Линклар

logo-print

O‘zbekistonda mijozlar uchun Internet narxi arzonlashi mumkin


O‘zbekiston prezidenti Internetni bo‘g‘ishga urinishni "axmoqlik" deb ataganiga qaramay¸ mamlakatda mustaqil va muxolifa Internet sahifalari to‘sib qo‘yilgan.

O‘zbekiston prezidenti Internetni bo‘g‘ishga urinishni "axmoqlik" deb ataganiga qaramay¸ mamlakatda mustaqil va muxolifa Internet sahifalari to‘sib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi mamlakatdagi Internet provayderlarga o‘z mijozlariga taqdim etilaëtgan xizmat tariflarini pasaytirishni tavsiya etdi.

Qo‘mita 22 yanvar kuni tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, O‘zbekistondagi operator va Internet provayderlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ularga Internet xizmatlari uchun tarif narxlarini arzonlashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan Internet xizmatlari sifati va ko‘lamini oshirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Qo‘mita ma‘lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda O‘zbekistonda xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy tezligi 1,3 barobar oshgan va bugungi kunda daqiqasiga 10 gigabitdan oshiq ma‘lumot olish imkoni mavjuddir.

Rasmiy iddaoga ko‘ra¸ 2011 yil bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda Internet tarmog‘iga ulanishning texnik imkoniyati 16 barobar oshgan.

Ayni paytda¸ provayderlar ko‘rsatayotgan Internet xizmati¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ talab darajasida emas.

O‘zbekistonda nashr etiladigan Infocom Internet jurnali bosh muharriri Aleksandr Suchkov Ozodlik bilan suhbatda keng polosali Internet hali ham ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun orzu bo‘lib qolayotganini aytadi:

- O‘zbekistonda Internet rivoji ko‘rsatkichlari yomon emas. Lekin boshqa mamlakatlar bu borada ancha o‘zib ketgan. Hozir bizning foydalanuvchilarimiz ham Internetda film ko‘rishni istamoqda. Lekin provayderlar ko‘rsatayotgan Internet xizmati bu borada zaiflik qilmoqda¸ deydi Suchkov.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ma‘lumotlariga ishonilsa¸ hozir O‘zbekistonda har uch odamning biri Internetdan foydalanish imkoniga ega.

O‘zbekistonda mobil telefon operatorlarining 3G Internet xizmatini yo‘lga qo‘ygani foydalanuvchilar sonining oshishiga turtki bo‘lgan omillardan biridir.

O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni 10 milliondan oshgan, shulardan 5 milliondan ko‘pining Internetga mobil aloqa orqali kirishi aytiladi.

- Ko‘pchilik tarmoqqa mobil telefon orqali kiradi. Lekin masala o‘zbekistonliklarning Internetdan foydalana olish, olmasligi haqida ketayotgani yo‘q. Masala¸ Internet sifati va narxida. Aynan mana shu bo‘yicha ortda qolayapmiz¸ deydi Suchkov.

Dekabrь oyida “O‘zbektelekom” shirkati O‘zbekiston provayderlari uchun tashqi kanal narxini 30 foizga arzonlatib, sekundiga 1 megabit uchun 322,04 AQSh dollari miqdorida narx belgilagan edi.

O‘tgan bir yil mobaynida O‘zbekistonda provayderlar uchun tashqi Internet kanaldan foydalanish xizmatlari 7 marta kamaytirildi. Lekin provayderlar mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmat tariflarini sezilarli tushirmadi.

Hozir O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari orasida Internet xizmati eng qimmat bo‘lgan mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Aholining o‘rtacha oyligi 200 dollar atrofida bo‘lgan O‘zbekistonda oyiga Internet uchun 100 dollardan ko‘proq haq to‘lashga to‘g‘ri keladi.

- 256 kilobayt tezlikdagi limitsiz Internet uchun oyiga 129 dollar to‘laymiz. Nima qilamiz, biz uchun boshqa tanlov yo‘q, Internet kerak, deydi Akmal ismli o‘zbekistonlik foydalanuvchilardan biri.

Jahon mamlakatlaridagi Internet tezligi va sifatini tadqiq etuvchi Ookla shirkati reytingiga muvofiq, O‘zbekiston Internet tezligi bo‘yicha jahondagi 188 mamlakat o‘rtasida 170-o‘ringa qo‘yildi.

Shirkatning NetIndex xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda Internet tezligi soniyasiga 2,42 Mb ni tashkil qiladi.

O‘zbekiston hukumati bir necha yildan buyon Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining "Internet dushmanlari" ro‘yxatidan tushmay keladi.
XS
SM
MD
LG