Линклар

logo-print
Sirdaryodagi Pengzhong Xingsheng O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi UZTE Grand X Quad va UZTE Grand X II nomli ikki turdagi yangi smartfonlarni sotuvga chiqarayotganini ma‘lum qildi. O‘zbekistonda yig‘ilayotgan yangi smartfonlar Android operatsion tizimining oxirgi versiyasi asosida ishlaydi.
UZTE Grand X Quad smartfoni 5 dyumli sensorli ekran va 8 megapikselli kameraga ega. Operativ xotirasi 1 gigabayt, qo‘shimcha xotirasi 4 gigabaytni tashkil etadi.
UZTE Grand X II smartfonining esa 4,5 dyuymli sensorli ekran, avtofokus va besh megapikselli kamerasi bor. Har ikki smartfonga Android 4.2 operatsion tizimi o‘rnatilgan.
Yangi telefonlarning aniq narxi hozircha e‘lon qilinmadi.
Sirdaryodagi Pengzhong Xingsheng O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining savdo departamenti direktori Aleksandr Mironov Ozodlik bilan suhbatda UZTE brendi ostida ishlab chiqarilayotgan yangi avlod mobil telefonlari narxi yaqin kunlarda e‘lon qilinishini aytdi.
Uning aytishicha, jahonning yetakchi shirkatlari ishlab chiqarayotgan telefon apparatlaridan aslo qolishmaydigan bu telefon narxlari oddiy aholi cho‘ntagi ko‘taradigan darajada bo‘ladi.
- Bu telefonlarni sifati Samsung –Galaxy S3 telefonlari bilan deyarli bir xil, narxi esa ikki baravar arzon. Biz buni O‘zbekistondagi o‘rta va quyi qatlam vakillari uchun mo‘ljallab chiqaryapmiz, - dedi Mironov.
Jizzax maxsus industrial zonasida tashkil etilgan Pengzhong Xingsheng O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining UZTE smartfonlari hozircha Xitoyda ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlar asosida yig‘ilyapti.
Aleksandr Mironovning aytishicha, kelajakda bu ehtiyot qismlarning aksar qismini O‘zbekistonda ishlab chiqarish mo‘ljallanyapti.
- Dastlabki yilda smartfon ehtiyot qismlarning bosh foizini O‘zbekistonni o‘zida ishlab chiqarishni rejalayapmiz. Kelasi to‘rt yil ichida shu telefonni 30 foizini shu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Patentlangan protsessor Xitoyniki bo‘lib qolaveradi. Lekin, telefonning qolgan qismi, g‘ilofi va boshqa ehtiyot qismlari O‘zbekistonda ishlab chiqariladi, - deydi Mironov.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi smartfonlar savdosi bilan shug‘ullanadigan Toshkentdagi “Fleshka” texnomarkaziga qo‘ng‘iroq qilganimizda UZTE Grand X Quad va UZTE Grand X II telefonlari sotuvda yo‘q edi.
- Hozircha bizda bu telefonlar yo‘q. Grand X bor. Xaridorlar uchun hozir shu telefon uchun aktsiya boshlaganmiz. Agar kimdir Grand X apparatini 480 ming so‘mga sotib olsa yoniga R255 tugmali telefonni bepulga qo‘shib beryapmiz, - deydi “Fleshka” do‘koni xodimi.
Hozir O‘zbekistonda smartfonlarning beshta turi yig‘iladi. Bular UZTE Grand X Quad, UZTE Grand X II, UZTE Grand X, UZTE Grand M va R255 tugmali telefonidir.
XS
SM
MD
LG