Линклар

6 fevral kuni Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi Ravonak qishlog‘ida yashovchi yosh er-xotin va ularning ikki go‘dagi maishiy gaz ballonidan gaz sizib chiqqani oqibatida zaharlanib o‘ldi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, nobud bo‘lgan ayol uchinchi farzandiga xomilador ham bo‘lgan. Voqea yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.

Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi Ravonak qishlog‘ida bir oilaning to‘rt a‘zosi gazdan zaharlanib o‘lganini Ozodlikning Samarqanddagi manbasi xabar qildi.

Samarqand tumani Ichki ishlar boshqarmasining o‘z ismini aytmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda uch kun oldin tumanda to‘rt kishi gazdan o‘lganini tasdiqladi.

- Uch kun burun bo‘lgan bu ish. Biz bor ma‘lumotni Ichki ishlar boshqarmasiga berganmiz, - dedi Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, uch kun oldin Samarqand tumanidagi Ravonak qishlog‘ida 1981 yilda tug‘ilgan (qurbonning ismi hozircha Ozodlikka ma‘lum emas) avtomexanik yigit, uning xomilador xotini va ikki yosh farzandi ballondan gaz sizib chiqqani oqibatida tunda zaharlanib o‘lgan.

Manbaga ko‘ra, gaz balloni Xitoyda emas, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan sifatli ballon bo‘lgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimiga ko‘ra, 6 fevral kuni voqea joyiga prokuratura xodimlari yetib borgan va tekshiruv boshlangan.

- Voqeadan prokuratura xodimlari ham xabardor, - dedi militsiya xodimi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda havo harorati – 20 darajadan pasayib ketgani oqibatida quvurlarda gaz bosimi tushib ketgan.

Surunkali elektr taqchilligi va gaz bosimi pasaygani natijasida aholi uy isitish va ovqat pishirishning turli muqobil yo‘llari, jumladan gaz nasoslaridan foydalanmoqda.

O‘z navbatida bunday muqobil vositalar ham ko‘ngilsiz voqealarga sabab bo‘lmoqda.

Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumani G‘ishtmon fuqarolar yig‘inida yashovchi Qodirovlar uyida 2 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash oqibatida xonadonda yashovchi besh kishining hammasi turli daraja kuyish bilan viloyat kasalxonasiga ëtqizildi. Kuyganlar orasida ikki yashar qizaloq ham bo‘lgan.

Viloyat rasmiy idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra¸ Qodirovlar uyidagi portlashga gaz bosimi o‘ta past bo‘lgan quvurdan gaz so‘rib oladigan qo‘lbola nasosdan foydalanilgani sabab bo‘lgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, bu kabi fojialar qaytarilishining oldini olish maqsadida maxsus tuzilgan komissiyalar uyma-uy yurib, aholini bunday oqibatlardan ogohlantirmoqda.
XS
SM
MD
LG