Линклар

Ayni kunlarda Toshkentdagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari virusli gepatitning turli ko‘rinishlariga chalingan bolalar bilan to‘lib ketdi. Bu haqda Toshkentdagi 1-sonli klinik shifoxona yuqumli kasalliklar bo‘limining ismi oshkor etilishini istamagan shifokori ma‘lum qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrining Yunusobod, Shayxontohur, Mirobod va Hamza tumanlaridagi yirik yuqumli kasalliklar shifoxonalarida shu kunda virusli gepatit xastaligi bilan paydar-pay kelayotgan bolalar uchun joy yo‘q.

- Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, gepatitga chalingan bolalar soni ko‘paymoqda. Bunga, birinchi navbatda, aholining tibbiy-reproduktiv salomatligi, tibbiy savodxonlik darajasi sababdir. Toki odamlarning o‘zi tibbiy yo‘riqnomalar, gigiyena qoidalariga amal qilmas ekan, bunday holatlarni bartaraf etib bo‘lmaydi, - deydi poytaxtning Jarqo‘rg‘on ko‘chasidagi tibbiyot muassasasi shifokori Gulzoda Hamidova.

Toshkentlik pensioner O‘rmon aka Mirzayev ikki nevarasining gepatit S tashxisi bilan Toshkent shahar 1-sonli klinik shifoxonasiga jo‘natilgani, ammo mazkur muassasa bemor bolalar uchun joy yo‘qligi bois ularni Mirobod tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborganini aytadi.

- Mirobodning shundoqqina Risoviy bozori yaqinidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1-gorbolnitsaning yo‘llanmasi bilan keldim. Lekin bu yerda ham joy yo‘q ekan. “Koridorga karovot qo‘yib beramiz”, deyishdi. Ko‘nglim bo‘lmagani uchun hozirda ikki nevaramni ham uyda do‘xtir yollab, davolatishga majbur bo‘lyapman, - deydi O‘rmon aka.

Toshkent shahar hokimligining Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi poytaxtdagi gepatit epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni sharhlashni istamadi.

Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi navbatchisi esa mamlakatda epidemiologik vaziyatning normal ekanini ta‘kidlash bilan cheklandi.
XS
SM
MD
LG