Линклар

Bo‘stonliq tumani hokimi hibsga olingani xabar qilindi


Tiyonshon tog‘i etaklarida joylashgan Bo‘stonliq tumanida oromgohlar ko‘p.

Tiyonshon tog‘i etaklarida joylashgan Bo‘stonliq tumanida oromgohlar ko‘p.

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hokimligining Umumiy bo‘limi rasmiysi tuman hokimi Ibrohim Hakimboyev, uning o‘rinbosari va tuman bosh arxitektori o‘tgan shanba kuni qo‘lga olingani to‘g‘risida Internet nashrlarda paydo bo‘lgan xabarlarni rad etdi.

Ayni paytda tuman darajasidagi davlat idoralari xodimlari gaplariga qaraganda, tilga olingan mulozimlarning qo‘lga olingani to‘g‘risidagi gaplar asossiz emas.

Bo‘stonliq tumani hokimi Ibrohim Hakimboyev, uning o‘rinbosari va tuman bosh arxitektorini maxsus xizmat xodimlari shanba (19 yanvar) kuni qo‘lga olgani, hibs uchun hokimning go‘yoki “5 ming dollar miqdorida pora olgani” asos bo‘lgani to‘g‘risida o‘z manbalaridan olingan ma‘lumotga tayanib, uzmetronom.com sayti xabar qildi. Saytga ko‘ra, hokim porani pora beruvchiga yer uchastkasi ajratilishiga o‘z ta‘sirini o‘tkazgani uchun olgan.

Bo‘stonliq tuman hokimi qabulxonasida navbatchilik qilayotgan hokimlikning Umumiy bo‘limi xodimi voqea yuzasidan savolimizga javoban bunday dedi:

“Hokim ham, uning o‘rinbosari ham shu yerda, ishda. Qo‘lga olingani to‘g‘risidagi gaplar yolg‘on. Lekin hozir ulab berolmayman. Kabinetida yo‘qlar”.

- Bosh arxitektor ham ish joyidami, degan savolimizga xodim “U haqda bir narsa deya olmayman”, deb javob berdi.

Biz tumandagi bir necha davlat idoralari bilan ham bog‘landik.

Ulardan birining boshlig‘i ismi va idorasi nomi sir qolishi sharti bilan aynan mana bu so‘zlarni aytdi: “Bosh arxitektor nima bo‘lganini bilmaymanu zamhokim bilan hokim chiqdi, noto‘g‘ri muammo bo‘lgan bo‘lib chiqdi. Bu gaplar shanba kuni paydo bo‘luvdi. Hokim bilan o‘rinbosari kecha ishga chiqdi, deb eshitdim. Arxitektor ishga chiqdimi – yo‘qmi, bilmayman”.

Bo‘stonliqdagi yana bir davlat idorasi boshlig‘ining aytganlaridan kamida tuman arxitektori qo‘lga olingani aniq bo‘ldi:

“Hokim kasal. Ishga chiqmayapti. Lekin arxitektor qo‘lga tushganini eshitdik. Bu juma kungi gap. Yig‘ilishlardayam aytildiyu bu gap”.

Voqea yuzasidan butun haqiqatni, albatta, mulozimlarni qo‘lga olgan idora biladi, lekin bu idoradan ma‘lumot olish mutlaqo imkonsizdir.

Bo‘stonliq - Toshkent viloyatining shimoli-sharqidagi tuman bo‘lib, G‘azalkent shahri uning markazidir. Tiyonshon tog‘i etaklarida joylashgan bu tumanda Toshkent shahri va umuman O‘zbekiston aholisi dam oladigan ko‘plab oromgohlar mavjud.

Ma‘lumotlarga qaraganda, keyingi yillarda yirik tadbirkorlar va badavlat mulozimlar aynan Bo‘stonliqda “dala hovli” atalmish qasrlarini, restoran va kafelarini qurmoqdaki, natijada tumanning har qarich yeri narxi kundan kunga ortib bormoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda viloyat va tuman hokimlarining moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olinishi ko‘p kuzatilmoqda.

Toshkent shahri, Olmazor tumani hokimi Obid Zayniddinov 2013 yil 25 dekabrda milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingani xabar qilingandi. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hokim moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Dekabrь oyi boshida Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi Husniddin Jo‘rayev o‘z ish kabinetidan boshiga qop kiydirilgan holda olib chiqib ketilgan edi.

Noyabrda esa, Jizzax viloyati Zomin tumaniga 2009 yildan beri hokimlik qilib kelgan 50 yashar Azimov Uskan Bo‘riboyevich hibsga olingan edi.
XS
SM
MD
LG