Линклар

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi “Navbahor” stadionining direktori Amriddin Saydaliyev 28 yanvar kuni o‘z joniga qasd qildi.

O‘z uyining somonxonasida osilgan holda topilgan 46 yoshli Amriddin Saydaliyev ilgari futbolchi bo‘lgan va o‘yinlarga hakamlik ham qilgan.

Marhumni yaqin bilgan manbaga ko‘ra, o‘tgan yili Amriddin moliyaviy jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, tergov qilingan va Yangi yil arafasida amnistiya bo‘yicha javobgarlikdan ozod qilingan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha 46 yoshli Amriddin Saydaliyev 28 yanvar kuni kechqurun o‘zini osgan.

Bu haqda Ozodlikka 5 fevral kuni xabar bergan kasbilik manba xabar qildi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Amriddin Saydaliyevning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi:

- Amriddin Saydaliyev Kasbi tumanining Qoratepa qishlog‘ida yashagan. O‘zi “Navbahor” stadionining direktori bo‘lib ishlagan. 28 yanvar kuni o‘z uyining somonxonasida osilgan holda topilgan. Bu haqda militsiyaga uning yaqinlari xabar bergan, dedi ichki ishlar mulozimi.

Uning aytishicha, Amriddin Saydaliyevning o‘limi yuzasidan Kasbi tumani prokuraturasi jinoyat ishi ochgan va surishtiruv olib bormoqda.

Kasbi tumani prokuraturasidan bu haqda ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan kasbilik tadbirkorlardan birining aytishicha, “Navbahor” stadioni direktori bo‘lib ishlagan Amriddin Saydaliyev ustidan jinoyat ishi 2013 yilda ochilgan edi:

- Men Amriddin bilan bu haqda gaplashgan edim. “Kimdir meni ustimdan yozib beribdi, shunga prokuratura chaqirib, so‘roq qilaverib ezib yubordi”, degan edi u. Yangi yil arafasida ko‘rganimda esa xursand edi. “Amnistiya bo‘lib oqlanib chiqdim”, degan edi. Biz hammamiz hayron qolyapmiz, nega bunday qilganini, dedi Amriddin Saydaliyevni yaqindan bilgan tadbirkorlardan biri.

Ozodlikning Kasbidagi manbasiga ko‘ra, mahalliy aholi Amriddin Saydaliyevning o‘z joniga qasd qilishiga uning ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda:

“Amriddin Saydaliyev Kasbidagi katta stadionning egasi edi. Uning ustidan jinoyat ishi ochib, rosa so‘roq qilishdi. Prokuratura qiynoqlaridan keyin o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan, deyishyapti. Marhum yaxshi odam edi”, deb yozdi kasbilik Ozodlik manbasi.

O‘tgan yilda huquq-tartibot idoralarining, mahalliy hokimlik vakillarining bosim va tazyiqlari ortidan bir qancha fermer o‘z joniga qasd qilgan edi.

18 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Yonboshqal‘a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o‘z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topilgan edi.

Manbalarga ko‘ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

2013 yilning iyul oyi oxirida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov yig‘ilishda tuman hokimi tomonidan xo‘rlanib, kaltaklanganidan so‘ng uyiga kelib o‘zini osgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak xurujidan vafot etgan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG