Линклар

O‘zbekistonning qator shahar va tuman dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, garchi o‘rab qo‘yilgan bo‘lsada, sovuq urdi. Sotuvchilar Qarshi dehqon bozorida muzlab qolgan tarvuzlarni, Kosonsoyda esa kartoshkalarni axlatga tashlashga majbur bo‘ldilar. To‘rtinchi fevralga kelib mamlakatda havo harorati biroz ko‘tarildi. Lekin, aksar viloyatlarda maktab, bog‘cha, kollej va litseylar yopiqligicha qolmoqda.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda hukm surgan sovuq havo dehqon bozorlarida savdo qiladigan sotuvchilarning tashvishini ko‘paytirdi.

Ayniqsa, qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ochiqda savdo qiladigan dehqon va savdogarlarning hammasi ham mollarini sovuqdan asrab qololmadi.

Qarshi shahrining chetida joylashgan Yerqo‘rg‘on dehqon bozorida yuk mashinalaridagi barcha mahsulotlar muzlab qoldi, deydi qarshilik bozorchi Bahodir:

- Bu bozorga katta yuk mashinalarida har narsa olib kelishib, moshinani o‘zidan turib sotishadi. Tarvuzlar, qovunlar yaxlab qoldi, savdogarlar kuyib qoldi. Yaxshi o‘ralmagan kartoshkalar ham yaxlab qoldi. Hammasini olib chiqib tashlashdi, dedi Bahodir.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi dehqon bozori yaqinida yashaydigan Muhiddin ham o‘rab qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sovuq urib ketganini aytadi:

- Sovuq juda qattiq bo‘ldi. Bozorda endi dehqon yo‘g‘u, lekin savdogarlar kartoshkalarni kigiz, namatga o‘rab qo‘ygan ekan, baribir muzlab qopti. Kartoshka muzlagandan keyin yong‘oqqa o‘xshab qoladi ekan, qopini ko‘tarsang sharaqlaydi ekan, dedi Muhiddin.

Savdogarlarning aytishlaricha, kimki molini bozor omborxonalariga olib kirib qo‘ygan bo‘lsa, sovuqdan asrab qolgan. Tashqarida turgan mahsulotlarni esa, o‘rab qo‘yilganiga qaramay, sovuq urgan.

To‘ytepalik Narimonning aytishicha, dehqon bozoridagi savdogarlar o‘z mollarini sovuqdan asrab qololgan, biroq shu kunlarda bozorda oziq-ovqat mahsulotlari taqchillashgan:

- Qor qalin tushganidan so‘ng kechagi yakshanba kuni bozorda makaron, qand-shakar kabi mahsulotlar taqchil bo‘ldi. Chunki yo‘l yomon bo‘lgani uchun tijoratchilar O‘rikzor ulgurji bozoriga borishmabdi, dedi Narimon.

O‘tgan besh-olti kun orasida O‘zbekistonda havo harorati -28 darajagacha pasayib, mamlakat anomal sovuq iskanjasida qoldi.

Uch kun davomida tinmay yoqqan qor odamlarning tinka-madorini quritdi. Havo haroratining keskin pasayib ketishi bois aksariyat tumanlardagi kollej, litsey, maktab va bog‘chalar bir haftaga yopildi. Yo‘llar yaxlab qolgani bois yo‘llarda avtohalokatlar ko‘paygani aytiladi.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi ma‘lumotiga ko‘ra, keyingi 2-3 kun ichida Respublikada sovuq havo harorati ilib boradi. Juma kuni Toshkent shahrida kunduz kuni nolь darajaga tushishi va keyingi kunlarda ko‘tarilib borishi aytiladi.
XS
SM
MD
LG