Линклар

So‘nggi haftada Rossiyada AQSh dollari qiymatining rus rubliga nisbatan oshib ketishi mehnat muhojirlari pul jo‘natmalariga salbiy ta‘sir qildi. Rossiya rublida olgan maoshini dollarga aylantirib uyiga jo‘natayotgan muhojirlar har ming dollardan qariyb 50-70 dollardan zarar ko‘rmoqda. Kuzatuvchilarning aytishlaricha, agar O‘zbekistonga mehnat muhojirlari yuborayotgan valyuta miqdori kamaysa, mamlakat ichki “qora bozor”ida ham dollarning so‘mga nisbatan qiymati yana oshishi mumkin.

So‘nggi kunlarda Rossiyada AQSh dollari qiymatining Rossiya rubliga nisbatan surunkali oshib borishi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ham tashvishga solib qo‘ydi.

5 fevral kuni Moskva shahri birjalarida dollar o‘rtacha 35,45 rubldan sotildi.

AQSh dollari kursining birdaniga ko‘tarilishi rublda maosh olib ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari pul jo‘natmalariga sezilarli ta‘sir qila boshladi.

Moskva shahridagi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Abror uyiga avvalgidan ancha kam pul jo‘natganini aytadi:

- Agar men 25 ming rubl oylik oladigan bo‘lsam, shuning 20 mingini uyga jo‘natardim. Bu protsentlari bilan 600 dollar bo‘lardi. Endi esa 20 ming 560 dollar bo‘lyapti. 40 dollar yutqazyapman. Dollar qancha oshsa, bizga shuncha minus bo‘ladi-da, deydi Abror.

Rossiyaning Novosibirsk shahrida oshpaz bo‘lib ishlayotgan Nodiraning aytishicha, ularda bir dollar 36 rublga chiqib ketgan:

- Bizda 100 dollar 3600 rubl bo‘ldi. Ilgari 100 dollar 33 yarim ming rubl bo‘lgan bo‘lsa, endi ming dollardan 2,5 ming rubl ziyon bo‘lyapti. Bu 70 dollar yutqazyapmiz degani, dedi Nodira.

Mehnat muhojirlarining aytishlaricha, endi ular yo oziq-ovqatidan qisib uyga ko‘proq pul jo‘natishlari yoki jo‘natmalar miqdorini kamaytirishlari kerak.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy fikricha, agar Rossiyadagi mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga pul jo‘natmalari kamayib ketsa, bu mamlakat “qora bozor”ida dollarning oshishiga olib keladi:

- Mana o‘tgan yilda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyadan 6 milliard dollardan ortiq pul jo‘natgan. Umumiy xomcho‘t qilsak, agar rublning kursi shu darajada turadigan bo‘lsa, olti milliardning olti foizi 360 million dollar bo‘ladi. Bu albatta, O‘zbekistondagi “qora bozor”ga ta‘sir qiladi va dollarning kursi yanada ko‘tarilishi kutiladi. Chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini hozir mehnat muhojirlari yuborayotgan valyuta ushlab turibdi, dedi Mirkomil Toshkandiy.

Rossiya Markaziy Banki bergan ma‘lumotga ko‘ra, payshanba kuni kechga borib 1 AQSh dollari qiymati 23 kopeykaga arzonlab, 34, 72 rublga tushgan.

Sochidagi Qishki Olimpiada o‘tib bo‘lganidan so‘ng, Rossiyada AQSh dollari kursining yana ko‘tarilishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG