Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:25

Shovotda favqulodda sovuqdan gaz quvuri yorildi


2 fevralga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Shovot tumanida havo harorati - 26 darajagacha pasayib, gaz quvuri ikki marta yorilib ketgani oqibatida aholi gazsiz qoldi. Tuman gaz idorasi rasmiysi Ozodlikka avariya bartaraf qilgani va hozirda aholiga gaz yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.

Shovot tuman gaz idorasi dispetcheri Rajabboy Bobojonov Ozodlik bilan suhbatda 1 fevral kuni tunda va 2 fevral kuni ertalab Bo‘ston jamoa xo‘jaligi yaqinida gaz quvuri ikki marta sovuqdan yorilib ketganini, hozirda avariya bartaraf qilinib, aholiga gaz yetkazib berish qayta tiklanganini aytdi.

- Truba yorilgan. Uni tuzatib, gaz berdik. Bugun ikki marta yorildi. Ertalab soat yettida gaz berildi. Lekin yana yorilib ketdi boshqa joydan. Keyin to‘qqizda to‘xtatilib, ta‘mirlandi va soat 12 da gaz yana berildi. Kecha kechqurun juda sovuq bo‘lgan, - 26 daraja. Truba sovuqda tortishib, yorilgan-da, - deydi Rajabboy Bobojonov.

O‘zbekiston Gidrometereologiya markazi ma‘lumotiga ko‘ra, keyingi 2-3 kun ichida Respublika shimolida havo harorati -23 -28 darajagacha pasayishi kutilayapti.

Shu bois Shovot tuman gaz idorasi rasmiysi quvur yorilib gaz ta‘minotida uzilishlar bo‘lishining oldini olish uchun ikkita navbatchi guruh tuzilganini aytdi.

- Sovuq bo‘ladi, deyishdi. Shuning uchun navbatchilik tashkil qilganmiz. Birinchi guruh ShovotGRESda navbatchilik qilyapti. Ikkinchi guruhni tuman gaz idorasida zahirada navbatchilikda saqlab turibmiz. Ular kechasi ham navbatchilik qilishadi. Svarka, hamma narsani taxt qilib, shay bo‘lib turibmiz, - deydi Shovot tuman gaz idorasi rasmiysi.

Ayni paytda, O‘zbekistondagi aksar viloyatlar aholisi qahraton sovuqda elektr va gaz berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi Mehribon opa Ozodlik bilan suhbatda elektr va gaz taqchilligi bois uylar o‘tin va tezak yoqib isitilayotganini aytdi.

- Bizda ham sovuq. Kechasi yana qor yog‘di. Gaz yo‘q, sovqotamiz, pechka yoqamiz. Daraxtlarni kesib, o‘tin qilyapmiz. Tezak yoqamiz. Uylar isitilyaptiyu, lekin sovuq. Solyarka bilan (dvijokda) chiroq yoqamiz. Svet peshinda va kechqurun to‘qqizdan keyin yarim soat-bir soat, yaxshiroq bo‘lsa, ikki soat beriladi. Ovqat pishirishga balonli gaz ishlatamiz, - deydi qarshilik uy bekasi.

2 fevral kuni Chiroqchi tumanida qor qalinligi 20 santimetrdan oshganini, ba‘zi joylarda undan ikki barobar ko‘p ekanini aytgan Mehribon opa qariyalar, kasallar va yosh bolalar sovuqda qiynalayotganini qo‘shimcha qildi.

- Gaz bo‘lsa, elektr bo‘lsa, boshqacha bo‘lardi. Hozir qiyin. Qariyalarga qiyin, kasalmand odamlarga juda qiyin, - deydi qarqadaryolik ona.

Navoiy viloyatida yashovchi Azizbek aka ham Ozodlik bilan suhbatda o‘zi yashayotgan hududda aholi asosan elektr va gaz taqchilligidan qiynalayotgani bois ko‘pchilik tushkunlik kayfiyatida ekanini aytadi.

- Kechadan beri qor yog‘ayapti. Kecha oqshom -17 gradus bo‘ldi. Yo‘llarda ham yurish xavfli. Yaxmalak bo‘lib yotibdi. Aholiga qiyinchilik tug‘dirayotgan narsa - elektr aytarli berilmayapti. Shaharning ko‘p joylariga ham berilmayapti. Keyin gaz yo‘q. Suv ham muammo. Umuman, odamlar tushkunlik kayfiyatida. Hech kimga biror narsa deya olmaydi, - deydi navoiylik Azizbek aka.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 3-5 fevral kunlari O‘zbekistonda havo harorati me‘yordan ancha past bo‘lib, Tselьsiy o‘lchovi bo‘yicha -15 -20 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG