Линклар

O‘zbekistonda Coca-cola shirkatining ikki boshqaruvchisi qamoqqa olingan


“Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan” shirkatining salqin ichimliklar bozoridagi yagona monopolistga aylangani aytiladi.

“Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan” shirkatining salqin ichimliklar bozoridagi yagona monopolistga aylangani aytiladi.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazorat qilishi taxmin etiladigan “Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan” shirkatining ikki top-menejeri firibgarlikda ayblanib hibsga olingan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi manbasiga tayanib xabar bergan Frans-press agentligi qamalganlar shaxsini ochiqlamadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, “Coca-Cola Ichimligi – Uzbekiston” shirkatining ikki boshqaruvchisi shirkat mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish va moliyaviy hujjatlarni soxtalashtirish kabi ayblovlar bilan o‘tgan yil dekabr oyida hisbga olingan.

Qamoqqa olingan Coca Cola shirkati top-menejerlari ismi-sharifi va qaysi lavozimlarda ishlaganliklari hozircha ma‘lum emas.

Ozodlik muxbirining “Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan” shirkatiga bu ma‘lumotni o‘rganish yuzasidan qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan ham bu yuzadan rasmiy ma‘lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Frans press axborot agentligi xabariga ko‘ra, "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekiston" shirkatida prokuratura xodimlari o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida ko‘plab qonunbuzarlik holatlarini aniqlangan.

Jumladan, hibsga olingan rahbar xodimlar shirkatning 12 million AQSh dollariga teng mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.

Shuningdek, ular mamlakatga olib kelingan 4.6 million AQSh dollarilik shakar uchun soxta deklaratsiya tuzganlik, moliyaviy hujjatlarni soxtalashtirishda ham ayblanmoqda.

Barcha qonunbuzarliklar 2010-2013 yillar oralig‘iga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbek Coca-Colasi tarixi


O‘zbekiston bozorida 1993 yildan beri faoliyat olib borayotgan “Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD” qo‘shma korxonasi turli idishlarda besh xil – Coca-Cola, Coca-Cola Zero, Fanta, Sprite, Bonaqua va Fuse Tea, Ice Tea salqin ichimliklarini ishlab chiqaradi.

Shirkat O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning sobiq eri¸ AQSh fuqarosi¸ asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiy oilasi tomonidan Toshkentda tashkil qilingan edi.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi Maqsudiydan ajrashgach, Gulnora Karimova sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan" korxonasini tortib olgani aytiladi.

2001 yilning avgustida "Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan" kompaniyasida taftish boshlanib, Maqsudiylarning bir qancha qarindoshi qamoqqa tashlangan edi.

Keyinchalik Gulnora Karimovaning Coca-Cola kompaniyasi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani aytiladi.

Coca-Cola boshqaruvchilari Shveytsariya prokuraturasi nishonida

2012 yilning iyul oyida "Coca-Cola Icihmligi Uzbekiston, LTD" kompaniyasining ikki xodimi Shohruh Sobirov va Alisher Ergashevlar Jenevada hibsga olingan edi.

Shveytsariya prokuraturasi matbuot xodimi Ozodlik bilan ëzishmalarda bu ikki shaxsning pul yuvishga doir jinoyat ishi doirasida qo‘lga olinganini ma‘lum qilgan edi.

2012 yilning 16 oktyabr kuni Shveytsariya Bosh prokuraturasi Shohruh Sobirov va Alisher Ergashevni katta garov puli evaziga qo‘yib yubordi¸ ammo ularga ochilgan tergov jaraëni to‘xtatilmaganini bildirdi.

Ozodlik manbalari¸ Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan bu ikki shaxsning¸ Yevropadagi qator prokuraturalari tomonidan taftish qilinaëtgan "o‘zbeklar ishi" deb nom olgan pul yuvish va korruptsiya doirasida hibsga olinganini bildirgan.

O‘zbekistonga olib ketilgan bu ikki menejerning keyingi taqdiri va O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan hibsga olingan Coca-Cola boshqaruvchilarining aynan Shohruh Sobirov va Alisher Ergashev bo‘lish ehtimolini aniqlashtirishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Hozirda AQShdagi Coca-Cola shirkati "Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd" ning 42.9 foizlik aktsiyasiga egadir. Ozodlik amerikalik aktsiyadorlarning hibslarga oid munosabatini o‘rganishga urinmoqda.

Qolgan 57.1 foizlik ulushni Toshkent viloyati Nazarbek posyolkasida joylashgan Muzimpex deb ataluvchi shirkat nazorat qilishi aytiladi.
XS
SM
MD
LG