Линклар

logo-print
O‘zbekistonda 11 dekabrdan buyon chop qilinmayotgan eng katta tirajli, ko‘ngilochar “Darakchi” va “Sug‘diyona” xususiy gazetalari faoliyati 22 yanvardan boshlab yana tiklanishi aytilmoqda. Bu haqda Darakchi.uz sayti o‘rnida paydo bo‘lgan Pressnews.uz internet nashri xabar tarqatdi.

Pressnews.uz internet nashri xabarida aytilishicha¸ “Darakchi” ijodiy uyi” mas‘uliyati cheklangan jamiyati xodimlari seshanba kunidan boshlab vaqtinchalik ta‘tildan chaqirib olingan va ulardan o‘z faoliyatini davom ettirishi so‘ralgan.

Ularga “Darakchi” va “Sug‘diyona” gazetalarining bu yilgi ilk soni 31 yanvar kuni do‘konlarga chiqishi ham bildirilgan.

“Darakchi” va “Sug‘diyona” gazetalari zimmasidagi ta‘qiqning olib tashlangani haqida Ozodlikning O‘zbekiston prezidenti devonidagi manbasi ham xabar qilgan edi.

Manbaning aytishicha¸ “Darakchi” va “Sug‘diyona” xususiy gazetalarining egasi almashgan. Ammo, manba gazetaning yangi egasi kim ekani haqidagi ma‘lumotni ochiqlamadi.

“Darakchi” ijodiy uyi” taniqli tadbirkor Firdavs Abduholiqov tomonidan 1992 yilda tashkil qilingan bo‘lib¸ qisqa muddatda mamlakatdagi eng ommabop gazetaga aylangan edi.

Gazeta yopilganidan buyon Firdavs Abduholiqovning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda.

Vesti.uz gazetasi Abduholiqovning tergov qilinayotgani, Uznews.net internet nashri esa uning qamoqda ekani haqida yozgan.

Fergana.ru nashri esa Firdavs Abduholiqov o‘z qarindoshlari bilan birgalikda taftishlar boshlanishi bilanoq O‘zbekistonni tark qilgani borasidagi taxminni ilgari surgandi.

“Darakchi” bilan bog‘liq vaziyatdan yaxshi xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, Firdavs Abduholiqov oilasi, singlisi va opasi bilan birgalikda Germaniyada yashamoqda.

Ayni paytda Ozodlik ushbu xabarni boshqa manbalar orqali tasdiqlatish imkoniga ega bo‘lmadi.

“Darakchi” yopilishidan avval Abduholiqovga tegishli Samarqanddagi STV telekanalining ham faoliyati tugatildi. STV Gulnora Karimovaga mansubligi aytiladigan bir qator telekanallar efirdan olinishi ortidan 31 oktyabrda yopib qo‘yilgan edi.

Mamlakat media bozorida o‘ziga xos nufuz va o‘ringa ega bo‘lgan “Darakchi” ijod uyi" boshidagi “qora bulut”lar Gulnora Karimova hamda uning izdoshlari, xususan, mediamagnat Firdavs Abduholiqovga nisbatan olib borilayotgan siyosat mahsuli sifatida ko‘rilgan edi.

Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biri bo‘lgan.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60 dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan "O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi"ga rahbarlik qilib keladi.

Taftish tugadimi?


Toshkentdagi “Darakchi” ijodiy uyi” mas‘uliyati cheklangan jamiyatida o‘tgan yilning 27 noyabrida boshlangan moliyaviy tekshirishlar 11 fevralgacha davom etishi aytilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan "Darakchi" xodimlaridan biriga ko‘ra, 11 yanvar kuni gazeta tahririyatida bo‘lib o‘tgan majlisda shu borada gapirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat Soliq qo‘mitasi va boshqa mutasaddi organ xodimlaridan iborat guruh “Darakchi” ijodiy uyi”ining 2000-2013 yillardagi moliyaviy faoliyatini taftish qilayotgan edi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, ushbu taftish hanuz tugamagan.
XS
SM
MD
LG