Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:48

Toshkentda kirakashlar ovi bo‘layapti


Shu kunlarda poytaxt soliqchilari va militsiya xodimlari hamkorligida Toshkentdagi kirakashlar faoliyati bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda. Reyd davomida ushlangan litsenziyasiz taksichilar 7 million so‘mgacha jarimaga tortilmoqda.

Toshkent shahar soliq inspektsiyalari va IIB yo‘l patrul xizmatlari xodimlari bir haftadan buyon o‘tkazayotgan reyd davomida deyarli har bir tumanda litsenziyasiz taksi haydovchilari ushlangan.

Bu haqda Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda gapirgan Toshkent shahar soliq boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, ushbu reyd “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning amaldagi ijrosini tekshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Soliqchi tadbir hali nihoyasiga yetmagani uchun reydga oid raqamlar matbuotga berilmasligini bildirdi.

Mirzo Ulug‘bek IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, reyd davomida tuman bo‘yicha ikki nafar taksichi ushlangan. O‘zini tanishtirmagan militsiya xodimi ushbu haydovchilar ilk bor ushlangani uchun ularga jarima solinganini aytdi. Lekin jarima miqdorini aniqlashtirmadi.

O‘zbekiston Davlat avtomobil nazorati Respublika bo‘limining navbatchi xodimiga ko‘ra, litsenziyasiz taksi haydovchilari 2 milliondan 7 million so‘mgacha jarimaga tortilmoqda.

2012 yilning 1 yanvaridan boshlab joriy qilingan taksichilik faoliyatiga doir yangi tartibga ko‘ra, fuqarolarning maxsus litsenziyaga ega bo‘lmasdan kirakashlik qilishi taqiqlanadi.

Toshkentlik taksi haydovchisi Anvar akaning mikrofonsiz suhbatda aytishicha, litsenziyasi yo‘qligi bois reyd boshlanganidan buyon uyida o‘tirishni ma‘qul ko‘rgan.

“Lizentsiya olishga qurbim yetmaydi. Buning uchun Neksiyamni bo‘yatib, schetchik o‘rnatishim kerak. Yana ancha-muncha harajatlari bor. Bir tanishim bunga 3 million so‘mga yaqin sarfladi. Buncha ortiqcha pulim yo‘q. Keyin mashinani kraska qildirsangiz, sotmoqchi bo‘lganingizda narxi ancha arzon bo‘ladi. Shunaqa reyd bo‘lgan paytlari ko‘chaga chiqmayman, shu bilan har safar amallab qutilib qolayapman”, deydi toshkentlik Anvar aka.

O‘zbekistonda kirakashlik aholi ishsiz qatlamlarining asosiy daromad manbalaridan biriga aylangan.

Amaldagi tartibga muvofiq taksilar butun O‘zbekiston bo‘ylab sariq rangga, Toshkentda esa qaymoq rangiga bo‘yalishi lozim. Ularning tomiga zarg‘aldoq rangda TAXI yozuvi tushirilgan fonar o‘rnatilishi, oldingi eshikda esa shashka va T harfi aks etishi lozim.

Bundan tashqari, taksining bo‘shligini anglatuvchi yashil chiroq, hisoblagich, radio aloqa, nazorat-kassa mashinasi hamda plastik karta to‘lov terminali o‘rnatilishi lozim.

Ikki yil avval joriy qilingan tartibni ilk bor buzgan taksi haydovchilariga ma‘muriy jazo, ikkinchi bor buzgan jismoniy shaxsga jinoiy jazo qo‘llaniladi.

Litsenziyasiz taksichilik qilgan shaxs ikkinchi bor ushlanganida Jinoyat kodeksining 190-moddasiga ko‘ra, uch yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi yoki eng kam ish haqining 25 barobari (2402625 so‘m)dan 75 barobari (7207875 so‘m)gacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortiladi. (Hozirda eng kam oylik ish haqi- 96105 so‘m)

Yangi tartibni buzgan yuridik shaxslarga belgilangan ma‘muriy jazo eng kam ish haqining 50 barobaridan 150 barobariga qadar qilib belgilangan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida 10 mingdan ziyod reyd o‘tkazilib, minglab haydovchi jarima, o‘nlab taksichi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, o‘tgan yilning noyabr oyida andijonlik taksichi Z. Olimjonov litsenziyasiz faoliyati uchun jazolanib, ikki yilga axloq tuzatish ishlariga jalb etildi.

Gazeta.uz nashri bergan ma‘lumotga ko‘ra, Toshkent shahrida aholiga taksi xizmati ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod shirkat va ular ixtiyorida bo‘lgan 1200 tadan ortiq avtomashina mavjud.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yangi tartib yo‘lga qo‘yilmasidan avval O‘zbekiston poytaxtida 35 ming atrofida litsenziyasiz "kirakash" bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG