laroq ko‘riladi. Ayni suhbatdosh jinsiy aloqaning oila ichida bo‘lishi lozimligini ta‘kidlab, o‘z partiyasi a‘zolarining “chapani” ishlarini ma‘qullamasligini ham pisanda qildi.
O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasining o‘zini Bahodir deb tanishtirgan faoli har bir o‘zbek o‘zidan ko‘payishi lozimligini urg‘uladi. Milliy tiklanish faolining aytishicha, o‘zbekning o‘zidan ko‘payishi kundalik jinsiy aloqani taqozo qiladi:
- Bu biologik jarayon. Har kim quvvatiga qarab, ahli ayoli bilan iloji bo‘lsa, har kuni qo‘shilsa, savob oladi. Bu narsa hadislarda ham bor. Hadislarda o‘z shar‘iy ayoli bilan qo‘shilish ehsonga tenglashtirilgan. Endi ehson qancha ko‘p qilinsa, savobi ham shuncha ko‘p bo‘ladi, bola-chaqa ko‘payadi. Esimda, qaysidir majlisda prezidentimiz bir vazirni koyib tashladi. Bu vazir: "Oilani rejalashtiramiz" degan taklif bilan chiqqan edi. Bizga oilani rejalashtirish kerak emas. "O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa" degan gapimiz bor, - deydi O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasining o‘zini Bahodir deb tanishtirgan faoli.
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Markaziy kengashi vakili Ozodlikka bu borada rasman izoh bermadi.
- Bu nozik masala. Boz ustiga, xalqaro masala ekan. Jirinovskiyning fikriga munosabat olish uchun matbuot vakilimiz bilan uchrashing yoki gazetamizni varaqlang. Gazetamizda O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining barcha masalalardagi qarashlari aks etgan, - dedi O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Markaziy kengashi vakili.
Biz bu partiyaning organi bo‘lgan gazetadan Rossiya liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy bayonotlariga oid munosabatni topa olmadik.
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining o‘zini Shonazar deb tanishtirgan Xorazmdagi faollaridan biri biz bilan mikrofonsiz suhbatlashishga rozi bo‘ldi.
Shonazar ham Jirinovskiyning bir chorakda bir martadan ortiq jinsiy aloqa bilan shug‘ullanmaslikni talabini ma‘qullamasligini bildirdi:
- Jirinovskiyni pornografiya, porno-kasseta va turli shunday yengiltak filьmlarni ko‘rmaslik kerak, degan talabida jon bor. Aroq ichish va sigaret chekish zarar, degani ham to‘g‘ri. Lekin "yilda faqat 4 marotaba jinsiy aloqa qilinglar, go‘sht yemanglar" degan gapi noto‘g‘ri. Men Jirinovskiyning bu gapini qo‘llab-quvatlamayman, - dedi xorazmlik liberal-demokrat.
O‘zbekistondagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili savolimizni diqqat bilan tingladi va kim bilandir maslahatlashganidan keyin Ozodlik muxbiri bu savolni berish uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan izn olishi kerakligini tushuntirdi.
- Biz telefonda bunday nozik masalalarga darrov munosabat bildira olmaymiz, - dedi firqa vakili.
O‘zbekistonda 1991 yili rasman ro‘yxatga olingan ilk muxolifat firqasi bo‘lmish “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovdan ham ayni savolni so‘radik:
- Jirinovskiy o‘z partiyadoshlarining jinsiy hayotini belgilaydigan norma joriy qilishga haqli emas. Bu umuman noto‘g‘ri talab. Birovning shaxsiy hayotiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu talabning tagida yotgan mafkura ham zararli, - deydi Otanazar Oripov.
Jirinovskiydan farqli o‘laroq, Otanazar Oripov o‘z partiyadoshlarining siyosiy va jinsiy jabhada birday faol bo‘lishi tarafadori.
- Bu borada hadislar bizga yo‘l ko‘rsatkich. Musulmon odam eng kamida haftada bir marta ahli ayoli bilan qo‘shilishi lozim. Jinsiy faollik ham sog‘lomlik belgisi. "Sog‘lom tanda sog‘ aql", - dedi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Rossiya liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy o‘z bayonotida: “Pornografiya, porno-kasseta va turli shunday yengiltak filьmlar ta‘siri ostida yoshlarda: qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, degan norma shakllanib qolayapti. Qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi! Yana, qachonki o‘zaro xohish-istak bo‘lsagina. Standart: bir chorakda bir marta – yiliga 3-4 marta yetarli”, degan.
Jirinovskiyning fikricha, keragidan ortiq jinsiy aloqadan o‘zni tiyish ham sog‘lom turmush tarzining bir qismidir. Bundan tashqari, siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, salomatlikni me‘yorida saqlab turish uchun alkogolь ichimliklar ichish, tamaki chekish va go‘sht iste‘mol qilishdan voz kechish kerak.
Durex kompaniyasi tomonidan 2008 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga muvofiq, Rossiya aholisi eng ko‘p jinsiy aloqa bilan shug‘ullanadigan mamlakatlar orasida birinchi uchlikka kirgan. Qayd etishlaricha, rossiyalikda bu yiliga o‘rtacha 143 marta sodir bo‘ladi. Rossiyaliklarning taxminan 80 foizi esa haftasiga kamida bir marta jinsiy aloqa bilan shug‘ullanadi.
XS
SM
MD
LG