Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:16

Namanganda katta miqdorda dollar o‘zlashtirgan bank boshqaruvchisi ushlandi


Moliya vazirligi rasmiysi qanday holatda pensiya qirqilmasligini ma‘lum qildi. Buxoroda prorektor pora bilan qo‘lga tushdi. Yozuvchi Tohir Malik masjid bezashga berilmay, maktablarga saxovat ko‘rsatishga chaqirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqelar haqida yozdi.


“Liberal-demokratik partiya o‘z-o‘zini tanqid qildi”

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan o‘z deputatlarini tanqid qildi (“XXI asr”, 16 yanvar).

Aytilishicha, qonunlar va davlat dasturlari ijrosi yuzasidan hokimlar, hokim o‘rinbosarlari, ijro etuvchi tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini tinglash va muhokama qilishda ayrim deputatlar sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. Mas‘ul mansabdorlarning hisobotlarni eshitish umumiy, tanishuv holatiga ega bo‘lib, ko‘rilayotgan masala bo‘yicha deputatlarning aniq fikr va pozitsiyasi yo‘qligi ko‘zga tashlanmoqda.

“Masalan, xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashida O‘zLiDeP a‘zolari ko‘pchilikni tashkil etsa-da, yil davomida doimiy komissiyalar yig‘ilishiga elektorat manfaatiga taalluqli biron bir taklif va tavsiya kiritmagan. Xo‘sh, bundan O‘zLiDeP Toshkent viloyat va Chirchiq shahar kengashi mutasaddilari qanday xulosa chiqardilar?” deya o‘z-o‘zini tanqid qiladi siyosiy partiya.


“Moliya vazirligi rasmiysi qaysi holatda pensiya qirqilmasligini ma‘lum qildi”

2014 yilning 1 yanvaridan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlaydigan pensionerlar, agar ularning daromadlari (gonorar, mukofot va boshqalar) yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan past bo‘lgan taqdirda, pensiyasini to‘liq oladi (“Oila davrasida”, 16 yanvar).

Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Zarif Xo‘jayev ma‘lum qiladi. Masalan, yoshga doir pensiya oluvchi, doimiy ishlamaydigan pensioner muayyan ishni bajarish uchun 10 fevraldan 1 martga qadar davr uchun 150 ming so‘m haq evaziga shartnoma tuzdi. Ushbu fuqaroning daromadi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan (2013 yil 15 dekabrdan yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 187 ming 970 so‘m) past bo‘lgani sababli pensiyasini to‘liq oladi.

Bordiyu, o‘rtacha oylik daromad yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan oshsa, pensiyaning ellik foizi ushlab qolinadi.


“O‘zbekiston temir yo‘llari” Rossiyadagi taqiq yuzasidan munosabat bildirdi”

Rossiya tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga tegishli poyezd yuk vagonlariga nisbatan joriy etilgan taqiq “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi faoliyatiga ta‘sir ko‘rsatmaydi (“Noviy vek”, 16 yanvar).

Temir yo‘l shirkatidagi manbaga ko‘ra, ushbu taqiq vaqtincha bo‘lgani sababli u qadar katta zarar keltirmaydi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga vakilining aytishicha, yukka oid taqiq yoz va kuz oylarida – paxta va meva-cabzavot tashish paytidagina sezilarli ta‘sir ko‘rsatadi.

Joriy hafta “Kommersant” gazetasi Rossiya temir yo‘l shirkati MDH va Boltiqbo‘yi davlatlariga qarashli yuk poyezdlariga nisbatan vaqtinchalik taqiq joriy etgani haqida xabar bergandi. Gazeta Rossiya temir yo‘l shirkatining ushbu qaroriga yangi yil arafasida yuk hajmi tushib ketgani sabab bo‘lganini yozgandi.


“Namanganda dollar o‘zlashtirgan bank boshqaruvchisi ushlandi”

Milliy bankning Namangan viloyati Uychi tuman filiali rahbari Ibrohim Rahmonov bank ixtiyoridagi katta miqdordagi dollarni hujjat soxtalashtirish orqali o‘zlashtirgani fosh etildi (“Diyonat”, 16 yanvar).

Xabarga ko‘ra, bank rahbari va uning to‘rt nafar xodimi fuqarolarning pasportini olib, ular dollar sotib olgani haqida soxta hujjat tayyorlagan va xorijiy valyutani o‘zlashtirgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ushbu sxema asosida bankirlar bir muddat davr surgan, nafsning turfa nag‘malariga o‘ynagan. Bankirlar o‘zlashtirgan dollar miqdori aniq yozilmagan. Ammo, aytilishicha, dastlabki operatsiyadan keyin boshqaruvchi I.Rahmonovning o‘zi 31 ming dollarga ega bo‘lgan.


“Buxoroda prorektor pora uchun qamaldi”

Buxoro viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti prorektori va institutning ilmiy ishlar bo‘lim boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 16 yanvar).

Ismi oshkor etilmagan ta‘lim mutasaddilari institutda malaka oshirmagan o‘qituvchidan diplom evaziga 600 dollar talab qilgan. Ushbu pul prorektor va bo‘lim boshlig‘i o‘rtasida taqsimlangan.

Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar, xususan, prorektor va bo‘lim boshlig‘i qay tariqa fosh etilgani oshkor qilinmagan. Buxoro viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Hamro Saidov ta‘lim mansabdorlari sud hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilganini ma‘lum qilgan.


“Yo‘lovchi jomadoni tutqichiga sof tilla tanga yashirgani aniqlandi”

Toshkent-Boku yo‘nalishida parvoz qilayotgan fuqaro M.Ibragimovaning jomadoni tutqichiga tarixiy tilla tangalar yashirilgani aniqlandi (“Toshkent oqshomi”, 15 yanvar).

Yo‘lovchining qo‘l yuki nazorat-rentgen monitoridan o‘tkazilganida shubhali tasvirlar paydo bo‘lgani va bojxona nozirlari jomadonni sinchkovlik bilan tekshirib, yashirilgan qimmatbaho boylikni topgan.

XIX asrda sof oltindan zarb etilgan 64 dona tanganing qiymati dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra 50 million so‘m deb baholangan. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, ellik yil muqaddam va undan oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan olib chiqish mumkin emas. Madaniy boyliklarni mamlakat hududidan vaqtincha yoki doimiy olib chiqish tegishli ekspertlarning xulosa va ruxsati bilan amalga oshiriladi.


“Xotin erining aybini ochishga majburmi?”

4 oy muqaddam eri bilan ajrashgan namanganlik Mohinur Hasanovadan huquq idoralari tomonidan sobiq eri ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish, aks holda, javobgarlikka tortilishi talab qilindi (“Adolat ko‘zgusi”, 16 yanvar).

Huquqshunos I.Qurbonovga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yaqin qarindoshlari, jumladan, qonuniy eri (xotini) ko‘rsatma berishdan bo‘yin tovlasa, u javobgarlikka tortilmaydi. Ammo nikohi bekor bo‘lgan er-xotin qonunchilikka ko‘ra ko‘rsatma berishga majbur. Aks holda javobgarlikka tortiladi.

“Balki payti kelib, sobiq er-xotinlar ham bir-biriga nisbatan guvohlik ko‘rsatmasi berish majburiyatidan ozod etilar. Lekin hozircha...” deb yozadi gazeta.


“Yozuvchi Tohir Malik masjidni bezashga berilmay, maktablarga saxovat ko‘rsatishga chaqirdi”

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik masjidlarni bezashga haddan ziyod berilish bid‘at ekani, Alloh masjidning bezagiga emas, bu yerga qadam bosib kelayotganlarning qalbiga qarashini ta‘kidladi (“Poytaxt transporti”, 17 yanvar).

“Bir masjidda imom saxovatli birodarlarimiz gilam berganliklari uchun duo qildilar. Albatta, bu ish tahsinga loyiq. Lekin shu masjid gilamga muhtoj emas. Gilam va ko‘rpalar shu qadar ko‘pki, ikki qavat solinsa ham ortib qoladi. Shu birodarlarimiz saxovatlarini bog‘chagami, maktab yoki shifoxonagami qilsalar, naqadar go‘zal bo‘lar edi! Faqat masjid qurish yoki bezash bilan insoniyat irshod bo‘lmaydi. O‘zini ilmga bag‘ishlaganlarga yordamlashish, ilm ahlining xalqqa nafi tegadigan asarlarini nashr etishga ko‘maklashish ham g‘oyat savobdir” deydi taniqli yozuvchi Tohir Malik.
XS
SM
MD
LG