Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:46

O‘zbek matbuoti sobiq "bosh tsenzurachisi" o‘limi haqida lom-mim demadi


Rasmiylar davrasida Rustam Shog‘ulomov birinchi qatorda o‘ngdan uchinchi.
Rasmiylar davrasida Rustam Shog‘ulomov birinchi qatorda o‘ngdan uchinchi.
O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasiga uzoq vaqt raislik qilgan Rustam Shog‘ulomov 81 yoshida olamdan o‘tdi. Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ marhum 21 yanvar kuni Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan.

Dafn marosimida qatnashgan jurnalist Sharof Ubaydullayevning aytishicha¸ Rustam Shog‘ulomov 20 yanvardan 21 yanvarga o‘tar kechasi olamdan o‘tgan:

- Rahmatli uyqusida olamdan o‘tdi. Yurak xurujidan o‘ldi. Chig‘atoy qabristonidagi oilaviy xilxonasiga dafn qildik. U kishi bilan uzoq vaqt birga ishlagan edik¸ deydi keksa jurnalist Sharof Ubaydullayev.

Sovet davrida O‘zbekistondagi “yosh leninchi” gazetasida muharrir sifatida ish boshlagan Rustam Shog‘ulomov mamlakat mustaqilligi arafasida O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasiga rais qilib tayinlandi.

Jurnalist Sharof Ubaydullavning aytishicha¸ Rustam Shog‘ulomov matbuotga xizmati singgan o‘tkir jurnalist bo‘lgan.

O‘zbekistonlik shoira va siyosiy faol Dilorom Ishoqovaning aytishicha¸ Rustam Shog‘ulomov Mixail Gorbachyov e‘lon qilgan oshkoralik va qayta qurish siyosatiga printsipial qarshilik qilib kelgan matbaachilaridir.

1989 yilda O‘zbekistonda chop qilingan “Erkin so‘z “ gazetasi tashkilotchisi¸ hozirda Uznews.net Internet gazetasi muharriri Qudrat Bobojonning eslashicha¸ Rustam Shog‘ulomov so‘z erkinligi degan so‘zni ich-ichidan yomon ko‘rgan:

- 1989 yilda men “Erkin so‘z” gazetasini qayddan o‘tkazish uchun uning qabuliga kirdim. U kishinining asosiy e‘tirozi gazetaning nomiga bo‘ldi. Nima degani erkin so‘z¸ nima erkin emas so‘z ham bor ekanmi¸ deb meni oshkora haqorat qilgan edi. Keyinroq “Munosabat” va “Erk” gazetalarida ishlagan chog‘imda¸ u kishini matbuot va so‘z erkinligining ashaddiy dushmani bo‘lgan tsenzor sifatida tanidim. “Erk” gazetasini sudga berib yoptirish tashabbusi ham Shog‘ulomovdan chiqqan edi. 1999 yili Urganchda men bosh muharrir bo‘lgan mustaqil telekanal yopilishini ham Shog‘ulomov tashkil qilgan¸ deydi hozirda Shvetsiyadan boshpana topgan Qudrat Bobojon.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Shog‘ulomov talabi bilan 1999 yili Toshkentdagi “Mening shahrim” va “Evropa qo‘shuv” radiolari yopib qo‘yilgan.

Rustam Shog‘ulomov O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasiga rahbarlik qilgan davr matbuot ustidan shafqatsiz tsenzura o‘rnatilgan va ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi roli cheklangan vaqt sifatida eslanadi.

Shog‘ulomov bilan birga ishlagan keksa jurnalist Sharof Ubaydullayev ham bu holatni e‘tirof qiladi:

- Bir vaqtlar dadil bo‘lgan matbuot ustidan Rustam Shog‘ulomovning sovet davridan ham o‘tib tushadigan tsenzura o‘rnatgani rost. Ammo Shog‘ulomov ishlagan davr murakkab edi. U kishini o‘z davridan ayirib bo‘lmaydi¸ deydi suhbatdosh.

Rustam Shog‘ulomov 2005 yilda O‘zbekiston Davlat matbuot qo‘mitasi raisligidan olinib¸ “O‘zbekiston” nashriyotiga ishga tayinlandi.

Rustam Shog‘ulomov “O‘zbekiston”nashriyotiga boshchilik qilganida mamlakat prezidenti Islom Karimovning o‘nlab nomdagi kitoblarini milliionlab tirajda muntazam chop qilish yo‘lga qo‘yildi.

Buning barobarida O‘zbekistondagi atoqli yozuvchilar kitoblari qog‘oz va mablag‘ yo‘qligi bahonasida nashr rejasidan olib tashlandi. Mustaqillik paytida Mamadali Mahmudov¸ Emin Usmon¸ Gulchehra Nurullayeva kabi yozuvchilarning biror kitobi nashr yuzini ko‘rmadi.

Oxirgi kitobi 1989 yili chop etilgan shoira Dilorom Ishoqova nazarida Rustam Shog‘ulomov O‘zbekistonda nafaqat matbuot¸ balki matbaachilikni ham o‘ldirgan mulozim sifatida esda qoldi.

21 yanvar kuni toshkenliklar “kommunistlar mozori” deya ataydigan “Chig‘atoy” qabristoniga ko‘milgan sobiq mulozim haqida O‘zbekiston rasmiy matbuoti bir og‘iz ham ta‘ziyanoma chop etmadi.

Sharof Ubaydullayevning aytishicha¸ u sadoqat bilan xizmat qilgan rasmiy matbuot uning o‘limi haqidasukut saqladi:

- Bunday sistemani Rustam Shog‘ulomovning o‘zi joriy qilgan edi. Rustam Shog‘ulomov matbuot rahbari bo‘lib turgan paytda o‘zbek xalqining qancha atoqli arboblari olamdan o‘tgan edi. Ammo Shog‘ulomov rahbarlik qilgan matbuot bu yo‘qotishlar haqida sukut saqlagan edi. Bugun bu matbuot o‘zining eski xo‘jayini o‘lgani haqida ham sukut saqlamoqda¸ deydi keksa jurnalist.
XS
SM
MD
LG