Линклар

UCell daromadi oshgandan oshmoqda¸ xizmat sifati esa¸ aksincha


UCell tanqidchilari shved-fin shirkatining MTS sindirilganidan so‘ng o‘ziga o‘tgan millionlab mijozlarga risoladagiday xizmat ko‘rsatishga muvaffaq bo‘la olmayotganini ta‘kidlaydi.

UCell tanqidchilari shved-fin shirkatining MTS sindirilganidan so‘ng o‘ziga o‘tgan millionlab mijozlarga risoladagiday xizmat ko‘rsatishga muvaffaq bo‘la olmayotganini ta‘kidlaydi.

Aksar aktsiyalari Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera telekom shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi UCell 2013 yilda ko‘rgan sof foyda avvalgi yilga nisbatan 31,6 foizga oshib, 478,2 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Ayni paytda UCell mizojlari bunday oshish shirkat ko‘rsatayotgan xizmat sifatida ko‘rinmayotgani¸ sifatning aksincha pasayib ketayotganidan shikoyat qilmoqda.

TeliaSonera shirkatining Yevroosiyo sho‘‘balari bo‘yicha matbuot kotibi Alexandra Akkirman bilan suhbatni Ozodlik muxbiri UCell mijozlarining asosiy e‘tirozi – xizmat sifatining yomonligi¸ telefon aloqasining tez-tez o‘chib¸ Internet qamrovining cheklanganiga oid shikoyatlaridan boshladi.

- O‘tgan yil MTS O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatganidan so‘ng¸ Ucellga mijozlar yopirilib o‘ta boshladi. O‘zbekistondagi mavjud infratuzilmamiz buncha ko‘p sonli mijozga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lmagani bois¸ albatta¸ xizmat sifati va darajasiga kuchli bosim tushdi. Ammo biz bu muammoni bartafar etish uchun darhol choralar ko‘rishga kirishdik¸ deydi TeliaSonera matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston hukumati tomonidan qator jiddiy iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ litsenziyadan mahrum qilingan MTS 2012 yil yozida yopilgunga qadar mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori edi va uning 10 milliondan oshiq mijozi bor edi.

Shuncha mijoz o‘zbek telekom bozorida qolgan Beeline va Ucellga o‘tganidan so‘ng keskin pasayib ketgan aloqa sifati¸ 2014 yil fevraliga kelib ham¸ mijozlarning aytishicha¸ o‘nglanmadi.

Ucellning Toshkentdagi mijozi Bahodir gapiradi:

- Umuman yaxshilanish yo‘q. Xizmat umuman sifatli emas. 3G bor joyda Interneti ishlaydi¸ lekin 3G ham tez-tez o‘chib qoladi. Mayli biz Toshkentdamiz¸ yaxshimi-yomonmi ishlab turibdi. Ammo antennasi elektr tokiga bog‘liq joylarda¸ svet o‘chsa UCell umuman ishlamay qoladi¸ umuman aloqasiz qolasiz¸ deydi MTS sindirilganidan beri Beeline va UCell shirkatlari xizmatidan foydalanib kelayotgan Bahodir.

"Bunday shikoyatlarga qanday javob berasiz¸ 2013 yilda o‘zbek bozorida 31 foizga oshib¸ yarim milliard dollarga yetgan daromadingizning qancha foizini xizmat sifatini yaxshilash uchun shu bozorga qayta yotqizdingiz?"¸ degan Ozodlik savoliga TeliaSonera matbuot kotibi:

- 2013 yil davomida UCell texnik infratuzilmani yaxshilash uchun 300 milliard o‘zbek so‘mi (rasmiy kurs bo‘yicha 135 million AQSh dollaridan ko‘proq – tahr.) miqdorida sarmoya yotqizdi va bu jarayon 2014 yilda ham davom etadi. O‘zbekistondagi mahalliy hokimiyatlar bizning elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyoj'imizdan jaxshi xabardor va UCell bu masalada muloqotni davom ettimoqda. Ayni paytda biz stantsiyalarimiz ishini uzluksiz ta‘minlash uchun generatorlar va dizel yonilg‘isi sotib olishni ko‘paytirayapmiz¸ deydi Alexandra Akkirman.

UCell xizmat sifatining, mijozlar aytayotgan kabi yomonligiga qaramay¸ o‘z foydasini oshirganiga munosabat bildirgan o‘zbekistonlik mutaxassislar¸ buning asosiy sababi O‘zbekiston telekom bozorining bir necha shaxs nazoratidagi yopiq monopoliya bo‘lib qolayotgani va mijozda tanlash imkoni mutlaq yo‘qligida ekanini ta‘kidlamoqda.

TeliaSonera shirkati Shvetsiyada O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga 320 million dollar miqdorida pora berganlikda ayblanmoqda. Shvetsiyaning mashhur prokurori Gunnar Stetler olib borayotgan tergov jarayonining 2014 yilda mahkamaga oshirilishi kutilmoqda.

Korruptsiya janjal ichida qolgan TeliaSonera o‘z boshqaruvi tarkibida qator o‘zgarishlar qildi¸ ammo shved jurnalistlari tomonidan hozirlangan davomli hujjatli filьmlar va tergov jarayoni shirkat imijiga ziyon yetkizmay qolmadi.

O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi foydasi yarim milliardga yetganini e‘lon qilgan TeliaSonera 2013 yilda shirkatning umumiy sof foydasi 25 foizga kamayib, 2,3 milliard dollarni tashkil qilganini aytmoqda. Shirkat umumiy daromadi ham 3 foizga kamayib 4 milliard dollarga tushgan.

Mutaxassislar Yevropadagi eng yirik telekom shirkatlaridan biri hisoblangan TeliaSonera ko‘rsatkichlarining tushib ketganiga¸ aynan O‘zbekiston bilan bog‘liq korruptsion ayblovlar sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda.

TeliaSonera shirkati esa umum daromadining tushib ketganini qiyin iqtisodiy vaziyat bilan izohlamoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG