Линклар

logo-print
11 yanvar kuni qirg‘iz-tojik chegarasida sodir bo‘lib, har ikki tomondan 8 kishi o‘qdan yaralanganidan so‘ng yopilgan chegara hanuzgacha ochilmadi.

Ayni paytda qirg‘iz-o‘zbek chegarasida o‘tgan yilning avgustida joriy etilgan cheklovlar saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonning So‘x va Qirg‘izistonning Barak eksklavi aholisi bundan 1 yil muqaddam So‘x chegarasida sodir bo‘lgan intsidentdan beri o‘z mamlakatining asosiy hududi bilan bog‘lanishga qiynalmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiy vakili Sajira Chokoloyeva Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari yopiq ekanligini o‘tgan hafta oxirida ma‘lum qildi.

- Qirg‘iz-tojik chegarasida 5 ta nazorat-o‘tkazish punkti mavjud. Ularning 3 tasi xalqaro, 2 tasi ikki tomonlama nazrat punktlaridir. Hozir ularning hammasi har ikkala mamlakat fuqarolari va transport vositalari uchun yopiq. So‘nggi janjaldan keyin fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlash uchun shunday chora ko‘rilgan, dedi Qirg‘ig‘iziston Chegara xizmati rasmiy vakili.

11 yanvar kuni tushdan keyin Qirg‘izistonning Oqsoy qishlog‘i va Tojikistonning Vorux eksklavi chegarasida qirg‘iz va tojik chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan, buning oqibatida Qirg‘izistonning besh nafar, Tojikistonning uch nafar chegarachisi yarador bo‘lgan edi.

Voqeada har ikki tomon bir-birini ayblagan edi. Otshima tojik chegarachilari Qirg‘iziston tomoni “Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdiq” avtoyo‘lini noqonuniy tarzda bahsli hududda qurayotganini iddao qilishi ortidan boshlanib ketgan.

Qirg‘iziston tomoni esa yo‘l qurilayotgan hudud Qirg‘izistonga tegishli ekanini aytib kelmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida janjalga sabab bo‘lgan yo‘l qurilishini Qirg‘iziston davom ettirmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili Jenish Razzaqov 19 yanvar kuni xabar qildi. Yo‘l qurilishida 10 yaqin qurilish texnikasi ishlamoqda va ishchilar xavfsizligini kuch ishlatar idoralarning mahalliy boshqarmalari ta‘minlamoqda.

Ayni paytda qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida ham cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Borubayevaning Ozodlikka 20 yanvar kuni bildirishicha, "O‘zbekiston tomoni chegaraning ba‘zi punktlarida o‘tgan yilning avgustida joriy etgan cheklovlar hanuzgacha amal qilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punktlaridan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ta‘ziyaga yoki to‘yga taklifnomalari yoki aviachiptalari mavjud bo‘lgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin".

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati davlat chegara qo‘mitasi rasmiylaridan bu haqda aniq ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Avgustdan buyon davom etayotgan cheklovlarni bekor qilish yuzasidan tomonlar o‘rtasida so‘zlashuvlar bo‘lgani-yo‘qmi, degan savolga Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi mazkur masala “hukumatlar vakolatlari doirasida” ekanligini eslatish bilan cheklandi.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan, 60 ming kishi yashaydigan So‘x eksklavidagi Xushyor qishlog‘i aholisi o‘tgan yilning 5 – 7 yanvar kunlari qirg‘iz chegarachilari tomonidan ularning nazarida noqonuniy ravishda o‘rnatilayotgan simyog‘ochlar olib tashlanishini talab qilib chiqqan edi. Natijada munozara har ikki tarafdan odamlar garovga olingan va asosan qirg‘izistonliklar ziyon tortgan katta janjalga aylanib ketgandi.

O‘sha voqeadan so‘ng So‘xga olib o‘tuvchi yo‘ldagi eng yaqin, hamda Qirg‘izistonning O‘zbekiston hududi bilan o‘ralgan, 1000 nafarga yaqin kishi yashovchi Barak eksklaviga olib o‘tuvchi yo‘ldagi eng yaqin nazrat o‘tkazish punktlari yopib qo‘yilgan edi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Borubayevaning Ozodlikka 20 yanvar kuni bildirishicha, har ikkala chegarada ham vaziyat o‘zgargan emas.

So‘xliklarni O‘zbekiston bilan bog‘laydigan eng yaqin yo‘l So‘x – Rishton yo‘lidir.
Farg‘onalik faol Abdusalom Ergashev aytgan mana bu ma‘lumot bir yildan beri aytilib keladi:

- Rishtondan So‘xga borish uchun avval Farg‘onaga kelish kerak. Farg‘onadan Vodilga boriladi, Vodildan Qirg‘izistonning Xaydarkoniga o‘tiladi va undan so‘nggina So‘xga yetish mumkin. Qo‘shimcha 100 kilometr atrofida masofani bosib o‘tish kerak.

Qirg‘izistonning Barak eksklavi aholisi ham bir yildan beri qisqa yo‘l qolib, uzun yo‘ldan qatnab kelmoqda.

So‘xliklarning ham, barakliklarning ham muammosidan Toshkent ham, Bishkek ham xabardor. Lekin mana bir yildirki, masala yechilmay kelmoqda.
XS
SM
MD
LG