Линклар

Rossiya poytaxtida “Moskva shahar O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasi” jamoatchilik tashkiloti tuzildi. 17 yanvar kuni Moskva Millatlar Uyida tashkilot ochilishi marosimida o‘tkazilgan davra suhbati migratsiya masalalarini hal etishda jamoatchilik tashkilotlarining roli va vazifalariga bag‘ishlandi. O‘zbeklar jamiyati a‘zolari migratsiya masalalari yechimini topishda Rossiya hukumati rasmiy idoralari bilan hamkorlik qilishini bildirmoqda.

17 yanvar kuni Rossiya poytaxtida Moskva shahar O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2013 yil dekabrida Moskva shahar Adliya boshqarmasi tomonidan ro‘yxatiga olingan bu tashkilot Moskvaga vaqtincha mehnat qilgani kelayotgan va doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklar diasporasi shahar hukumatini “muzokara boshlash”ga chaqirgani va “o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish”ni taklif etganini aytadi Ozodlikka tuzilma rahbari etib saylangan Timur Muxamedov.

Milliy-madaniy tashkilot faollari “Jamoatchilik tashkilotlarining mehnat muhojirligi masalalarini zamonaviy sharoitlarda hal etishdagi roli”, deb nomlangan davra suhbatiga hukumat tomonidan Davlat Dumasi deputatlari, Moskva shahar hukumati, O‘zbekiston elchixonasi, Rossiya huquq-tartibot va Migratsiya xizmati idoralari xodimlari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari va Moskvadagi o‘zbek jamoatchiligi vakillari taklif etildi.



Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rossiya Federal migratsiya xizmatining intergatsiyaga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i Boris Vorobьyov mehnat muhojirligi bilan bog‘liq muammolar jamoatchilik tashkilotlari yordamidagina bartaraf etilishi mumkinliga yig‘ilganlar e‘tiborini qaratdi.

- Biz bu sohada qanday muammolar mavjudligi to‘g‘risida yaxshi tasavvurga egamiz. Men o‘zbek diasporasi yordamida qandaydir umumiy yechim topamiz va bu sohada zaruriy bo‘lgan hujjatlarni imzolaymiz, degan umiddaman. Biz ham bu yerga kelib mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarini ijtimoiy jihatdan himoyanlanganini his etishi va ularga yashash uchun zaruriy sharoitlar yaratilishi uchun harakat qilyapmiz, deydi hozircha muhojirlar soni ko‘pligi va ularning asosiy qismi noqonuniy qolayotgani sababli bu muammolarni hal etishning iloji yo‘qligini gapirgan FMS vakili Boris Vorobьyov.

Davra suhbatida ishtirok etgan O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchisi maslahatchisi Ravshanbek Alimov O‘zbekiston hukumatining o‘zbek migratsiyasiga doir nuqtai nazarini ochiqlab, bunday dedi:

- To‘g‘risi, biz o‘zimiz O‘zbekiston fuqarolari biror joyga chiqib ketishlariga qarshimiz. Mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy siyosati shunday olib borilayaptiki, o‘zimizdv ishchi kuchi yetishmasligi kuzatilmoqda. Chiqib kelayotganning asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar umuman tayyorgarliksiz, tilni bilmasdan, mutaxassislikka ega bo‘lmasdan Rossiyaga kelmoqda, dedi O‘zbekiston elchixonasining maslahatchisi Ravshanbek Alimov.

Moskva shahar o‘zbeklar avtonomiyasi ochilishi marosimida Moskva va Rossiyada faoliyat yuritayotgan 70ga yaqin jamoatchilik va huquq faollari, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdi.

Jumladan, so‘zga chiqqanlar orasida o‘zbeklar tashkiloti rahbari muovini Habib Abdullayev, Rossiya Prezidenti huzuridagi Milliy masalalar bo‘yicha Kengash a‘zosi professor Vladimir Zorin, birinchi o‘zbek kosmonavti, Rossiya qaxramoni Solijon Sharipov, Tatariston O‘zbeklar milliy madaniy avtonomiyasi rahbari Abdumanno Abdusattorov va boshqalar so‘zga chiqdi.

Bugungi kunda Moskvada 35 mingdan ziyod o‘zbek millatiga mansub rossiyaliklar istiqomat qiladi. Rossiyaning har bir mintaqasida mavjud o‘zbek milliy-madaniy birlashmalari soniga oid raqamlar noma‘lumligicha qolmoqda.

Yangi tuzilgan Moskva shahar O‘zbeklar milliy-madaniy avtonomiyasi rasmiy saytida tashkilot Rossiyaning turli o‘lkalarida 17 yaqin o‘zbeklar jamiyatlarini birlashtirgani ko‘rsatilgan.

Rossiya Federal migratsiya xizmati o‘tgan yili Rossiyada ishlagan va yashagan muhojirlar soni 11 million kishidan oshganini xabar qildi. Rasmiy statistika ma‘lumotlarida bu davlatdagi o‘zbekistonliklar soni 2 million 750 ming nafarga yaqin, deb keltirilgan.
XS
SM
MD
LG