Линклар

logo-print
Kutilmagan bu yangilik O‘zbekistondagi Fuqarolik holatlarini qayd etish bo‘limlari xodimlari bilan suhbatlardan ma‘lum bo‘ldi.

Ulardan o‘zbekcha ism-familiyalarni yozish tartibi to‘g‘risida so‘rab-surishtirishga esa, qo‘shni Tojikiston bosh prokurorining tojikistonliklar o‘z familiyalariga ruscha -ov, -ev qo‘shimchalarini qaytarishga urinayotganidan bildirgan tashvishi sabab bo‘ldi.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining xabar qilishicha, Tojikiston bosh prokurori Sherxon Salimzoda rasmiy “Jumhuriyat” gazetasida e‘lon qilgan maqolasida tojik yoshlari o‘z familiyalariga ruscha -ov, -ev qo‘shimchalarini qaytarishga urinayotganidan chuqur tashvish bildirgan.

Bosh prokuror familiyasi ruscha qo‘shimchali fuqarolarni Vatanni
sevmaslikda aybladi

Ma‘lum bo‘lishicha, prokuratura bu sohada keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazgan va Bosh prokuror tekshiruv natijalari yoshlar orasida “ong va vatanparvarlik darajasi past ekanini ko‘rsatdi", degan.

Prokurorning maqolasida aytilishicha, so‘nggi 3 yil ichida Tojikiston Tijorat institutida 177, Pedagogika universitetida 113, Tibbiyot universitetida 123 talaba familiya va ota ismlarini milliy shaklda yozishdan voz kechgan.

Ozodlik radiosi tojik xizmati mavzuga oid o‘z maqolasida familiyalarga ruscha qo‘shimchalarni qaytarish tendentsiyasi mavjudligini qayd etdi va bunday qilishga, asosan tirikchiligini Rossiyada o‘tkazayotgan mehnat muhojirlari majbur bo‘layotganini yozdi.

Aftidan nomlari zikr etilgan oliy o‘quv yurtlari talabalari ham o‘qishni bitirgach, kelajagini Rossiya bilan bog‘layotgan ko‘rinadi.

Familiyadan ruscha -ov qo‘shimchasini olib tashlash namunasini esa mamlakat Prezidenti Imomali Rahmon ko‘rsatgan edi.

Umid bor edi...


O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ism-familiya yozish tartibi ham isloh qilinishini ko‘pchilik kutgan edi. Biroq ota ismiga qo‘shiladigan ruscha -vich, -ovna, -evna qo‘shimchalari o‘rniga o‘zbekcha “o‘g‘li”, “qizi”, deb yozdirishga huquq berilganini aytmasa, bu sohada boshqa o‘zgarish bo‘lmadi.

Farzand familiyasi qanday yozilishi otaning pasportiga bog‘liq

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ism-familiya yozishning joriy tartibi to‘g‘risida Samarqand viloyat Bulung‘ur tumani FHDYo bo‘limi xodimi aytib berdi:

- Farzandga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olish uchun fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat va Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma, tug‘ruqxona ma‘lumotnomasi bilan keladi. Otaning familiyasi farzandga familiya qilib beriladi. Lekin familiyadagi -ovni olib tashlashga haqimiz yo‘q.

Xodimning so‘zlariga qaraganda, ruscha qo‘shimchalardan voz kechishga qonuniy asoslar mavjud, lekin bu muammo ustida hech kim bosh qotirayotgani yo‘q.

Ozodlik: Agar ota iltimos qilsa-chi, o‘g‘lining familiyasidan -ovni olib tashlashni?

- Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning 15- moddasida bu narsa bor. Lekin bu juda qiyin masala.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risidagi qonunida “O‘zbekistonda yashovchi har qanday shaxs o‘zining ismini, familiyasini o‘zining an‘analariga mos ravishda qo‘yishi mumkin”, deyilgan.

G‘alati mantiq


Ha, familiyani milliy shaklda yozdirishga qonuniy asos mavjud, lekin pasport beruvchi idoralar xodimlari “familiya” deganda butun dunyo faqat ruscha shakldan foydalanadi, deb o‘ylaydi, shekilli.

Har holda FHDYo xodimlari aytgan gaplar shunday o‘ylashga majbur qiladi.

- Masalan, 94-yillarda -ovdan voz kechib familiya yozdirib ketganlar bor. Lekin endi shu kunga kelib, biometrik pasport berilayotgan paytda familiyang yo‘q ekan, deb qaytarib yuborishayapti. Odamlar kelib, familiyasiga -ovni o‘zlari yozdirib ketayapti.

Bulung‘ur FHDYo bo‘limi xodimi aytgan gapni uning asakalik hamkasbidan ham eshitdik. Uning aytishicha, 90-yillar o‘rtalarida tug‘ilgan fuqaro “Isroiliy” deb yozdirilgan familiyasini yaqinda o‘zgartirib ketgan.

Barak Obamayev


Biometrik pasport beruvchilar mantig‘idan kelib chiqilsa, hujjatning “familiyasi" degan chizig‘iga yoziladigan ism oxiriga ruscha -ov qo‘shilmaguncha pasport qonuniy bo‘lmaydi.

Falakning gardishi aylanib, aytaylik, Barak Obama yoki Imomali Rahmon O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib qolsa, ularning ham familiyasiga –ov qo‘shib berishadimi? Obamayev, Rahmonov bo‘lishadimi?

Rahmonberdining fikri


Mavzuni o‘rganar ekanmiz, Ozodlikning "Odnoklassniki" tarmog‘idagi mushtariylarini shu masalada muloqotga chorladik. Shu kunda Rossiyada ishlayotgan 22 yashar andijonlik Rahmonberdining mana bu gapi ko‘pchilik bildirgan fikrning yig‘indisi bo‘ldi, deyish mumkin:

- Biz rus mamlakatida emas, o‘zbek mamlakatida yashaymiz. Biz o‘zimizning mustaqil davlatimizga egamiz. Mustaqil mamlakat sifatida musulmonligimizni, o‘zbek ekanligimizni hisobga olsak, milliy shakldagi ism-familiyali bo‘lishga haqlimiz. Shu sohaning mutaxassislari, olimlari bor. Ular shu masalani hal qilib bersa, yaxshi bo‘lardi, - dedi Rahmonberdi.

Siyosiy iroda masalasi


Masalani Tojikiston qanday hal qilganidan bu, Rahmonberdi aytayotganday, olimlar hal qilishi kerak bo‘lgan masaladan ko‘ra, siyosiy irodaga bog‘liq masala ekani ko‘rinib turibdi.
XS
SM
MD
LG