Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:23

Rossiya Federal migratsiya xizmati muhojirlar uchun Call-markaz ochmoqchi


Federal migratsiya xizmati Rossiyaga mehnat qilgani kelayotgan muhojirlar uchun maxsus call-markazni ishga tushiradi. Bu xizmat yordamida viza talab qilinmaydigan davlat fuqarolari Rossiyada yana qancha vaqt turishi mumkinligini aniqlab olishlari mumkin. Bundan tashqari yaqin vaqt ichida Rossiya Federal migratsiya xizmati mamlakatga mehnat qilgani kelgan xorij fuqarolari uchun yangi "Internet xizmati"ni ishga tushiradi.

22 yanvar kuni Moskvada FMS boshqarmasining yakuniy kollegiyasi majlisida so‘zga chiqqan tashkilot direktori Konstantin Romodanovskiy yangi servis to‘g‘risida bularni gapirdi.

- Men xorij fuqarolari uchun kiritilgan 180 kun davomida yashashga ruxsat etilgan 90 kunlik rejimga muvofiq yana necha kun qolgani to‘g‘risida ma‘lumot beruvchi qo‘shimcha xizmat yaratish buyrug‘ini berdim, dedi Rossiya FMS rahbari Romodanovskiy.

U “180dan 90”, deb nomlangan yangi tartib migrantlarning bir kunda chegarani kesib o‘tib, yana Rossiyaga qaytib kirishiga barham berishini eslatib qo‘ydi.
Ta‘kidlash joyizki, “yarim yilda 90 kun” qoidasi faqat Rossiya Federatsiyasida ishga ruxsatnoma yoki mamlakatda yashashga ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarni ololmagan muhojirlarga taalluqlidir.

Migratsiya xizmati boshqarmasi rahbari Konstantin Romodanovskiy Kollegiya yig‘ilishi qatnashchilariga birgina Moskvaning o‘zida mehnat muhojirlariga ishga ruxsatnomalar tarqatish poytaxt byudjetiga 2 milliard rubldan ziyod daromad keltirganini bildirdi.

Rossiya Federal migratsiya xizmatida Ozodlikka FMS rahbari buyrug‘i allaqachon bajarilayotganini ma‘lum qilishdi.

- Moskva hukumati vakili Mayorov bugungi yig‘ilishda muhojirlarni tekshirishga mo‘ljallangan maxsus kompyuterlar va tizimlar ishga tushishini ovoza qildi. Hozirda FMS rasmiy saytida har qaysi xorij fuqarosi unga Rossiyaga kirish ta‘qiqlanganmi-yo‘qmi ma‘lumotini tekshirib beruvchi xizmat ishlayapti. Bundan tashqari, biz yana call-markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu markazga qo‘ng‘iroq qilib yoki internet orqali ariza tashlab, kerakli ma‘lumotlarni, jumladan, xorij fuqarolari yana qancha vaqt ruxsatnomasiz Rossiya hududida yashashi mumkinligi to‘g‘risida bilib olishlari mumkin, dedi Ozodlik so‘roviga javob bergan Rossiya FMS boshqarmasi matbuot markazi vakili Stanislav Stepanov.

Federal migratsiya xizmati xodimi hozircha raqami +7 (495) 636-98-98 bo‘lgan Telefon qo‘ng‘iroqlariga xizmat ko‘rsatish Markazini allaqachon ishga tushirganini ham qo‘shimcha qildi.

Rossiyaliklar FMS faoliyatidan norozi


Kuni kecha Rossiya FMS rasmiy saytida Rossiya fuqarolaridan Migratsiya idorasi faoliyatini baholash bo‘yicha onlayn-so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, qariyb 50% rossiyalik FMS faoliyatiga salbiy baho berdi.

Ozodlik o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida mustaqil so‘rov o‘tkazib, FMS rasmiy saytida muhojirlar uchun ochilgan “Axborot xizmatlar” ma‘lumotlar bazasi notekis ishlayotgani, ko‘p hollarda noto‘g‘ri ma‘lumotlar berilayotgani va xizmatdan foydalanishning o‘ta murakkabligi ustidan shikoyatlar tushayotganini aniqladi.

Rossiya FMS rasmiy xabariga ko‘ra, bugungi kunda 530 ming kishiga mamlakatga kirish ta‘qiqlangan, bu shaxslarning 20 foiziga Moskva shahri va viloyatiga to‘g‘ri keladi. Ma‘lum bo‘lishicha, 2013 yilda Rossiyaga 17,6 million xorij fuqarosi kirib kelgan, ulardan yarmidan ko‘pi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir.

Ayni paytda, Rossiya hukumati 2014 yilda atigi 100 ming migrantga ishga ruxsatnoma berilishini belgilab berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilning yanvar oyidan boshlab Rossiyada joriy qilingan migratsiya tartibiga binoan, ishga ruxsatnoma olmagan xorij fuqarosi yarim yil davomida 90 kungina turishi mumkin.
XS
SM
MD
LG