Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:19

Ism-familiyani o‘zgartirish tartibi qanday?


OzodJavobning navbatdagi sonida ism yoki familiyani o‘zgartirish tartib-qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Samarqandlik 44 yashar Murod OzodJavobga murojaat qilib, familiyasini o‘zgartirish niyati borligi va buning uchun kimga murojaat qilishni bilmayotgani haqida yozdi.

“Familiyamdan –ov qo‘shimchasini olib tashlamoqchiman. Bunga haqqim bormi o‘zi, buni bilmayman. Agar o‘zgartirish mumkin bo‘lsa, kimga murojaat qilish kerak? Qanday hujjatlar talab qilinadi? Qancha muddatda o‘zgartirib berishadi? Iltimos shular borasida ma‘lumot bersangiz”, deya so‘radi samarqandlik Murod aka.

O‘zbekiston Oila kodeksining 28-bobiga ko‘ra, har bir fuqaro ism-familiyasini o‘zgartirish huquqiga ega.

Ma‘lum sababga ko‘ra, ismi yoki familiyasini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan fuqaro o‘zi yashaydigan hududdagi Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) bo‘limiga murojaat qiladi.

Toshkentdagi FHDYo bo‘limlaridan birining ismini ochiqlamayotganimiz xodimiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan fuqaro ism yoki familiyasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, ota-onasining roziligi talab qilinadi.

“16 yoshga to‘lmagan fuqaro ismi, familiyasi yoki otasining ismini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa ZAGS idorasiga o‘zi va albatta ota-onasi bilan kelib ariza topshirishi kerak. Ariza ota-ona nomidan yozilib, farzandining roziligi ham ko‘rsatiladi”, deydi FHDYo xodimi.

16 yoshga to‘lmagan fuqaro ism yoki familiyasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, FHDYo bo‘limiga quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim:

- O‘zining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

- Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi nusxasi;

- Ota-onasining pasporti;

- Ota-onasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

- Ota-onasining nikohini tasdiqlovchi hujjat (Nikoh guvohnomasi)

FHDYo bo‘limi xodimiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan fuqaroning ismi yoki familiyasi bir kun ichida ichida o‘zgartirilishi mumkin.

Lekin 16 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolarning ismi yoki familiyasini o‘zgartirish borasidagi arizasi 45 kun mobaynida ko‘rib chiqaladi.

"16 yoshdan katta fuqarolar ariza va hujjatlarini bizga ya‘ni ZAGS bo‘limlariga topshiradi. Biz bu hujjatlarni Ichki ishlar bo‘limiga jo‘natamiz. Ichki ishlar organlari 30 kuni mobaynida maxsus tekshiruvdan o‘tkazgandan so‘ng bu borada xulosa beradi. Shu xulosa asosida yangi familiya yoki ism beriladi", deydi FHDYo xodimi.

16 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolardan talab qilinadigan hujjatlar:

- Ariza beruvchining pasporti;

- Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;

- Agar ota-onasi bilan birga yashasa, ota-onasining nikoh qog‘ozi;

- Ota-onasining pasporti;

"Agar fuqaro buvasining ismini abadiylashtirish maqsadida o‘zining familiyasini buvasining ismiga o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, tasdiqlovchi hujjat so‘raladi. Ya‘ni otasining tug‘ilganlik guvohnomasida buvasining ismi bo‘lishi kerak. Bu hujjatni ham bizga taqdim qilishlari lozim", deydi FHDYo xodimi.

Demak, qonunda ism yoki familiyani almashtirishga biror to‘sqinlik yo‘q. Lekin FHDYo xodimiga ko‘ra, fuqaro ism yoki familiyasini o‘zgartirsa, boshqa barcha hujjatlarini almashtirishi shart bo‘ladi.

"Men yoshi kattalarga ism yoki familiyasini o‘zgartirishni maslahat bermagan bo‘lardim. Deylik, 40 yoshdagi kishi familiyasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, u 40 yillik hujjatlarining barchasini almashtirishi shart. Avvalo tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi o‘zgartiriladi. Shu asosida maktabdan olingan attestat, institutni tugatgani haqida diplom, haydovchilik guvohnomasi, uy daftari, harbiy bilet kabi hamma hujjatlarini o‘zgartirib chiqishi shart. Har bitta hujjatni to‘g‘rilash uchun shu tashkilotlarga birma-bir borib chiqishi lozim. Keyin meros, vasiylik masalalarida ham ular qiynalishlari mumkin", deydi FHDYo xodimi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, agar ota-onaning har ikkalasining familiyasi o‘zgartirilganida ularning 16 yoshga to‘lmagan bolalarining familiyasi ham o‘zgartiriladi.

Agar ota-onadan biri o‘z familiyasini o‘zgartirsa, ularning 16 yoshga to‘lmagan bolalari familiyasini o‘zgartirish masalasi ota-onaning kelishuviga binoan, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa, vasiylik va homiylik organlari tomonidan hal etiladi.

Ota ismining o‘zgartirilishi uning 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ota ismi albatta o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladi.

Fuqaro ismi yoki familiyasi o‘zgarganligi to‘g‘risida IIBga 7 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur bo‘lsa, mudofaa ishlari bo‘limiga xabarnoma yuboriladi.

** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy, agar sizda bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishnigizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz, OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni skayp orqali Ozodskype yoki ErkinMikrofon manziliga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 777 148 199 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG