Линклар

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Edgar Afg‘onistondagi Britaniya harbiylari o‘z texnikasining bir qismini O‘zbekiston orqali olib chiqishi mumkinligini bildirdi.

Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida elchi Jorj Edgar Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya kuchlari tarkibida xizmat qilayotgan Britaniya harbiylari mamlakat janubida joylashgani bois ularni 2014 yil oxirigacha Pokiston hududi orqali olib chiqish osonroq ekanini aytdi.

Biroq elchi Britaniya texnikasining bir qismi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Rossiyaga, so‘ngra Yevropaga transport qilinishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

Jorj Edgar Britaniya kuchlari Afg‘onistonda foydalangan 50 ta harbiy yuk mashinasi va ularga ehtiyot qismlar O‘zbekistonga berilganini qo‘shimcha qildi.

Elchiga ko‘ra, Britaniya harbiy texnikasi temir yo‘l, jumladan, O‘zbekiston temir yo‘llari orqali, askarlar esa O‘zbekiston havo hududi orqali ham vataniga qaytadi.
XS
SM
MD
LG