Линклар

O‘zbekistonda terroristik hurujlar to‘g‘risida xabar bermaganlik hamda terroristik faoliyatni amalga oshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi.

Respublika Prezidenti 20 yanvar kuni imzolagan yangi qonun bilan mamlakat Jinoyat Kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi.

Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova Ozodlik savollariga javob berar ekan, yangi qonun “terrorchilikning oldini olishga” xizmat qiladi, dedi.

Senator Ortiqovaning aytishicha, yangi qonun bilan Jinoyat Kodeksi 155- moddasi, 1- va 2- bandlari yangi tahrirda berildi:

155- moddaning 1- bandida amalga oshirilgani yoki tayyorlanayotgani dastlabki tergov va sud surishtiruvi bilan isbotlangan terroristik xarakterdagi jinoyat to‘g‘risida xabar bermaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgan.

Bunday jinoyatni sodir etgan shaxs eng kam ish haqining 100 barobaridan 300 barobarigacha bo‘lgan miqdordagi jarimaga tortiladi yoki 3 yilgacha bo‘lgan muddatga axloq tuzatish ishlariga yoxud 3 yildan 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinadi.

Agar shunday qilmish odamning o‘limiga yoki og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ayblanuvchi eng kam ish haqining 300 barobaridan 600 barobarigacha bo‘lgan miqdordagi jarimaga tortiladi yoki 5 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinadi.

155- moddaning 2- bandida terroristik faoliyatni amalga oshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yilgan.

Bunday jinoyatni sodir etgan shaxs eng kam ish haqining 300 barobaridan 600 barobarigacha bo‘lgan miqdordagi jarimaga tortiladi yoki 3 yilgacha bo‘lgan muddatga axloq tuzatish ishlariga yoxud 5 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinadi.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs agar tergov organlariga o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgani to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan xabar bersa, jinoyatning ochilishiga faol yordamlashsa, bunday mashg‘ulotlarda ishtirok etgan boshqa shaxslarni yoxud bunday mashg‘ulotlarni uyushtirgan va moliyalashtirgan shaxslarni topishga, mashg‘ulotlar o‘tkazilgan joyni aniqlashga yordam bersa va boshqa jinoyatlarga aralashmagan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi ham 155- moddaning 2- bandida nazarda tutilgan.

Yangi qonunning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan zarurat to‘g‘risida gapirar ekan, senator Ortiqova bunday dedi:

- Jinoyat Kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlarni kiritishdan oldin biz, albatta, xalqaro amaliyotni ham o‘rganib chiqdik. Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatayaptiki, rivojlangan davlatlar ham o‘z jinoyat kodekslariga xuddi shunday qo‘shimchalarni kiritmoqda. Terrorchilik hurujlariga qarshi bir xil kurashish uchun uchun milliy qonunchiligimizga o‘zgartishlar kiritishni hayot taqozo etdi, dedi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova

Yangi qonun bilan Jinoyat Kodeksining 155- moddasi, 1- va 2- bandlaridan tashqari boshqa bir qator moddalar: 155- (Terrorchilik), 158- (Prezidentga tajovuz), 161- (Qo‘poruvchilik), 242- (Jinoiy guruh tashkil qilish), 245- (Garovga olish), 254- (Radioaktiv moddalardan g‘ayriqonuniy foydalanish) kabi moddalar terroristik xarakterdagi jinoyatlar qatoriga kiritilgan.
XS
SM
MD
LG