Линклар

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi jazoni o‘tash muassasalarida mahkumlarning qarindoshlari bilan uch oyda bir marta beriladigan 2 sutkalik uchrashuvlari amalda bir sutkaga tushirildi. Bu haqda “Ozodlik”ka Zarafshon, Navoiy va Qarshidagi koloniyalarda jazoni o‘tayotgan qarindoshlari bilan uchrashib qaytgan fuqarolar ma‘lum qildi.

Toshkentlik Z. Nosirovaga ko‘ra, uning turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga tajovuz qilish, noqonuniy diniy tashkilotlar safida bo‘lish singari ayblovlar bilan 7 yil ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lib, bir necha marta jazo muddatlari uzaytirilgan.

“Xo‘jayinim bilan so‘nggi marta yangi yildan so‘ng sutkalik uchrashuvlarda bo‘ldim. Avval 2 sutka berilardi, endi tartib o‘zgarib bu muddat bir sutkaga qisqaribdi. Xo‘jayinimning aytishicha bunday qoida faqatgina diniy mahkumlarga tatbiq etilayotgan ekan”, deydi Z. Nosirova.

O‘zbekiston IIVning JIEBB tasarrufidagi 64/36-muassasa Navoiy shahrida joylashgan bo‘lib, unda g‘ayriqonuniy diniy oqimlarga mansublikda ayblanib qamalgan eri B Ahmadaliyev bilan uchrashib qaytgan yangiyo‘llik Halima ham shu fikrni tasdiqladi.

“36-kolonkada ham ahvol shu. Borib kelganimga bir hafta ham bo‘lgani yo‘q. Bir kechaga ruxsat berishdi. Bizning dadamiz ham “Hizbut-tahrir”chilikda ayblanib, qamalgan. Olib borgan peredachalarimning ham yarmidan ko‘pini qaytarib olib keldim. Bilmayman, tartib o‘zgargan deyishyapti” deydi Halima.

Toshkentning Qoraqamish dahasida yashovchi fuqaro Obid Saidov akasi, jurnalist Dilmurod Saidov bilan Qashqadaryo viloyatining Shayxali posyolkasida joylashgan 64/51-muassasada 2013 yilning 14 dekabrida uchrashganini aytib, vaziyatga bir qadar oydinlik kiritishga urindi:

— Men Shayxalida hatto to‘rt soatcha uchrasha oldim akam bilan. Gap shundaki, sutkalik uchrashuvlarga borayotgan qarindoshlar yaxna ichimliklarga spirtli, alkogolli mahsulotlarni aralashtirib, mahkumlarga kiritish holatlari aniqlangan. Men borgan kuni koloniyani GUINdan komissiya bosgan, yuqorida aytganim kabi noxush holat sodir bo‘lgan ekan. Shu boisdan ham ma‘murlar sutkalik uchrashuvlar me‘yori va tartibini qattiq nazorat qilishmoqda. Hatto avval 10 kilodan peredachalar qabul qilingan bo‘lsa, endilikda bu miqdor 5 kilogrammgacha tushirilgan. 4 ta kir sovun va birgina issiq kiyimning o‘zi bir necha kilo tosh bosadi. Shuning uchun ham bu me‘yor juda kam — deydi Obid Saidov.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida kuzatilayotgan bunday holatlarning huquqiy asosi mavjud emas. Ya‘ni, O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy Ijroiya Kodeksi bilan tartibga solinadigan uchrashuv muddatlari va peredachalar berish tartibini koloniya rahbarlari yoki Ichki ishlar vazirlinining JIEBB rahbariyati tomonidan o‘zgartirilishi mumkin emas.

- Biz Parlament muhokamalarida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Ijroiya Kodeksi muhokama qilingan yoki unga o‘zgartirishlar kiritilganini kuzatganimiz yo‘q. Shunday ekan, bu boradagi har qanday o‘zgarishlar g‘ayri qonuniydir — deydi huquq faoli A. Tashanov.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi navbatchilik qismi qamoqxonalardagi mazkur tartib o‘zgarishlari yuzasidan izoh berishni istamadi.
XS
SM
MD
LG