Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:34

Gaz portlashi oqibatida Farg‘onada bir oilaning besh a‘zosi kuydi


Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumani G‘ishtmon fuqarolar yig‘inida yashovchi Qodirovlar uyida 2 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash oqibatida bu xonadondagilarning hammasi turli daraja kuyish bilan viloyat kasalxonasiga yotqizildi. Kuyganlar orasida ikki yashar qizaloq ham bor.

Ozodlikning Farg‘ona viloyati rasmiy idoralaridagi manbalariga ko‘ra¸ portlash 2 fevralga o‘tar kechasi tunda sodir bo‘lgan.

Portlash oqibatida 34 yashar Dilnoza Qodirova 35 foizlik kuyish bilan¸ uning to‘rt farzandi esa¸ 15-25 foizlik kuyish bilan Farg‘ona shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

Ozodlik manbalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra¸ 14 yashar Saidkamolov Xo‘jaxon¸ 10 yashar Barnoxon va 2 yashar Robiyaxonlar 15 foizlik¸ 8 yashar Saidumarxon esa¸ 20 foizlik kuyish bilan kasalxonada davolanmoqda.

Kuyganlarga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan vrachlar kuyishning tanadagi barcha a‘zolarda borligi¸ eng ko‘p va eng chuqur kuyishlar asosan qo‘lda ekanini bildirishdi.

Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik mutaxassislar¸ Qodirovlar oilasi¸ xussuan bolalar badanidagi jarohatlarning 5-10 kun ichida bitishi mumkinligi¸ ammo kuchli portlash oqibatida tug‘ilgan qattiq qo‘rqish va emotsional bosim uzoq davom etishi va oila salomatligiga jiddiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligini ta‘kidlashdi.

Portlash paytida oila boshlig‘i A‘loxon Qodirov Rossiyada mehnat muhojiratida bo‘lgan¸ ammo qishloqdoshlarining aytishicha¸ portlash xabarini olishi hamon yetib kelgan.

Portlash sababi na gaz va na elektr yo‘qligida


Viloyat rasmiy idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra¸ Qodirovlar uyidagi portlashga gaz bosimi o‘ta past bo‘lgan quvurdan gaz so‘rib oladigan qo‘lbola nasos sabab bo‘lgan.

G‘ishtmon qishloq fuqarolar yig‘ini faollaridan birining aytishicha¸ qish boshlanganidan beri bu hudud gazga ulanganiga qaramay¸ tabiiy gaz ta‘minotidan uzib qo‘yilgan. Ayniqsa¸ havo sovub ketganidan so‘ng quvurlardan gaz kelish deyarli to‘xtab qolgan va qishga o‘tin-ko‘mir g‘amlamagan xonadonlar qo‘lbola nasoslar vositasida quvurdan gaz tortib uyini isitishga o‘tgan.

“Militsiya¸ gaz va o‘t o‘chirish xizmati xodimlari uyma-uy yurib¸ aholini bunday noqonuniy gaz tortish oqibatlaridan ogohlantirgan bo‘lsa ham¸ ko‘pga kelgan to‘yga qanoat qilmagan oilalar¸ motorchik ishlatib¸ gaz tortishmoqda. Mahalla tekshiruvchilari uyma-uy yurib¸ bunday nasoslarni o‘chirtiradi¸ lekin ular chiqib ketishi bilan nasosni yana qo‘shishadi”¸ deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda g‘ishtmonlik faol.

Aytilishicha¸ to‘rt farzandi bilan yolg‘iz qishlayotgan Dilnoza Qodirova ham ana shunday nasos ishlatgan va elektr quvvati bilan ishlaydigan bu nasos¸ tunda tok kelgach¸ kuchli bosim oqibatida portlab ketgan.

Ayb nasosdami?


Mustaqillik yillarida gaz mustaqilligini e‘lon qilgan O‘zbekiston gaz qazib chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik o‘nlik safiga kiradi va postsovet hududida Rossiya va Turkmanistondan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

“O‘zbekneftgaz” shirkati rahbari Shokir Fayzullayev 2013 yil mayida qilgan bayonotga ko‘ra, mamlakat chetga sotadigan gaz hajmi 12¸5 milliard kub metrni tashkil etadi.

Gaz qazib olish ¸ shuningdek gaz eksporti hajmi oshayotgani aytilayotgan ayni paytda¸ mamlakatning aksar hududlari 2014 yilga kelib¸ tabiiy gaz ta‘minotidan uzildi.

O‘zbekistonda havo harorati tunda -20 darajadan pastroqni tashkil qilayotgan ayni kunlarda aksar aholi gaz va elektr quvvati yo‘q bir sharoitda qishdan omon chiqishga urinmoqda.

Bunday vaziyatda Qodirovlar oilasi kabi qo‘lbola nasoslar vositasida gaz tortishga majbur qolayotgan xonadonlarda yong‘in va portlash holatlari oshishi taxmin etilmoqda.

Joylardan olingan xabarlarga ko‘ra¸ tuzilgan maxsus komissiyalar uyma-uy yurib aholini bunday oqibatlardan ogohlantirmoqda.
XS
SM
MD
LG