Линклар

logo-print
2014 yil fevral-mart oylarida Rossiyada ishlab chiqarilgan arzon dorilarni MDH davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishi mumkin. Rossiyalik mutaxassislarga ko‘ra, muammo tez fursatda hal bo‘lgan taqdirda ham, ta‘minotdagi uzilish aprel oyiga borib barham topishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, Rossiya dorilari eksporti to‘xtatilishidan birinchi navbatda aholining kam ta‘minlangan qatlami zarar ko‘radi. Boisi Rossiyada ishlab chiqarilgan dori-darmonlar boshqa davlatlardan import qilinadigan dorilardan ancha arzon.

28 yanvar kuni Rossiyaning farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uyushmasi bosh direktori Viktor Dmitriyev ishlab chiqaruvchilar yanvarь oyida o‘z mahsulotlarini eksport qilishni to‘xtatganini bildirdi.

Dmitriyevga ko‘ra, eksport to‘xtatilishiga ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari GMP standarti talablariga javob bera olishini tasdiqlovchi sertifikatni ololmayotgani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarining Qozog‘iston va Ukrainadan keyin uchinchi yirik xaridori hisoblanadi. 2013 yilda Rossiya O‘zbekistonga 62 million dollarlik dori-darmon eksport qilgan.

“O‘zfarmsanoat” davlat aktsionerlik tashkilotining o‘z ismini aytmaslikni so‘ragan mutaxassisi Ozodlik bilan suhbatda "GMP standarti" nima ekanligini tushuntirdi:

- GMP jahon standarti. Buni dunyo, Yevropa, xalqaro tashkilotlar tan olgan. Shu sertifikatni olgan mahsulotning sifati “a‘lo”, deb hisoblanadi, deydi “O‘zfarmsanoat” mutaxassisi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonga faqat "GMP standarti"ga javob beradigan dorilargina import qilinadi. Bojxona xodimlari bunday sertifikatga ega bo‘lmagan dorilarni mamlakatga kiritmaydi.

Ayrim mutaxassislar Rossiyaning O‘zbekistonga dori eksportini to‘xtatgani ichki bozorga salbiy ta‘sir etishi mumkin degan fikr bildirmoqda.

Bu ta‘sir o‘zbekistonliklar xarid quvvatiga bog‘liqdir. Mutaxassislar fikricha, Rossiya dorilari eksporti to‘xtatilishidan birinchi navbatda aholining kam ta‘minlangan qatlami zarar ko‘radi. Boisi Rossiyada ishlab chiqarilgan dori-darmonlar boshqa davlatlardan import qilinadigan dorilardan ancha arzon.

Toshkentlik uy bekasi Mohira opa bemorlar Rossiyada ishlab chiqarilgan dorilarni yaxshi bilgani va arzonroq bo‘lgani uchun sotib olishlarini agar imkon bo‘lmasa, borini olishga majbur ekanini aytdi.

- Hozir qayerda ishlab chiqarilganiga qarashmaydi. Dori topilganiga hursand bo‘lib qaysi biri arzonroq va effektivniy bo‘lsa, o‘shani olishadi. Qimmat dorilarni hamma ololmaydi, deydi Mohira opa.

Lekin Toshkentdagi “Iqror” nomli apteka xodimi Dono Ismoilovaning fikricha, Rossiyadan dori importining to‘xtashi ichki bozorga jiddiy ta‘sir etmaydi, chunki hozir dorixonalarda Rossiyadan keladigan dorilarning boshqa davlatlardan keltirilgan analoglari mavjud:

- Rossiyadan dori eksportining to‘xtashi O‘zbekiston ichki bozoriga deyarli ta‘sir etmaydi. Hozir dorilarning tarkibi mukammal o‘rganilgan. Germaniya, Ukraina, O‘zbekiston va boshqa davlatlarda ko‘plab dori ishlab chiqariladi. Masalan, bitta rossiyskiy analginni boshqacha nomlar bilan nechta davlat ishlab chiqaradi. Kerak bo‘lganlar o‘shani oladi, deydi Toshkentdagi apteka xodimi.

Rossiya Federatsiyasi Bojxona xizmati ma‘lumotiga ko‘ra 2013 yilda Rossiya Qozog‘istonga 71,8 million, Ukrainaga 70 million va O‘zbekistonga 62 million dollarlik dori vositalari eksport qilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekiston farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan 130 dan ortiq korxona 1300 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarmoqda.

12uz.com axborot portaliga ko‘ra, O‘zbekiston ichki bozordagi farmatsevtika mahsulotlarning uchdan bir qismi mahalliy korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
XS
SM
MD
LG