Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:23

Xorazmlik o‘quvchilar maktabga ikki bog‘ o‘tin bilan borayapti


Xorazm viloyatidagi tabiiy gazdan uzib tashlangan maktablarni isitish uchun pechka o‘rnatish maqsadida o‘quvchilarga 20 ming so‘mdan “soliq” solindi. Pechkada yoqiladigan ko‘mir va o‘tin ham o‘quvchilar zimmasiga yuklandi. O‘quvchilar navbati bilan maktabga ikki bog‘dan g‘o‘zapoya olib kelishga majburlanmoqda.

Pechka uchun 20 ming so‘m


Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi 5-sonli maktabni isitish uchun o‘quvchilar hisobidan pechka o‘rnatilyapti.

Bu haqda Ozodlikka WhatsApp orqali shovotlik mushtariy xabar yo‘lladi.

“Shovot tumanidagi 5-sonli maktabda isitish uskunalari ishlamay yotibdi. Sinf xonalarini isitish uchun pechka o‘rnatilayapti. Pechkani sinf xonalarining burchagiga o‘rnatayaptilar. Bularning barchasi o‘quvchilarning pullariga qilinayapti”, deya xabar yo‘lladi ismini yozmagan shovotlik mushtariy.

​Ozodlik muxbiri ushbu xabar ortidan Shovot tumanidagi qishloq maktablari bilan bog‘lanib, ularning barchasida pechkalar o‘rnatilayotganini aniqladi.

Xorazm maktablariga shu ko‘rinishdagi pechkalar o‘rnatilmoqda.
Xorazm maktablariga shu ko‘rinishdagi pechkalar o‘rnatilmoqda.
Ma‘lum bo‘lishicha, bu jarayon nafaqat Shovotda balki Xorazmning barcha tumanlaridagi qishloq maktablarida ham bormoqda va pul mutlaqo o‘quvchilardan undirilmoqda.

- Maktabimizda gaz yo‘q. Maktab direktori, o‘qituvchilar, sinf rahbarlari har bir o‘quvchi 20 ming so‘mdan olib kelsa, pechь quramiz, deb pul olishayapti, - deydi bir farzandi maktabda o‘qiyotgan yangibozorlik ayol ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Shovot tumanidagi maktablardan birining direktor o‘rinbosari ismini ochiqlamaslik va ovozini yozmaslik sharti bilan aytishicha, maktablarga mutasaddi tashkilotlardan og‘zaki berilgan buyruq asosida isitish pechkalari uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilmoqda.

Har bir o‘quvchiga ikki bog‘ g‘o‘zapoya “solig‘i”


Hazorasp tumanida yashovchi, ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mushtariyning ikki farzandi maktabda o‘qiydi. Uning aytishicha, maktablarga o‘rnatilgan pechkalarga yoqiladigan ko‘mir ham o‘quvchilar hisobidan olinmoqda.

“Ko‘mirni ham o‘quvchilardan yig‘ilgan pulga olayapti. 200 ming so‘m ekan pechkaning o‘rtacha narxi. Bir sinfda 20 o‘quvchi bo‘lsa, bir pechkani, masalan, 10 o‘quvchining puliga oladi, qolgan o‘quvchilarning puliga ko‘mir olib qo‘yadi. Qishdan chiqquncha ozginadan yoqib, bir amallaymiz, deyishibdi o‘qituvchilar”, deydi hazorasplik mushtariy.

Shuningdek suhbatdoshlarimizga ko‘ra, o‘quvchilar maktabga o‘tin olib borishga ham majburlanmoqda.

- Har kun ikki bog‘ g‘o‘zapoya olib keladi, deb o‘quvchilarga shunday majburiy nima qo‘yib turibdi bizning maktabimizda. Har bir o‘quvchiga sinf rahbari “Ikki bog‘ o‘tin olib kelasizlar. O‘tinni yoqib, keyin ko‘mir yoqamiz”, deb shu shartni ham qo‘yibdi, 20 ming so‘mning yoniga. Har o‘quvchiga ikki bog‘ g‘o‘zapoya. Masalan, bir sinfda 30 o‘quvchi bo‘lsa, navbati kelganda yana ikki bog‘ g‘o‘zapoya olib boradi, - deydi yangibozorlik ayol.

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, agar o‘quvchi g‘o‘zapoya topa olmasa, pul berishi lozim. Hozirda Xorazmda bir bog‘ g‘o‘zapoyaning narxi 800-1000 so‘m atrofida.

Xorazm viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, pechka o‘tgan yili tabiiy gazdan uzib tashlangan qishloqlardagi maktablarga o‘rnatilmoqda.

Ammo, boshqarmaning ismini ochiqlamayotganimiz mulozimi isitish pechkalari o‘quvchilar hisobidan o‘rnatilayotganini inkor qildi.

- Shu paytgacha gazdan uzilgan maktablarning 40 foiziga pechka o‘rnatilgan. Bu maktablarning barchasi ko‘mirga moslashtirildi. Pechka va ko‘mir uchun mablag‘ ta‘lim ta‘minotidan olinayapti, - dedi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

O‘tgan yili Xorazmning turli tumanlaridagi 70 mingta xonadon gaz quvurlari qirqilib, tabiiy gazdan butunlay uzib tashlandi.
XS
SM
MD
LG