Линклар

115 million so‘mlik "prezident uy"lari to‘rt oy ichida to‘kilib ketmoqda


O‘zbekistonda qurilayotgan uylar aksariyatining "usti yaltiroq¸ ichi qaltiroq" ekani aytilmoqda.

O‘zbekistonda qurilayotgan uylar aksariyatining "usti yaltiroq¸ ichi qaltiroq" ekani aytilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘tgan yili qurilgan namunaviy uy egalariga ko‘ra¸ uy devorlari ayni kunlarda yorilib¸ suvoqlar uqalanib tushgan; issiqlik batareyalaridan suv oqib, pol taxtalari qayishib ketgan. Bu uylarni qurgan shirkat rasmiysi shikoyatlarning haqiqat ekanini tan oldi.

Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi ishchisi Bahodir Xalilov oilasi o‘tgan yil kuzida “Osiyo hamkor” qurilish firmasi qurgan namunaviy uylardan biriga ko‘chib kirgan.

Bu oila bekasi 31 yashar Muhabbat Eshqobilova¸ o‘zlariga topshirilgan to‘rt xonali kottejni “prezidentga ko‘z-ko‘z qilinadigan” namunali uy deb atashning o‘zi uyat ekanini aytadi:

- Sentyabr oyida biz uyga kirganimizda u bir dahshatli ahvolda edi. Pollar qiyshayib, tushib ketgan. Devorlar tars-tars yorilgan. Hatto tepaga qo‘ygan plitalari ham yorilgan. Hovlini o‘ragan devorlar ham tushib ketayapti, deydi uy bekasi.

Muhabbat Eshqobilova o‘zi yashayotgan "namunaviy uy"ga o‘rnatilgan issiqlik batareyalari holiga maymunlar yig‘lashini alohida ta‘kidlaydi:

- Bu batareyalar ham sifatsiz, qayerdandir topib eskilarini qo‘yishgan. Mana hozir ham chak-chak suv oqib yotibdi. Bu uylar shunchaki nomiga, “prezidentga buncha uy qurdik” deb aytish uchun qurilgan¸ shekilli. Uyni qurib bergan qurilish firmasiga bir necha bor murojaat qildik. Lekin hech kim dardimizga quloq solmayapti, deydi Muhabbat Eshqobilova.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi yonida joylashgan Boshbuloq shaharchasida ayni shunday 200 ta uy qurilgan va bu uylarning aksariyati shu ahvolda.

Muhabbat Eshqobilova o‘zlariga ko‘chib kirish uchun tappa-tayyor deb foydalanishga topshirilgan uyni qaytadan ta‘mirlab olish uchun oilada mablag‘ yo‘qligidan shikoyat qiladi:

- Erimning oyligini yarmi kredit to‘lashga ketayapti. Yarmi esa ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetayapti. Uy esa borgan sari to‘kilib borayapti, hozir namunaviy uydan asar ham qolmadi, deydi uy bekasi.

Zavod ishchisiga 115 million so‘mga sotilgan bu uy uchun Bahodir Xalilov bankdan kredit olib uyning bir qism pulini naqd to‘lagan. Qolganini 15 yil davomida maoshidan to‘lab borish majburiyatida.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘zini Dehqonoboddagi namunaviy uylar qurilishi bilan shug‘ullanadigan “Osiyo hamkor” tashkiloti boshlig‘i Bobonazar deb tanishtirgan shaxs uylarning sifatsiz qurilganini bevosita tan olar ekan, Muhabbat Eshqobilova tasvirlagan avholni uylarning foydalanishga to‘liq tayyor bo‘lmay turib topshirilgani bilan izohladi:

- Hozir ob-havo to‘liq remontdan chiqarishga yo‘l bermayapti. Hali ulardan biror kishi ham oldik¸ deb qo‘l qo‘yib bergani yo‘q. Ularning hammasi menda kvartirant bo‘lib turibdi, dedi Bobonazar.

Ozodlik muxbirining "Bitmagan uyga kim order beradi?” degan savoliga javoban:

- Mablag‘ yo‘q, pul yo‘q, men 25 sentyabrdan beri birorta yo‘nalishga pul olganim yo‘q. Kamchiliklarni esa 18 fevralgacha qilib beramiz, va‘da beraman, dedi “Osiyo hamkor” tashkiloti direktori Bobonazar.

Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda prezident topshirig‘i bilan qurilayotgan namunaviy uylarning aksariyati sifatsiz ekanligi va bu uylar qurilishi uchun asli kasbi quruvchi bo‘lmagan o‘qituvchi-talabalar jalb qilinayotganidan shikoyat qildilar.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasida 17 yanvaryu kuni qilgan chiqishida 2013 yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joy barpo etilgani va bu maqsadlar uchun 650 million dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgani haqida maqtandi.

Ozodlik o‘rgangan ma‘lumotlarga ko‘ra, namunaviy uylar qurilishi uchun o‘qituvchi va shifokorlar oyliklaridan ushlab qolinayapti, kasbi quruvchi bo‘lmagan shaxslar qurilishga majburiy tarzda jalb qilinmoqda.

Xususan¸ 22 yanvar kuni Ozodlikka gapirgan jizzaxlik o‘qituvchilarga ko‘ra, mahalliy hokimlik o‘zlari va hatto o‘quvchilarga namunaviy uylar qurilishi uchun o‘lpon solmoqda.
XS
SM
MD
LG