Линклар

Qirg‘izistonda tangrichilikni din qatori tan olinishi talab qilinmoqda


Tangrichilar "Manas" eposini o‘z kitoblari qatorida ko‘rsatmoqdalar.

Tangrichilar "Manas" eposini o‘z kitoblari qatorida ko‘rsatmoqdalar.

Qirg‘izistonda bir qator tangrichilar tangrichilikni din qatori tan olish talabi bilan prezident Almazbek Atambayevga murojaat yo‘llashdi. Murojaatda aytilishicha, Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi tangrichilikni din qatori rasman tan olishdan bosh tortib kelmoqda. Bungacha bu masala sudda ham ko‘rib chiqilgan edi.

Bishkekdagi “Manas O‘rda” jamoat tashkiloti raisi Anarbek Usupbayev 31 yanvar kuni prezidentga yo‘llangan murojaat mualliflaridan biri. Unga ko‘ra, tangrichilik din sifatida rasman tan olinmagani uchun ham mazkur tashkilot faollari odamlar orasida tangrichilik g‘oyalarini da‘vat qila olmayotgan ekan.

-Diniy ro‘yxatdan o‘tmagunimizcha diniy da‘vat qilishga haqqimiz yo‘q ekan. Har bir odam dinni o‘zi tanlaydi. Konstitutsiyada ham bunga ruxsat berilgan. Bir kishi qandaydir dinga sig‘insa, o‘sha odamning hurmati yuzasidan ham bu dinni ro‘yxatga olish kerak. Bizga faqat islom dini vakillari qarshilik qilib kelishmoqda, qolgan din vakillari qarshilik qilmayapti, -dedi Anarbek Usupbayev.

Tangrichilar prezidentga yozgan murojaatlarida Qirg‘izistonda islom dinining keng yoyilib borayotgani mamlakatning dunyoviy printsiplariga tahdid solayotgani, shuning uchun qirg‘izlar ota-bobolaridan qolgan tangrichilik diniga qaytishi zarurligi aytiladi. Murojaatga imzo chekkanlar orasida Qirg‘izistonda taniqli bo‘lgan jamoat arboblari va akademik olimlar ham bor.

Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputati Aslanbek Maliyev tangrichilik qirg‘izlarning urf-odatlari va dunyoqarashiga asoslangan din ekanini aytdi:.

-Bizning dinimiz qirg‘iz elining urf-odatlari, madaniyatiga asoslangan dindir. Shundan boshqa hech narsa yo‘q. “Boshqa dinlaring Qur‘oni, Injili yoki Tavroti bor, sizlarda nima bor?” deb so‘rashingiz mumkin. Qirg‘izlarning “Manas”, “Semetey”, “Seytek” kabi eposlari bor. Bizning dinimiz poydevori mana shu eposlardir, -dedi Aslanbek Maliyev.

Tangrichilarga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi bir yildan beri tangrichilikni din qatorida ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortib kelmoqda. Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi esa ekspertlar guruhi tangrichilikni din qatori rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishga asos yo‘q degan qarorga kelganini bildirmoqda.

-Islomda Qur‘on, nasroniylarda Injil, yahudiylarda Tavrot bor. Tangrichilarning esa tayanadigan hech narsasi yo‘q. Ular “Manas” eposiga tayanishmoqda. “Manas” diniy kitob emas. Shuning uchun tangrichilikni din sifatida rasman ro‘yxatga olishdan ikki marta bosh tortganmiz. Shundan so‘ng ular sudga ham murojaat qilishgan, -dedi Davlat din komissiyasi rasmiysi Janibek Botoyev.

Rasmiyning aytishicha, tangrichilar sud jarayonlarida ishtirok etmaganlari uchun mazkur jarayon to‘xtatilgan.

Qirg‘izistonlik manasshunos olim Temirbek Toktogaziyev qirg‘iz dostonlaridan birortasi tangrichilik uchun asos bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi.

-“Manas”ni tangrichilikning kitobi deb hisoblash mutlaqo noto‘g‘ridir. Sababi “Manas”ning istalgan variantini qo‘lga olsangiz, unda islom dinining elementlari bor. Tangri degan so‘zga kelsak, bu so‘z Xudo, Alloh Taoloning qirg‘izcha atalishidir. Tangri degan so‘zdan kelib chiqib, tangrichilikni alohida din sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘ri emas. Mana shunday voqealar ortidan “Manas” eposini musulmonlarga qarshi qo‘yishmoqda, -dedi Temirbek Toktogaziyev.
XS
SM
MD
LG