Линклар

"NG": G‘afur Rahimov Sochi Olimpiadasining nufuzli mehmoni bo‘lishi mumkin


Osiyo boks konfederatsiyasi sobiq prezidenti G‘afur Rahimov (o‘r.), Toshkent sh, 2010 yil.

Osiyo boks konfederatsiyasi sobiq prezidenti G‘afur Rahimov (o‘r.), Toshkent sh, 2010 yil.

O‘zbekiston qidiruvga bergan, jinoyat olamidagi eng nufuzli avtoritetlardan biri deb ko‘riladigan G‘afur Rahimov 7 fevral kuni Sochi shahrida boshlanadigan Qishki Olimpiadaning hurmatli mehmonlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiyada chiqadigan “Novaya gazeta” o‘z manbalariga tayangan holda xabar tarqatdi. Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston Rahimovga qidiruv e‘lon qilgani bois uning Olimpiadada qatnashishi janjalga sabab bo‘lishi mumkin.

“Novaya gazeta” nashriga ko‘ra, G‘afur Rahimov oxirgi marta Moskvaga 2012 yil aprel oyida Osiyo Olimpiya kengashining rasmiy delegatsiyasi tarkibida borgan.

Moskvaga tashrifidan bir hafta oldin Yoqutiston o‘lkasida bo‘lib "Osiyo bolalari" sport musobaqalari olovining tantanali yoqilish marosimida qatnashgan.

“Novaya gazeta” iddaosiga ko‘ra, 2007 yilda Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining aksar a‘zolari 2014 yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlari Sochi shahrida o‘tkazilishini yoqlab ovoz berishida o‘sha paytda Osiyo Olimpiya kengashining vitse-prezidenti bo‘lgan G‘afur Rahimov muhim rol o‘ynagan.

Nashr O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Rahimovga qidiruv e‘lon qilgani bois uning Sochi Olimpiadasida hurmatli mehmon sifatida qatnashishi janjalga sabab bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Ozodlik bilan suhbatda agar G‘afur Rahimov Qishki Olimpiadaga kelishga qaror qilsa, Rossiya rasmiylari uning xavfsizligini ta‘minlashiga shubha qilmasligini aytdi.

- Sochida Olimpiadasi yutilgan yilda Rossiya rasmiylari aynan Rossiya telekanallari orqali G‘afur Rahimovning bu yutuqda ma‘lum roli borligini ochiq rasmiy ta‘kidlashgan edi. Shu aytilgan fikrlardan kelib chiqib, Rahimovda Olimpiadaga kelishga xohish-iroda bo‘lsa, uning xavfsizligi Rossiya rasmiylari tarafidan ta‘minlanishi turgan gap. Lekin bu maqoladan keyin uning kelish yoki kelmasligini aytish qiyin, deydi o‘zbekistonlik siyosatshunos.

2013 yil fevralida Toshkent IBB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi Rahimov G‘afur-Arslonbek Ahmedovichga qarshi O‘R JKning 165, 243 va 228-moddalari (Tovlamachilik, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari asosida uni qidiruvga bergan.

Undan bir yil oldin AQSh Moliya vazirligi narkotrafik bilan shug‘ullangani aytiladigan “Birodarlik xalqasi” uyushgan xalqaro guruhi yetakchilari ro‘yxatiga G‘afur Rahimovni ham kiritgan.



Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, “Novaya gazeta”da e‘lon qilingan maqola orqali O‘zbekiston rasmiylari G‘afur Rahimovni Olimpiadaga keltirmaslik borasida Rossiya mutasaddilariga mujda yo‘llagan.

- Jamoatchilik fikriga, Rossiya hukumatiga bir bosim sifatida, signal sifatida imkon qadar G‘afur Rahimovni bu Olimpiadaga qo‘ymaslik va uni diskreditatsiya qilishga intilish ketyapti xolos. O‘ylaymanki, O‘zbekiston hukumati tashqi dunyodagi aloqalari orqali bir necha yil oldin boshlangan siyosiy kurs, ya‘ni, ma‘lum bir oligarxlarga qarshi kurashish siyosiy kursi davom ettirilyapti xolos. Ya‘ni, biror bir o‘zgarish bo‘layotgani yo‘q, deydi o‘zbekistonlik siyosatshunos.

O‘zbekistonda yirik tadbirkor va metsenat sifatida ham tanilgan G‘afur Rahimov 2010 yilda mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganidan keyin Birlashgan Arab Amirliklarida yashab kelmoqda.

“Novaya gazeta” nashriga ko‘ra, Rahimov Sochi Olimpiadasiga oila a‘zolari bilan borishni va xususiy uyda turishni rejalagan.

G‘afur Rahimov fuqaroligini o‘zgartirni sababli 2012 yil iyunida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Rahimovning vitse-prezidentlik vakolatlarini to‘xtatgan va Boks milliy uyushmasi rahbari lavozimidan chetlatilgan.
XS
SM
MD
LG