Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:44

Deportatsiya qilingan o‘zbek muhojirlari Rossiyadan keta olmayapti


Rossiya sudi davlat hisobidan o‘z mamlakatiga deportatsiya qilinishi haqida qaror chiqarganiga qaramay¸ yuzlab o‘zbekistonlik mehnat muhojiri vataniga keta olmay¸ oylab deportatsiya lagerlarida sarson qolmoqda. Shundaylardan biri Rossiya migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun jarima to‘lagani va deportatsiya haqida sud qaror chiqarganiga qaramay, uch oydan beri O‘zbekistonga keta olmayotgan andijonlik 27 yashar Akramjondir.

Ozodlik bilan suhbatda Akramjon sud qarorini ijro etishga kimlarning to‘siq bo‘layotgani haqida gapiradi.

“Bizga kim javob beradi???”


Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali Ozodlikka murojaat qilgan 27 yoshli andijonlik Akramjon o‘tgan yil o‘rtalarida Rossiyaning Voronej viloyati Borisoglebsk shahriga ish izlab kelgan.

Patent to‘lovi uchun o‘z vaqtida yetarli mablag‘ topa olmagan Akramjon ko‘p o‘tmay 2000 rubl miqdorida jarimaga tortilgan:.

- Patent pulini uch oyligini pul yo‘qligi sababli to‘lay olmagan edim. Shunga birinchi marotaba 2000 rubl shtraf qildi, to‘laganimdan keyin o‘sha kuni ikki soatdan keyin yana ushladi, fmsdagilar granitsaga chiqib kelib¸ yana patent qilsang bo‘ladi, dedi. Men ikki soat ichida granitsaga chiqib kela olmayman-ku, deydi bir kunning o‘zida ikki marotaba migratsiya qonunini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan Akramjon.

Ikkinchi marotaba politsiya tomonidan qo‘lga olingan muhojir yigit ikki kunlik qamoqdan keyin sudga olib kelingan va bu gal 5000 rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Sud pristavlari unga Rossiya hukumati hisobiga ikki oy ichida mamlakatni tark etishini ma‘lum qilgan.

“Mana uch oydan ortdi, bizni vatanimizga yuborishmayapti. Har kuni Borisoglebsk shahri Sud pristavlari bo‘limiga boramiz, lekin natijadan darak yo‘q”, deydi suhbatdosh.

Pasporti pristavlar qo‘lida ekani bois ishga ham joylasha olmayotgani, pulsiz va mutlaqo huquq doirasidan tashqarida qolganini yozgan Akramjon o‘z taqdiriga na elchixona, na boshqa mutassadi tashkilot qiziqish bildirganini aytadi:

- Sudga “O‘zimiz chiqib ketamiz, imkon bering”, deb aytish mumkin ekan. Bizga shuni ham aytishga imkon bermadi. Bizga bular quloq solarmidi.. Hozir mashinada tojikistonlik bir bola bilan uch kishini qo‘limizga brasletlarni solib olib ketayapti. Bilmadim, Povorino degan shaharchaga olib ketayapti, shekilli, deydi nihoyat deportatsiya lageriga jo‘natilgani va u yerda yana qancha muddat qolishini bilmasligini aytgan andijonlik Akramjon.

Ozodlik muxbiri Akromjonning qanday qilib bu holatga tushib qolgani va nima sababdan qariyb to‘rt oydan buyon O‘zbekistonga jo‘natilmayotgani sabablarini aniqlashtirish maqsadida uning ishi bilan shug‘ullanuvchi Borisoglebsk Sud pristavlari boshqarmasi rahbari Olьga Bogomolovaga murojaat qildi:

- Gap shundaki, u majburan chiqarib yuborilayapti. Sudya shunday qaror qabul qildi. Bugun uni maxsus priyomnikka yubordik va ishonamizki, keyingi haftalarda u yurtiga yetib oladi. Agarda sudya bu yigitga o‘zi hisobiga bilet olib, chiqib ketishga imkon berganida – boshqa gap. Sudya bu vaziyatda uni majburan chiqarib yuborish kerak, degan xulosaga keldi. Biz esa sud qarorini bajaramiz, xolos. To‘g‘risi, shaxsan men birinchi marotaba ma‘muriy qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni hibsga olish tartibini allaqachon yo‘q qilish kerak, degan fikrdaman, deydi Ozodlik bilan suhbatda sud pristavi Olьga Bogomolova.

Ayni paytda, Rossiya Federal Migratsiya xizmati Voronej viloyatining Staraya Veduga qishlog‘i yonida joylashgan tashlandiq ikki qavatli maktab binosida 70 kishiga mo‘ljallangan xorij fuqarolarini saqlash deportatsiya markazi ishga tushirilishini ma‘lum qildi.

“Katta O‘yin” sirlari


2013 yilning 31 oktyabrida Voronej shahar vaqtinchalik saqlash izolyatorida bir necha oydan buyon deportatsiya qilinishini kutib yotgan O‘zbekiston fuqarolari ochlik e‘lon qilgan edi.

Norozilik aktsiyasi ishtirokchilari o‘shanda o‘zlarining zudlik bilan deportatsiya qilinishini talab etgan edi.

Voronejdagi “Vatan” O‘zbeklar madaniy markazi rahbari Nishon Gulmirzoyev izolyatorda ochlik e‘lon qilgan o‘zbek muhojirlarini o‘zbek diasporasi va migrantlar yaqinlari moddiy ko‘magida O‘zbekistonga jo‘natish to‘g‘risida mahalliy hukumat bilan kelishilganini ma‘lum qildi.

Sud pristavlari boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Rossiya qonunchiligida davlat hisobidan mamlakatdan chiqarib yuborish faqat havo transporti orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbeklar diasporasi rahbari “migrantlarni Rossiya hukumati hisobiga deportatsiya qilish” deb sud chiqargan qaror ayrim hollarda qo‘li egri FMS xodimlari va sud pristavlari uchun qo‘shimcha “daromad” manbaiga aylanib qolganini aytadi:

- Bunaqa deport qilinganlar juda qo‘p! Spiskasi qo‘limda. Kim pul bersa, o‘shalarni jo‘natayapti. Qaror chiqarilgandan keyin esa davlatning puli bilan jo‘natilishi kerak! Bular o‘zini ham qo‘ymaydi. Aslida, Rossiya deportatsiya qilayaptimi – hammasini bo‘yniga olishi kerak. Pul bergan holatlarning ko‘pida sud pristavlari pul ishlayapti shunday qilib. Aytyapti “Men senga pul to‘ladim, sen o‘zingga to‘laysan”, deb pulini olib qolayapti 20 minggacha. Bolalarni shunday aldayapti-da. Bu yerda katta o‘yin ketayapti, deydi Voronejdagi “Vatan” O‘zbeklar madaniy markazi rahbari Nishon Gulmirzoyev.

Ayrim Rossiya ommaviy axborot vositalarida noqonuniy mehnat muhojirlarini davlat byudjeti hisobidan deportatsiya qilinishi rus millatchilari e‘tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Rossiya Federal Migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy millatchilarning deportatsiya jarayoniga juda katta miqdorda davlat mablag‘i sarflanayotgani haqidagi iddaosini "absurd" deb atab, 2013 yilda nolegal muhojirlar badarg‘asiga patent va jarimalardan tushgan mablag‘ning atigi 1 foizi sarflanganini ma‘lum qildi.

“2013 yil boshidan buyon deportatsiya ishlariga 115 million rubl sarflandi. Ayni paytda, salkam uch yil davomida patent sotish va jarimalardan tushgan mablag‘ hisobiga davlat byudjetiga 27,5 milliard rubl o‘tkazildi”, dedi birgina 2013 yil hisobida bu tushumning 10 milliard rubldan ko‘proq bo‘lganini ta‘kidlagan Konstantin Romodanovskiy.
XS
SM
MD
LG