Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:02

Tojikistonlik gey: “O‘z holimcha yashashimga imkon bering!”


“Men o‘zimni qizboladay his qilyapman deb onamga aytganimda olti yoshli bola edim”. Bu tojikistonlik geyning iqrori. Uning Ozodlikka aytishicha, hozir u jamiyatda o‘z o‘rnini topolmay, qiynalib yashamoqda. 1998 yilda jinsiy ozchilik vakillarini jinoiy javobgarlikka tortishni ko‘zda tutuvchi modda Tojikiston respublikasi Jinoyat kodeksidan olib tashlaganiga qaramay, bunday shaxslar tojik jamiyatida muttasil ravishda ijtimoiy qarshilikka duch kelmoqdalar.

Komil Ozodlikning tojik xizmatiga videointervyu berar ekan, uning nomini o‘zgartirishlarini va yuzini ko‘rsatmaslikni iltimos qildi.

Tojikistonlik Komil yoshligidan qizbolalikka moyilligi haqida onasiga gapirgan. Komilning aytishicha, onasi unga bu sirni hech kimga oshkor qilmaslikni qattiq tayinlagan.

Biroq, 25 yoshga kirgan Komil yillar o‘tgan sayin unga azob berayotgan kechinmalarni aytishga qaror qildi:

“Mening ortimdan oilam azob chekyapti, mening o‘zim ham azobdaman. Men qanday jamiyatda yashayotganimni yaxshi bilaman, lekin ozgina bo‘lsa ham meni tushunishsa, yordam berishsa deb umid qilaman”, deydi Komil.



O‘tgan yillar davomida Komilning onasi uni turli yo‘llar bilan davolashga harakat qildi.

“Bizda odamlar gomoseksualizmni davolasa bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ota-onam uzoq yillar davomida meni shifokorlarga, tabiblarga va mullalarga ko‘rsatdi. Mullalar meni masjidga olib, go‘yo mening tanimdan yovuz ruhlarni quvmoqchi bo‘lishdi. Ular menga ayol jinsli jin mening tanimga o‘rnashib olgani va shuning uchun ham menga erkaklar yoqishini aytar edilar”, deydi Komil.

Dushanbe shahrida jinsiy ozchiliklar huquqlarini himoya qiluvchi Yelena Ibrohimovaning aytishicha, ota-onalar gomoseksual farzandlaridan geteroseksual nikohga kirishni qattiq talab qiladilar. Biroq, bunday nikohlarning aksariyati ajrashish bilan nihoyasiga yetadi.

Komilning ota-onasi ham uni bir qizga unashtirib qo‘ygan edi. Biroq Komil oradan ko‘p o‘tmay bu kelishuvni bekor qildi.

“Men boshqa bir kishining ham hayotini barbod qilmoqchi emasman”, dedi Komil.

Komilning bu qarori uning akalari jahlini chiqardi. Ular “oilasiga sharmandalik keltirgani” uchun ukasi bilan gaplashmay qo‘ydilar.

Ko‘pchilik kabi Komil ham yolg‘izlikdan eziladi. Yelena Ibrohimovaning aytishicha, Tojikistonda ham gomoseksuallar va lesbiyankalar jamoatlari bor, biroq ular o‘zlarining jinsiy oriyentatsiyalarini istalgan yo‘l bilan bo‘lsin, yashirishga harakat qiladilar.

Tojikistonda an‘anaviy psixologlar jinsiy ozchilik vakillarini davolash mumkinligi haqida gapiradilar. Psixolog Zarina Kenyayevaning aytishicha, agar kuchli ishtiyoq bo‘lsa geylar va lesbiyankalarni ham davolash mumkin.

Komilning ota-onasi hozir ham bir kun kelib o‘g‘lini yovuz kuchlar tark etishidan va uning “hamma qatori” bo‘lishidan umidini uzgani yo‘q. Biroq, Komil endi bu narsalarga ishonmasligini aytadi.

“Bu jamiyat meni qabul qilmasligini bilaman, biroq men kabilar ochiq yuradigan boshqa mamlakatga borib yashashga mening imkonim yo‘q. Meni o‘ldirmang, balki o‘zim bilgancha yashaydigan imkoniyat bering!”, deydi Komil.

Tojikiston 1998 yilda gomoseksualistlarni jinoiy javobgarlikka tortish moddasini Jinoyat kodeksidan olib tashlagan. Biroq, tojik jamiyatida jinsiy ozchilikni tashkil etuvchi shaxslar muttasil ravishda ijtimoiy qarshilikka duch keladilar.
XS
SM
MD
LG